Yosh olimning muhim tadqiqoti

Yosh olimning muhim tadqiqoti

Jahonda sodir bo‘layotgan voqealar orasida millatchilik, diniy ekstremizm va terrorizm, etnik nizolar kabi o‘z yechimini kutayotgan muammolar mavjud. Ushbu muammolarning yechimini topishda islom dini doirasida paydo bo‘lgan turli yo‘nalish va mazhablarning o‘zaro muloqotini yo‘lga qo‘yish millatlararo tinchlikni ta’minlashda dolzarb sanaladi. Islomdagi yo‘nalishlardan biri bo‘lgan shialikning kelib chiqishi, shakllanishi, o‘ziga xos xususiyatlari hamda shialar joylashgan hududlarda mahalliy sunniy aholi bilan uzoq yillar davomidagi hayot tarzining namoyon etilishi hozirgi kunda sunniy va shia jamoalari o‘rtasidagi tushunmovchiliklarni bartaraf etish uchun muhim ahamiyatga ega.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi yosh tadqiqotchisi Shuxrat To‘xtiyevning “Markaziy Osiyoda shia jamoalarining shakllanishi va o‘ziga xos xususiyatlari” mavzusidagi 24.00.01 – Islom tarixi va manbashunosligi ixtisosligidan tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olishga taqdim etilayotgan dissertatsiyasi himoyasi ham o‘zbek ilm-fani rivoji uchun muhim qadam bo‘ldi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi huzuridagi fan doktori ilmiy darajalar beruvchi DSc. 35/30.12.2019.Isl/Tar/F.57.01 raqamli kengashining BIMM va ZOOM platformalari orqali onlayn tarzda o‘tkazilgan navbatdagi majlisida tadqiqotchining mavzu bo‘yicha olib borilgan ilmiy tadqiqot ishining dolzarbligi, yangiligi, amaliy va nazariy ahamiyati kabi muhim jihatlari Ilmiy kengash va olimlar tomonidan chuqur o‘rganildi.

Anjumanda Markaziy Osiyodagi shia jamoalarining shakllanishi va o‘ziga xos xususiyatlarini ochib berish tadqiqotning asosiy maqsadi ekanligini yosh olim ta’kidlab o‘tdi. Shuxrat To‘xtiyev o‘z so‘zida davom etib,  dissertatsiya islom dini doirasida shialik yo‘nalishining kelib chiqishi va xususiyatlarini aniqlash, shialik yo‘nalishidagi diniy qarashlarning xilma-xil talqin qilinishi natijasida turli oqim va firqalarning paydo bo‘lish sabablarini asoslash, o‘rta asrlarga kelib, shialik oqimlari va firqalari vakillarining Xuroson va Movarounnahr hududlariga kirib kelishi va ularning g‘oyalarining mahalliy xalqlarga qay tarzda ta’sir etganligini baholash kabi vazifalarni o‘z ichiga olgani haqida so‘z yuritdi.

Dissertatsiya “Islom tarixining ilk davrida shialik yo‘nalishi va shialarning musulmon olamidagi o‘rni”, “XVI-XX asrlarda Markaziy Osiyo shia jamoalarining shakllanishi” hamda “Markaziy Osiyo shia jamoalari hayotidan: etnologik, madaniy va diniy ta’riflar” kabi boblarga ajratilgan.

Muhokamalar davomida ilmiy rahbar, rasmiy opponentlar tadqiqot ishining yutuq-kamchiliklarini atroflicha muhokama qilishdi. Ilmiy himoya davomida yosh izlanuvchi tadqiqotning amaliy ahamiyatini qayd etarkan, mazkur dissertatsiya turli etnik guruhlar va diniy jamoalar istiqomat qiladigan davlatlar ichki siyosatini barqarorlashtirishda asos bo‘lib, oliy o‘quv yurtlarida “Dinshunoslik”, “Islomshunoslik”, “Islom va hozirgi zamon”, “Islom tarixi”, “Etnografiya”, “Madaniyatshunoslik”, “O‘zbekiston tarixi”, “Manbashunoslik” va “Tarixshunoslik” kabi asosiy va maxsus kurslarni o‘qitishda foydalanishda qo‘l kelishini ta’kidladi.

Anjuman davomida tadqiqot ishi chuqur ilmiy darajada o‘rganilgani olimlar, soha mutaxassislari tomonidan e’tirof etildi. Yakunda ixtisoslik yo‘nalishi bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasiga munosib ekani bir ovozdan ma’qullandi. Yig‘ilganlar olimning kelgusi ilmiy faoliyatiga muvaffaqiyat tilashdi.

 

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati


Print   Email