Yurt taqdiriga daxldorlik oshmoqda

Yurt taqdiriga daxldorlik oshmoqda

Mamlakatimizda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan ishlab chiqilgan 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi doirasida xalq manfaatlariga qaratilgan keng qamrovli islohotlar amalga oshirilmoqda.

Ayni paytda mazkur islohotlarning mazmun-mohiyatini xalqimizga yetkazish, aholi kayfiyatini ko‘tarish maqsadida yurtimiz bo‘ylab aholi va ayniqsa, yoshlar ishtirokida “Yangi O‘zbekiston – yangicha dunyoqarash” g‘oyasi ostida targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilyapti. Mazkur tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning ahamiyatini keng jamoatchilikka “mahallabay” yetkazish, joylarda o‘tkazilayotgan targ‘ibot tadbirlarida aholining barcha qatlamlarini to‘la qamrab olish hamda pandemiya sharoitida insonlarni ruhiy toliqishini yengillashtirishdan iborat.

Ana shunday ma’naviy-ma’rifiy uchrashuvlardan biri poytaxtimizning Shayxontohur tumanidagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tasarrufidagi Noshirlik-matbaa faoliyati sohasida mutaxassislarni tayyorlash kollejida ham o‘tkazildi. Shayxontohur tuman hokimligi hamda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi hamkorligida o‘tkazilgan tadbirda tumandagi “Hadra” mahallasining faol a’zolari, taniqli shoir va san’atkorlar, mahalla yoshlari, nuroniylar, ijtimoiy himoyaga muhtoj oila vakillari ishtirok etdi.

Ko‘tarinki tadbirni O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi o‘qituvchisi, falsafa fanlari professori Matluba Qahharova kirish so‘zi bilan ochib, mazkur tadbirning bosh mohiyatini yig‘ilganlarga yetkazdi.

– Ayni paytda mahallamizda 6 ming 600 nafardan ziyod aholi istiqomat qiladi, – deydi “Hadra” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Zafarjon Muhammadjonov. – Ularning 1 ming 500 tasini 18 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar tashkil etadi. Ijtimoiy himoyaga muhtoj 21 ta oila “temir daftar”ga kiritilib, ularga moddiy yordam berib borilmoqda.

Quvonarlisi, mahallada yoshlarni madaniyat, san’at, jismoniy tarbiya va sportga keng jalb qilish, ularning axborot texnologiyalaridan foydalanish ko‘nikmalarini shakllantirish, kitobxonlikni targ‘ib qilish, xotin-qizlar bandligini oshirishga qaratilgan 5 ta muhim tashabbus hayotga samarali tatbiq etilmoqda. “Hadra” mahallasi profilaktika inspektori Ilhom Aminovning aytishicha, voyaga yetmaganlar o‘rtasida yil davomida jinoyatchilik sodir etilmagani quvonarli holdir. Bu ham mahallada ishlar tizimli amalga oshirilayotganidan darak beradi.

– Umr yo‘ldoshim va o‘zim ham nafaqadaman, – deydi mahalla fuqarosi Nuriya Xonzafarova. – O‘g‘lim 1-guruh nogironi edi. Bir necha yil oldin vafot etdi. Bundan tashqari, umr yo‘ldoshim ham nogiron. Pandemiya vaqtida oilamizda moddiy yetishmovchilik bo‘ldi. Ammo mahallamiz faollari, raisi imkon qadar moddiy ko‘mak berishganidan xursandman.

Tadbir davomida so‘nggi yillarda yurtimizda olib borilayotgan islohotlar aks etgan videorolik, “Tantana” bolalar guruhi, iste’dodli yoshlarning she’riy va musiqiy chiqishlari, san’at ustalarining kishiga zavq bag‘ishlovchi namoyishi yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi. Tadbir qatnashchilari o‘rtasida qiziqarli viktorina o‘tkazilib, g‘oliblar kitoblar bilan taqdirlandi.

– “Yangi O‘zbekiston – yangicha dunyoqarash” g‘oyasi ostida o‘tgan tadbirda “Hadra” mahallasida istiqomat qiluvchi, “temir daftar”ga kiritilgan moddiy yordam va ko‘makka muhtoj oilalarni qo‘llab-quvvatlash ham bosh maqsadimiz sanaladi, – deydi Shayxontohur tuman hokimi o‘rinbosari, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi boshlig‘i Ziyoda Tohirova. – Mazkur tadbir orqali fuqarolarimiz bugungi islohotlarga befarq bo‘lmay, videolavhalar, ma’ruzachilarning chiqishlari orqali o‘zlariga kerakli bo‘lgan ma’naviy ozuqani olib, yurtga daxldorlik tuyg‘ularini shakllantirishdi deb o‘ylayman. Tadbirda ishtirok etgan barcha aholiga o‘z minnatdorligimni bildirib o‘taman.

Tadbir yakunida pandemiya davrida o‘zining matonati, oilaviy birdamligi va o‘zaro mehr-oqibati bilan yurtdoshlarimizga namuna bo‘lib, og‘ir sharoitda mahallaning jamoatchilik ishlarida faol ishtirok etgan bir guruh mahalla faollari mutasaddilarning qimmatbaho sovg‘alari va tashakkurnomalari bilan taqdirlandi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati


Print   Email