Yosh olimlar safi kengaymoqda

Yosh olimlar safi kengaymoqda

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi huzuridagi fan doktori ilmiy darajalar beruvchi DSc. 35/30.12.2019.Isl/Tar/F.57.01 raqamli kengash majlisida mazkur mavzuga qaratilgan dissertatsiya himoyasi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi tadqiqotchisi Komiljon Shermuxamedovning “XX-XXI asr boshlarida Misr ijtimoiy-siyosiy hayotida “Musulmon birodarlar” uyushmasining faoliyati” mavzusidagi 07.00.04 – Dinshunoslik ixtisosligidan tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olishga taqdim etilgan dissertatsiya himoyasi muhokama etildi.

Tadqiqot ishi dolzarb mavzuda bo‘lib, turli oqim va toifalarni o‘rganishda yangicha ilmiy yondashuv va tadqiqotlarga asos bo‘lishi, oqim vakillari bilan ishlashda ilmiy-nazariy jihatlarni takomillashtirish, yoshlar qalbini jaholat, yot g‘oyalardan himoya qilish borasidagi bilim va ko‘nikmalarini kuchaytirishda samarali ta’sir etadi.

Dissertatsiya “Musulmon birodarlar” uyushmasi faoliyatini o‘rganishning ilmiy-nazariy asoslari”, “Misrdagi diniy-siyosiy tashkilotlarning tadrijiy bosqichlari” hamda “Misr Arab Respublikasi va O‘zbekistonda ekstremizm hamda terrorizm tahdidiga qarshi kurashish yo‘llari” kabi boblardan iborat.

Yosh tadqiqotchi Komiljon Shermuxamedov ilmiy ishi haqida yig‘ilganlarga ma’lumot berarkan, tadqiqotning amaliy ahamiyati dissertatsiyada bayon etilgan mulohazalar, tahliliy natijalar va konseptual xulosalar asosida O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida o‘qitiladigan “Din niqobidagi tahdidlarga qarshi immunitetni shakllantirish asoslari”, “Islom va hozirgi zamon”, “Axborot iste’moli madaniyati” kabi ijtimoiy-gumanitar fanlar bo‘yicha darslik, o‘quv qo‘llanma, ma’ruza matnlari tayyorlashda, shuningdek, mutaassib shaxslar bilan ishlashda tavsiyaviy qo‘llanma bo‘la olishi bilan asoslanishini ta’kidladi.

Qizg‘in bahs-munozaralar ostida o‘tgan dissertatsiya himoyasida so‘zga chiqqan ekspertlar yosh olim tadqiqot ishini chuqur ilmiy darajada o‘rganganini qayd etishdi. Aniq faktlarga tayanilgan ma’lumotlar mavzu ko‘lamini yanada ochib bergani qayd etildi. Yakunda Komiljon Shermuxamedov Dinshunoslik ixtisosligi yo‘nalishi bo‘yicha tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasiga munosib ekani bir ovozdan ma’qullandi.

 

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati


Print   Email