Turizm rivoji mamlakat iqtisodiyotida muhim omil

Turizm rivoji mamlakat iqtisodiyotida muhim omil

COVID-19 pandemiyasi jahon mamlakatlari turizm rivojida chuqur inqiroz yuz berishiga olib keldi. 2019-yilda xalqaro turistlarning soni 1,5 milliard kishini tashkil etgan bo‘lsa, 2020-yilda bu ko‘rsatkich 381 million kishiga teng bo‘lib, 74% ga qisqargan. Turizm sektori daromadi yil davomida 1,3 trillion AQSH dollariga, sektordagi ish joylari 100 mingdan 200 minggacha qisqardi. Jahon turizm tashkiloti tomonidan (UNWTO) COVID-19 ning turizm sektoriga ta’sirini yumshatish va turizmni tiklash borasida mamlakatlar hukumatlarining siyosati tahlil etilib, ularga turizm sektoriga moliyaviy yordam ko‘rsatish, bozorni o‘rganish hamda davlat va xususiy sektor sherikchiligini kengaytirish, ish joylarini saqlab qolish, yangi turistik yo‘nalishlarni tashkil etish bo‘yicha tavsiyalar berilgan.

O‘zbekistonda pandemiyadan keyingi davrda turizmni tiklash, sohaga investitsiyalar jalb etish, yangi ish o‘rinlarini yaratish, kadrlar salohiyatini oshirish, pirovardida, turizmni iqtisodiyotning lokomotiv sohalaridan biriga aylantirish masalasi bugungi kunning eng dolzarb vazifalaridan sanaladi. Mamlakat hukumatining turizmni tiklash va uni jonlantirishga qaratilgan izchil sa’y-harakatlari qatoriga ziyorat turizmini rivojlantirishga alohida urg‘u berilishini kiritish mumkin.

O‘tgan yilning 9-dekabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida turizm va sport sohalarida amalga oshirilayotgan ishlar hamda kelgusi yildagi vazifalar muhokamasi yuzasidan o‘tkazilgan yig‘ilishda 2021-yilda 1,7 million xorijiy, 7,5 million mahalliy sayyohlarni jalb qilish, turizm xizmatlari eksportini 370 million dollarga yetkazish maqsadi qo‘yildi. Bu borada eng katta manba, avvalo, ziyorat turizmi sanaladi. Islom olamida mashhur ko‘plab ulamolar yurtimizda yashab ijod qilgan. Shu bilan birga mamlakatimizda boshqa dinlarga e’tiqod qiluvchilar uchun ham aziz bo‘lgan tarixiy qadamjolar bor. Islom dunyosining eng qimmatbaho Qur’oni karim namunalaridan biri – Usmon mus’hafi Qur’on kitobi saqlanuvchi Hazrati Imom majmuasi, buyuk islom imomi al-Buxoriy maqbarasi, Naqshbandiya tariqati izdoshlari maqbaralari va shu kabi ko‘plab boshqa diniy markazlar mavjud. Bunday tarixiy va muqaddas qadamjolarga ziyorat va sayohat qilish uchun har yili dunyoning turli burchaklaridan minglab sayyohlar O‘zbekistonga tashrif buyuradi. Shunday imkoniyatdan foydalanib, 700 ming ziyoratchini jalb qilish va 130 million dollarlik xizmatlar eksportini ta’minlash mumkinligi Prezidentimiz tomonidan ta’kidlandi.

Bu marralarga erishish yo‘lidagi muhim qadam Davlatimiz rahbari tomonidan kuni kecha “O‘zbekiston Respublikasida ichki va ziyorat turizmini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmon imzolanishida bo‘ldi. Hujjatda mamlakatimizda ichki va ziyorat turizmini rag‘batlantirish bo‘yicha qator chora-tadbirlar belgilangan bo‘lib, ular qatoriga ziyorat yo‘nalishlarida yangi temir yo‘l marshrutlari va aviareyslarini yo‘lga qo‘yish, bu marshrutlar bo‘yicha reyslarni subsidiyalash, O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qilish uchun xarajatlarning bir qismini qaytarish masalalari ko‘tarilgan. Turizm sohasida faoliyat ko‘rsatayotgan tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida turoperator va turistik agentlar, mehmonxona xizmatini ko‘rsatuvchilar uchun soliq imtiyozlari berilishi ko‘zda tutilgan.

Bundan tashqari farmonda turizm obyektlarining muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari, kommunal va yo‘l infratuzilmalarini yaxshilash, turizm infratuzilmasi va yondosh infratuzilmani qurish, rekonstruksiya qilish, kengaytirish va modernizatsiya qilish ishlarini olib borish, madaniy-ko‘ngilochar infratuzilmalarni rivojlantirish, madaniy meros obyektlarini restavratsiya, konservatsiya qilish hamda obodonlashtirish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish uchun 1 trillion so‘m miqdoridagi mablag‘larni ajratish nazarda tutilgan.

Prezidentimiz tomonidan joriy yilning 9-fevral kuni imzolangan farmonda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi jamoasi oldiga ham bir qator vazifalar qo‘yilgan. Mamlakatimiz hududida yashagan buyuk alloma va ulamolarimiz, ayniqsa, Imom Buxoriy, Imom Moturidiylarning bebaho merosini keng ko‘lamda ommalashtirish va targ‘ib qilish, ziyorat turizmi sohasida faoliyat ko‘rsatuvchi kadrlarning malakasini oshirish, soha uchun malakali kadrlarni yetkazib berish shular jumlasidandir.

Shuningdek, akademiyamizning “Islom iqtisodiyoti va moliyasi, ziyorat turizmi” kafedrasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligining granti asosida amalga oshirilayotgan O‘zbekistonda ziyorat turizmini rivojlantirish omillaridan bo‘lgan axborot resurslarini jamlash, mamlakatda mavjud ma’naviy va moddiy boyliklar tavsifini umumlashtirish, ziyorat turizmi bo‘yicha to‘liq ma’lumot beruvchi integratsion elektron platformani yaratish ilmiy va amaliy ahamiyatga ega hisoblanadi.

 

Gulnora Gulyamova,

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

“Islom iqtisodiyoti va moliyasi, ziyorat turizmi”

kafedrasi katta o‘qituvchisi, iqtisodiyot fanlari nomzodi

 

 


Print   Email