Ta’limda til o‘qitish nazariyasi olimlar e’tiborida

Ta’limda til o‘qitish nazariyasi olimlar e’tiborida

Yurtimizda yoshlarning xorijiy tillarni o‘zlashtirishi hamda axborot kommunikatsiya texnologiyalarini yaxshi o‘zlashtirishlari uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda. O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida “Zamonaviy ta’limda til o‘qitish nazariyasi va amaliyoti: muammo, yechim va yutuqlar” mavzusidagi respublika ilmiy-amaliy anjumani tashkil etildi.

ZOOM platformasi orqali o‘tkazilgan tadbirda O‘zbekiston jahon tillari universiteti “Ingliz tili integrallashgan kursi №1” kafedrasi mudiri Mavluda Gulyamova, Toshkent davlat yuridik universiteti “Ixtisoslashtirilgan filiali Umumta’lim fanlar” kafedrasi dotsenti v.b. Barno Samatova, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti ingliz tili kafedrasi mudiri Yelena Borisova, Xalqaro Westminster universiteti o‘qituvchisi Ra’no Razikova, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi professori Vahob Qo‘chqorov, Akademiya “Chet tillari” kafedrasi mudiri Barno Shamsematova, Akademiya o‘qituvchisi Ilg‘or Asrorov, Nargiz Jumayeva, yosh tadqiqotchilar, magistr-doktorantlar hamda talabalar ishtirok etdi.

Anjumanni O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Zohidjon Islomov kirish so‘zi bilan ochib berib, anjuman ishiga muvaffaqiyat tiladi.

Shundan so‘ng “Ijtimoiy gumanitar fanlar tizimida xorijiy tillarni o‘rganishning mezon va tamoyillari”, “Nofilologik yo‘nalish talabalarining xorijiy tillarni o‘zlashtirish motivatsiyasi”, “Актуальность изучения иностранных языков на сегодняшний день”, “Peculiarities of teaching simultaneous interpretation”, “Introduction to extensive reading” kabi mavzularda ma’ruzalar tinglandi.

Ilmiy-amaliy anjumanda oliy ta’lim muassasalarida zamonaviy ta’lim jarayonida til o‘qitish nazariyasi va amaliyoti tizimiga qanday yangiliklar olib kirilgani, bu boradagi ilmiy metodologik uslublar haqida so‘z bordi.

– Xalqimizda “Til bilgan – el biladi” degan naql bejiz aytilmagan. Dunyo miqyosida sodir bo‘layotgan yangiliklar, voqealar, sohadagi rivojlanishlardan boxabar bo‘lishlari uchun xorijiy tillarni puxta o‘zlashtirishlari kerak bo‘ladi, – deydi O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi Chet tillari kafedrasi mudiri Barno Shamsematova. – Shu maqsadda Akademiyaning Chet tillari kafedrasi tomonidan ilk marotaba respublika ilmiy-amaliy anjumani o‘tkazilmoqda. Tadbirda respublikamizning turli oliy ta’lim muassasalarida faoliyat yurituvchi soha mutaxassislari, professor-o‘qituvchilari o‘zlarining qiziqarli ma’ruzalari, xorijiy tillarni o‘zlashtirishdagi zamonaviy yondashuvlar, soha rivojiga qaratilgan ilmiy izlanishlari, fikr-mulohazalari bilan ishtirok etishmoqda.

O‘z nomi bilan O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi talabalari xorijiy tillarni mukammal egallashlari talab etiladi. Shu bois Akademiyada ham yoshlarning chel tillarini o‘rganishlari uchun barcha sharoitlar yaratilgan. “Chet tillari” kafedrasi Oliy ta’lim vazirligi hamda Britaniya elchixonasi bilan hamkorlikda uch yilga mo‘ljallangan xalqaro loyiha a’zosi hisoblanadi. Mazkur loyiha doirasida professor-o‘qituvchilarimiz muntazam ravishda turli malaka oshirish kurslarida qatnashib, o‘rgangan bilimlarini talabalarga yetkazib kelishmoqda.

Tadbir davomida so‘zga chiqqanlar yildan-yilga mazkur konferensiyaning nufuzi ortib borayotganini e’tirof etishdi. Konferensiyada so‘z yuritilgan ma’ruzalar bo‘yicha ishtirokchilarga savollar berildi. Uchrashuv yakunida mazmunli o‘tgan yig‘ilish uchun mutasaddilarga minnatdorlik bildirildi.

 

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati


Print   Email