Uchinchi renessans — taraqqiyotga ko‘prik

Uchinchi renessans — taraqqiyotga ko‘prik

“Sen — qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim!”

Davlatimiz rahbari O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 29 yilligi munosabati bilan tabrik nutqida taraqqiyotning maqsadi Uchinchi Renessans bo‘lishi lozimligini ta’kidladi. Darhaqiqat, mazkur strategik g‘oya o‘zining ulug‘vorligi bilan milliy yuksalishga xizmat qiladi.

Uchinchi Renessans g‘oyasini, avvalo, jamiyat chuqur anglashi kerak. Har bir sohada qilinadigan ishlar, reja, istiqbol dasturlari, ta’lim-tarbiya va kadrlar siyosati, investitsion siyosatga daxldor bo‘ladi.

“Renessans” iborasi fransuz tilidagi “renaetre” so‘zidan olingan bo‘lib, “qayta yuzaga kelmoq”, “yangidan tug‘ilmoq” ma’nolarini anglatadi. Atama sifatida uning mazmuni ancha keng: madaniyat, ilm-fan, san’at, ta’lim-tarbiya, jamiyat hayotida uzoq muddatli turg‘unlikdan keyin qayta jonlanib, tez rivojlanishni, ijtimoiy ong va qadriyatlar tizimi yangi sifat bosqichiga chiqishini bildiradi. Atama ilk bor Yevropada o‘rta asrlar mutaassibligidan keyin XV-XVI asrlardagi rivojlanish davriga nisbatan qo‘llanilgan. Mazkur ijtimoiy hodisa — Renessans o‘zbek tiliga Uyg‘onish davri deb tarjima qilingan.

Avstriyalik atoqli sharqshunos Adam Mesning 1909 yilda “Musulmon Renessansi” nomli fundamental asari chop etilgan. Shundan so‘ng Renessans faqat Yevropaga oid hodisa emasligi, uni Sharq xalqlari yevropaliklarga nisbatan avvalroq boshdan kechirgani to‘g‘risidagi qarashlar va tadqiqotlar paydo bo‘la boshladi. Rossiyalik buyuk sharqshunos olim Nikolay Konrad Renessans VII-VIII asrlarda Xitoyda boshlanib, VIII asrda Hindistonda davom etgani, undan IX-XII asrlarda islom mamlakatlari estafetani qabul qilgani, mo‘g‘ul istilosi tufayli ancha pasayib qolgan yuksalish Amir Temur va temuriylar davrida yana qayta rivojlanganini ta’kidlaydi. U O‘rta Sharq Uyg‘onish davrini Alisher Navoiy zamonasigacha borishini aytgan bo‘lsa, Javoharlal Neru Boburni ham Renessansning tipik vakili, deb baholaydi.

XVI asrning 30-40 yillarida hozirgi O‘zbekiston hududida an’anaviy jamiyat uzil-kesil qaror topdi. Ilmiy, badiiy izlanishlarga ijtimoiy ehtiyoj pasayib ketdi. O‘tmish yutuqlari oldida qulluq qilish, ularni ideallashtirish, takrorlashga urinish, yangiliklarga salbiy munosabat shakllandi. Asta-sekin chuqur turg‘unlik va inqiroz boshlandi. Ular noxush ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy, diniy-mafkuraviy, regional nizolar va ayirmachilik kabi sabablar bilan qo‘shilib qoloq bo‘lib qolishga, XIX asr ikkinchi yarmida milliy mustaqillikni yo‘qotishga olib keldi.

O‘tmishdan birinchi bo‘lib teran tarixiy xulosa chiqargan jadidchilar edi. Ular taklif qilgan islohotlar millatni qayta uyg‘otish, taraqqiyot tomon burishni ko‘zladi. Ammo mustabid hokimiyat jadidlar harakatini avj olishiga yo‘l qo‘ymadi.

Mustaqillikka erishgandan keyin dastlab chorak asr davomida milliy tiklanish bilan shug‘ullanishga to‘g‘ri keldi. Milliy tiklanishdan milliy yuksalish tamoyiliga o‘tilganidan so‘ng uchinchi Renessansga erishishni davlat rahbari strategik vazifa etib qo‘ydi. Tarixan o‘zbek xalqi ikki Renessansni boshdan kechirdi: birinchisi IX-XII asrlar, ikkinchisi XIV asr oxirgi choragi XVI asr birinchi choragi. Birinchi Renessansda Farg‘oniy, Xorazmiy, Farobiy, Beruniy, Ibn Sino, Yusuf Xos Hojib, Mahmud Qoshg‘ariy, Mahmud Zamaxshariy kabi buyuk daholar, muhaddislardan — Imom Buxoriy, Termiziy, mutakallimlardan — Moturidiy va Abul Muin Nasafiy hamda boshqa atoqli allomalar ilm nuri olamni yoritdi.

Ikkinchi Renessansda — Mirzo Ulug‘bek, Gʻiyosiddin Jamshid Koshiy, Qozizoda Rumiy, Ali Qushchi, Lutfiy, Jomiy, Navoiy, Behzod, me’mor, bastakor, musavvir, tarixchilar chiqib, bugun ham dunyoni lol qoldirayotgan asarlar yaratdi.

Har ikki uyg‘onish davrida o‘zbek xalqi mutafakkirlari mamlakatni dunyoning ilg‘or, mutaraqqiy xalqlari qatoriga olib chiqdi. Yana shunday darajaga erishish uchun, Uchinchi Renessansni amalga oshirish darkor.

