Termiz shahrida kurash bo‘yicha Hakim at-Termiziy xotirasiga bag‘ishlangan XV xalqaro turnir o‘tkaziladi

Termiz shahrida kurash bo‘yicha Hakim at-Termiziy xotirasiga bag‘ishlangan XV xalqaro turnir o‘tkaziladi

10-11-aprel kunlari Termiz shahrida O‘zbekiston Prezidenti sovrini uchun kurash bo‘yicha Hakim at-Termiziy xotirasiga bag‘ishlangan XV xalqaro turnir o‘tkaziladi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Har ikki yilda bir marta o‘tkazib kelinayotgan nufuzli turnirda dunyoning eng nomdor polvonlari kuch sinashgan. Bu yilgi musobaqada ham o‘ttizga yaqin davlatdan 50 dan ortiq eng sara sportchilar ishtirok etishi kutilmoqda.

Xalqaro turnirda erkaklar -60, -66, -73, -81, -90 kg, ayollar esa -48, -57, -63, -70, +70 kg. vazn toifalarida o‘zaro bellashadi. Shuningdek, musobaqada mutlaq vazn toifasida ham bellashuvlar tashkil etiladi.

Hakim At-Termiziy xalqaro turnirining umumiy mukofot jamg‘armasi 100 ming dollarni tashkil etib, har bir vazn toifasida g‘oliblarga 3 ming dollar, 2-o‘rinni egallaganlar uchun 2 ming dollar hamda ikkita 3-o‘rin sohiblari 1 ming dollar miqdordagi pul mukofotini qo‘lga kiritadi.

Mutlaq vaznda g‘olib bo‘lgan polvon O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini – 10 ming dollarga sazovor bo‘ladi. 2-o‘rin sohibi 5 ming dollar, ikkita 3-o‘rinni egallagan polvon 3,5 ming dollar miqdoridagi pul mukofoti bilan taqdirlanadi. Mutlaq vazn toifasidagi 4 nafar chorak final omadsizlarining har biriga esa 2 ming dollardan mukofot taʼsis etilgan.


Print   Email