Vatanparvar avlodni qanday tarbiyalaymiz?

Vatanparvar avlodni qanday tarbiyalaymiz?

Mulohaza

Hozirgi kunda haqiqiy ma’nodagi vatanparvar avlodni tarbiyalash dolzarb masalalardan biri. Binobarin, mamlakatimiz taraqqiyotini, xalqimizni yanada jipslashtirgan uchinchi Renessansni el-yurtimizni yurakdan sevgan, uning taqdirini o‘z taqdiri deb bilgan fidoyi insonlargina ta’minlay oladi. 

Aslida, Vatanga yuksak muhabbat — ajdodlarimizdan bizga meros tuyg‘u. Afsonalarga aylanib ketgan Shiroq, To‘maris, Spitamen kabi shaxslar yurtimizni himoya qilish, uni dushmandan ko‘z qorachig‘idek asrash uchun bor kuch va imkoniyatini safarbar etgan, bu yo‘lda moli-yu jonini, sha’nini, hayoti va oilasini ham ayamagan. Shu bois bunday insonlarning buyuk xizmatlari tarix zarvaraqlarida o‘chmas iz qoldirgan.

Keyinchalik, mo‘g‘ullar bosqini davrida Jaloliddin Manguberdi, Temur Malik kabi xalq qahramonlari Vatan himoyasiga otlanib, o‘zlaridan bir necha barobar katta qo‘shinga qarshi mardonavor jang qilgan, mislsiz jasorat ko‘rsatgan. Nafaqat sarkardalar, balki Najmiddin Kubrodek o‘z davrining din peshvolari, tariqat shayxlari dushmanga qarshi chiqib, xalqning ham mamlakat himoyasiga safarbar bo‘lishida katta hissa qo‘shgan. Hatto Chingizxon Najmiddin Kubroning yoshi ulug‘ligi, el ichidagi hurmati, yetuk shayxligini inobatga olib, unga zarar yetkazmaslikni taklif qilsa-da, u zot rozi bo‘lmagan va “Yo Vatan, yo sharafli o‘lim!” shiorini baland tutib, dushman qo‘shini bilan so‘nggi qoni qolguncha kurashgan. Bu jonfidoliklar besamar ketmay, kelgusi avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etgan. 

Dinimizda vatanparvarlik oliy qadriyat sifatida qaraladi. Jumladan, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vassallam: “Qasamki, Sen (Makka) Alloh taoloning eng yaxshi yerisan va Alloh taoloning zaminida Allohga eng sevimlisisan. Sening ahling meni siqib chiqarmaganida, aslo chiqib ketmas edim”, dedilar” (Imom Termiziy rivoyati).

Hadisi sharifda bayon qilinganidek, Vatan Alloh taolo tomonidan insoniyatga berilgan ulkan ne’mat, ilohiy muhabbat tuyg‘usidir. Uning qadrini biror moddiy boylik bilan o‘lchab bo‘lmaydi. El-yurt taraqqiyoti va ravnaqi, himoyasi yo‘lida nafaqat molu davlat, balki jonlar ham fido qilinadi.

Vatanga muhabbat Alloh taolo tomonidan insoniyat fitratiga solib qo‘yilgandir. Shu ma’noda inson o‘z tug‘ilgan go‘shasini sevishi, uni obod etishi hamda ko‘z-qorachig‘idek asrashi, himoya qilishi ham muqaddas va sharafli burchdir.

Islom ilmlarining peshvosi va yirik imomi Ibrohim Adham o‘z ibodatlarini tartibga solishda nafsi bilan kurashgani, biroq nafsining Vatanga talpinishiga chora topa olmaganini ta’kidlaydi. U Makkada istiqomat qilib yurgan kezlarida o‘zi tug‘ilib o‘sgan Bag‘dodga qaytishdan o‘zga iloj topa olmaganini tan olib: “Vatandan ajralishdan ko‘ra biror narsani tark qilishga qiynalmaganman”, deydi.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vassallamga ilk bor vahiy nozil bo‘lgan kezlari Xadicha onamiz bu hodisadan ajablanib, xavotirlanib, ularni zamonasining olim kishisi Varaqa ibn Navfal oldiga olib boradi. Shunda Varaqa ibn Navfal bu muborak zotga payg‘ambarlik missiyasi kelganligini, mazkur yo‘l anchayin mashaqqatli bo‘lishini, xatto odamlar u kishini Makkadan chiqarib yuborishlari mumkinligini ham aytadi. Shunda Payg‘ambarimiz alayhissalom “Ular meni Makkadan chiqarib yuboradilarmi?” deya qattiq iztirob chekadilar. Ushbu misoldan ham Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vassallam o‘z Vatani — Makka shahriga naqadar muhabbatli ekanliklarini ko‘rishimiz mumkin.

Xalqimizda “Vatanni sevmoq imondandir”, degan naql bor. Ushbu hikmat mazmunidan har bir insonning o‘z tug‘ilgan yurtini sevishi, uni ardoqlashi yuksak maqomga ega ekanligini anglash mumkin.

