Til – birligimiz ifodasi

Til – birligimiz ifodasi

21-oktabr – Oʻzbek tili bayrami kuni 

Ona tili koʻhna tariximiz, qadriyatlarimiz, dinu diyonatimizni, ajdodlar merosini avlodlarga yetkazadigan koʻzgudir.
 
Ona tilini eʼzozlagan xalq oʻzligini, gʻururini, borligʻini, birligini asrab-avaylagan boʻladi. Til millatning bosh belgisi sanaladi. U bilan xalq yashaydi. Agar qaysi xalqning ona tili yoʻq qilinsa, shu xalqning madaniyati, urf-odatlari va tarixi ham oʻz-oʻzidan yoʻqoladi. Zeroki, insonga taʼlim ham, tarbiya ham tili orqali singdiriladi.
 
Maʼlumki, oʻzlikni anglash, milliy ong va tafakkurning ifodasi, avlodlar oʻrtasidagi ruhiy-maʼnaviy bogʻliqlik til orqali namoyon boʻladi. Maʼrifatparvar adib Abdulla Avloniy “Har bir millatning dunyoda borligʻini koʻrsatadurgʻon oynai hayoti til va adabiyotidur. Milliy tilni yoʻqotmak millatning ruhini yoʻqotmakdur”, deb aynan shu maʼnoni nazarda tutgan edilar.
 
XI asrda ulugʻ alloma Mahmud Koshgʻariy “Devonu lugʻotit turk” asarini yaratdi. Keyinchalik Alisher Navoiy oʻzining “Muhokamat-ul lugʻatayn” asarida fors-tojik va oʻzbek tillarini solishtirib, ona tilimizning boyligini, nafisligini tavsiflab berdi.
 
XIX asrda oʻzbek tilida dastlabki oʻqish kitoblari va amaliy grammatika qoʻllanmalari yuzaga keldi. XX asrning yigirmanchi yillari Abdurauf Fitrat oʻzbek tilining sarf (morfologiya), nahv (sintaksis) sohalarini oʻrgangan boʻlsa, Elbek, Zohiriy kabi olimlarimiz oʻzbek tilining turli sohalarini tahlil etdi. Shu davrda adabiyotimizga Fitrat, Choʻlpon, Abdulla Qodiriy, Oybek, Gʻafur Gʻulom, Abdulla Qahhor kabi shoir-yozuvchilar kirib keldi. Bu jarayon tufayli oʻzbek tilining lugʻat tarkibi boyidi.
 
1989-yil 21-oktyabrda ona tilimizga davlat tili maqomini berish toʻgʻrisidagi qonun qabul qilindi. Bu – oʻzbek xalqining siyosiy va madaniy hayotidagi olamshumul voqealardan biri boʻldi.
 
Asrlar osha turli davrlarni boshidan oʻtkazgan va bugungi kungacha bardavom yashab kelayotgan ona tilimizni keyingi avlodlarga sof va toʻla-toʻkis yetkazish nafaqat filolog va ziyolilar, balki har bir oʻzbek millatiga mansub fuqaroning masʼuliyatli vazifasidir. Xoʻsh, buning uchun nima qilishimiz zarur?
 
Albatta, oʻqish, izlanish, tilga boʻlgan hurmatni esa kelajak avlodlar ruhiga singdirish kerak. Buyuk tarixga ega boʻlgan ona tilimizga hurmatni faqatgina maktab yoki taʼlim sohasiga oid tashkilotlargina emas, balki har bir oilada shakllantirish lozim.
 
Oilalarda bolalarning endi tili chiqa boshlagan paytdan unga eʼtibor berilishi kerak. Xalq ogʻzaki durdonalaridan namunalar aytib berilsa, oʻqish va yozishdan saboq olgandan soʻng farzand uchun kutubxonalar tashkil etib berilishi bolani kitobga, ona tiliga hurmatni shakllantirishda juda katta ahamiyat kasb etadi. Mahallalarda “Kitobxon oila” “Suxandon ota-ona”, “Kutubxonasi boy oila” kabi tadbirlar uyushtirilsa, oʻz natijasini beradi.
 
Shuningdek, oʻsmir yoshdagi bolalarda esa oʻz ona tilida soʻzlayotganda nutqning sofligiga eʼtibor qaratish lozim. Chunki bu davrda yoshlarimiz ona tiliga boshqa chet soʻzlarni qoʻshib gapirishga harakat qiladi. Bu kabi masʼuliyatli vazifalar oila zimmasiga tushadi. Har bir ota-ona oʻz farzandida ona tiliga, Vataniga boʻlgan muhabbatni uygʻota olsa, bunday farzandning kelajagi porloq boʻladi.
 
Til – millat gʻururi. Shunday ekan, oʻzbek tilining davlat tili sifatidagi maqomini oshirish har birimizning fuqarolik burchimizdir.
 
Tojiboy VAKILOV,
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi
Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi
Toshkent viloyati hududiy boʻlimi boshligʻi.
OʻzA

Print   Email