O‘zbekistonda mustaqillikning ilk yillarida “O‘zbekiston — kelajagi buyuk davlat” shiori olg‘a surildi. U amalda milliy g‘oya vazifasini o‘tadi va xalqni birlashtirishda, safarbar etishda katta rol o‘ynadi. Keyinchalik milliy g‘oya shaklan takomillashtirilganda “Ozod va obod Vatan, erkin va farovon hayot” iborasi olg‘a surildi. Endilikda esa faqat Uchinchi Renessansni amalga oshirib, ozod va obod Vatanda erkin va farovon hayotni barpo etish yoki Uchinchi Renessansga erishishni milliy g‘oyaning yangi ifodasi sifatida e’lon qilish maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Uchinchi Renessans g‘oyasi istiqbolga erishishda juda mos keladi. Mazkur g‘oyaning safarbarlik kuchi, mafkuraviy salohiyati juda yuqori. Ayni vaqtda tarixning shonli sahifalari, ajdodlarning bunyodkorlik va ijodkorlik salohiyati bilan bog‘lanadi. Yangi Renessans yo‘lida xalq vaqtinchalik masalalarga, guruhbozlik, mahalliychilik, ayirmachilik, mafkuraviy mutaassiblikning har xil ko‘rinishlariga chalg‘imasligi kerak. Tarix saboqlarini unutishga hech kimning haqqi yo‘q. Zero, Uchinchi Renessans — milliy ruhiyatga, xalqning armon-orzusiga yaqin. Zotan, xalq ilgari oqqan daryosi yana oqishini istaydi.

Uchinchi Renessans davri degan bilan u sodir bo‘lib qolmaydi. Buning uchun har tomonlama puxta o‘ylangan siyosat olib borilishi, xalqda ruhiy ko‘tarilish, qat’iy irodali intilish yuz bermog‘i zarur. Avvalo, tushuncha mazmunini ochib berish, aholining barcha qatlamlari, avvalo, yoshlar ongiga yetkazish kerak. O‘tmish renessanslari davrida ajdodlar nimalarga erishganini, jahon sivilizatsiyasiga qo‘shgan hissasini, boshqa xalqlar, mintaqalar yutuqlari bilan taqqoslab, jahonning yetakchi madaniyatlaridan, ilm-fani, san’ati va adabiyotlaridan birini, ilg‘or ijtimoiy fikru qarashlarini yaratganini qisqa, lo‘nda yoritish zarur.

Shu bilan bir qatorda, ularning inqiroz sabablari xolis tahlil etilmog‘i lozim. Geografik kashfiyotlar sababli Buyuk Ipak yo‘lining to‘xtab qolgani, ichki va tashqi nizolar, ayirmachilik, inson komilligi faqat insonning ichki dunyosiga qaratilib, jamiyatning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotiga yetarlicha e’tibor bermaslik kabi subyektiv omillar inqirozni keltirib chiqargan asosiy sabablar edi. Tarixdan saboq olish, tegishli xulosa chiqarish uchun bular yoshlar, aholi ongiga yetkazilishi kerak. Odatda avvalgi uyg‘onish davrlarining yutuqlarini faxr bilan e’tirof etib, negadir ularning inqirozi sabablari haqida gapirilmaydi.

Birinchi va ikkinchi renessanslarning tarixiy sharoiti va davr talablari, imkoniyatlarini haqqoniy baholab, yangi Renessansning tarixiy sharoitlari va talablari mutlaqo o‘zgacha ekanini asoslash, dalillash zarur.

Avvalgi ikki Renessans mustahkam ma’naviy-mafkuraviy negizda, birinchi galda yuksak axloqiylik, adolat, ilmga tashnalik va bag‘rikenglik asosida yuz bergan. Islom halollik va to‘g‘rilikni, insof va adolatni, ilm va amaliy faollikni hamma narsadan ustun qo‘ygan.

“Bayt-ul hikma”da 40 dan ortiq tarjimonlar qadimgi yunon tilidan, 14 nafar tarjimon sanskrit tilidan, 4 nafar tarjimon Xitoy tilidan asarlarni tarjimasi bilan shug‘ullangan. Bundan tashqari, lotin, suryoniy, ibroniy tillardan tarjimonlar bo‘lgan. Bu asar g‘ayridinlarniki deb inkor qilinmagan. Aksincha, til o‘rganib, ilm ortidan dunyoni kezgan. Mahdudlik qobig‘iga o‘ralib qolmagan, turg‘unlik, mahalliychilik ularga yot bo‘lgan.

“Bayt-ul hikma”, Xorazm Ma’mun Akademiyasi, umuman, islom olami olimlari faoliyati o‘sha davrdagi xalqaro ilmiy integratsiyaning eng yorqin namunasidir. Birinchi va ikkinchi renessanslarning ma’naviy asoslarini va sabablarini hamda keyingi inqirozini chuqur o‘rganmasdan, Uchinchi Renessansni muvaffaqiyatli amalga oshirib bo‘lmaydi. Bugun ham g‘oyaviy va ilmiy tolerantlik (bag‘rikenglik), ilmga, haqiqatga tashnalik, milliy mahdudlikni, g‘oyaviy mutaassiblikni tamomila inkor etish xos bo‘lmog‘i lozim.

Demak, Uchinchi Renessans bizdan xalqaro hamjamiyatga ilm-fan, texnologiyalar, axborot, madaniyat va iqtisodiyot sohalarida yanada chuqurroq integratsiya bo‘lishini talab etadi. Ammo o‘zlikni, ona tilni, milliy xususiyatlarni, ma’naviyatni saqlab qolish shart. Bu esa ta’lim-tarbiya tizimiga jiddiy e’tibor qaratishni bildiradi. Davlat rahbarining tabrik nutqida asosiy yo‘nalishlar va vazifalar belgilab berildi. Endi esa, jamiyat bir tanu bir jon bo‘lib, ularni amalga oshirishga kirishmog‘i lozim.

Muhammadjon ABDUHAMIDOV,

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi tayanch doktoranti


Print   Email