Butun musulmon olamini ilmu ma’rifati bilan munavvar etgan Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Abu Lays Samarqandiy, Burhoniddin Marg‘inoniy, Abul Mu’in Nasafiy, Qaffol Shoshiy kabi buyuk ajdodlarimiz ham Vatanga bo‘lgan kuchli muhabbatlari tufayli o‘zlarining taxalluslarini kindik qoni to‘kilgan yurt nomi bilan bog‘laganlari ham ana shunday e’tirof va e’tiborning o‘ziga xos hayotiy ifodasidir.

Xo‘sh, hozirgi kunda ana shunday an’analarni davom ettirish, xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimizni vatanparvarlik hamda milliy qadriyatlarga sadoqat ruhida tarbiyalash uchun nima qilmoq kerak? Bu ezgu va mas’uliyatli ishda quyidagi jihatlarga alohida e’tibor qaratish muhim, deb hisoblaymiz.

Birinchidan, yoshlar — jamiyat ertasi.  Shu bois kelajagimiz vorislarini Vatanga sadoqatli qilib tarbiyalashga har bir inson o‘zini mas’ul deb hisoblashi kerak. “Bir bolaga yetti mahalla — ota-ona” degan elimizning azaliy naqli chin ma’noda hayotga ko‘chishi shart.

Ikkinchidan, oiladagi muhit farzandlar tarbiyasida hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Inchunin, har bir xonadonda mamlakat sha’ni, g‘ururini anglatuvchi timsollar, Davlat ramzlari, milliy boyliklarimiz vositasida shunday bir muhit yaratilishi zarurki, ularni ko‘rib, his qilib ulg‘aygan avlod shu yurt farzandi ekanidan faxrlansin. Uning bir bo‘lagi ekanidan iftixor tuysin.

Uchinchidan, yoshlarda kitobxonlik ko‘nikmalarini shakllantirish lozim. Chunki adabiyot o‘quvchiga hayotni o‘rgatib qolmay, uning qalbida vatanparvarlik, yurtsevarlik, milliy g‘urur, adolat, sadoqat, xalqparvarlik tuyg‘ularini tarbiyalaydi. Buning uchun, avvalo, har bir oilaga kishiga ziyo ulashuvchi gazeta-jurnallar kirib borishi maqsadga muvofiq. Oila kutubxonasining tashkil etilishi bolani kitobga qiziqtirishda eng yaxshi yo‘ldir.

To‘rtinchidan, oila davrasida, ta’lim muassasalaridagi ma’naviyat soatlarida ajdodlarimiz, xususan, yurtimizdan yetishib chiqqan mutafakkir allomalarimizning bebaho va boy ilmiy-ma’naviy merosi bilan yoshlarni tanishtirish, jahon sivilizatsiya tarixida o‘chmas iz qoldirgan sermahsul ilm ummonidan yosh avlodni bahramand etish orqali yoshlarni dunyoqarashini kengaytirishda, ma’naviy yetuk barkamol inson qilib tarbiyalashdagi muhim vositadir.

Beshinchidan,  yoshlarni ilm-ma’rifatli qilib voyaga yetkazish bilan birga, biror kas-hunarga o‘rgatish, farzandlarimizni vatanni, shu elni koriga yaraydigan, jamiyatga foydasi tegadigan, uning taraqqiyotiga o‘z hissasini qo‘shadigan inson qilib tarbiyalash bugungi kunning asosiy talabidir. Zero, jahon sivilizatsiyasiga ulkan hissa qo‘shgan buyuk ajdodlarimiz, xususan, Qaffoli Shoshiydek ulug‘ allomalarimiz nafaqat ilmda peshqadam bo‘lishgan, balki, o‘z zamonasining mohir hunarmandlari ham bo‘lishgan. Qulfsozlikda Qaffol Shoshiyga yetadigan usta hunarmand bo‘lmaganligini alohida ta’kidlash lozim. Yoshlarimizni vatanparvarlik hamda milliy qadriyatlarga sadoqat ruhida tarbiyalashda aynan ajdodlarimizning hayot yo‘llari va tajribasidan foydalanish natijaviy samaradorlikning eng maqbul desak, aslo mubolag‘a bo‘lmaydi.

Oltinchidan, bugungi kunda rivojlangan mamlakatlar qatoridan joy olishning birdan-bir yo‘li zamonaviy ilmlarni egallash jarayonida yoshlarimizning peshqadam bo‘lishidir. Shu bois navqiron avlod vakillarini mamlakatimizda ilm olish uchun yaratib berilgan shart-sharoitlar va keng imkoniyatlardan to‘laqonli foydalanishga undashimiz ko‘zlagan maqsadlarimizga xizmat qiladi.

Muxtasar aytganda, har tomonlama bilimli, hur fikrli, ma’naviyati boy avlod Vatanni ko‘z qorachig‘idek asraydi, uning istiqboli uchun borini baxsh etadi.

 

Ixtiyor ABDURAHMONOV,

Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi

bosh ilmiy xodimi.

(Maqola "Xalq so‘zi" gazetasining 27-may sonida ham chop etildi)


Print   Email