Ta’lim rivoji yo‘lida

Ta’lim rivoji yo‘lida

So‘nggi yillarda yurtimizda ta’lim-tarbiya tizimini tubdan takomillashtirish, ertangi kunimizning munosib davomchilarini kamolga yetkazish ustuvor vazifa bo‘lib kelmoqda. Dunyo taraqqiyoti shiddati barcha soha kabi ta’lim-tarbiya jarayoniga ham yangicha yondashuvni, innovatsion texnologiyalarni tatbiq qilishni taqozo etmoqda.

Prezidentimizning 2020-yil 6-noyabrda “O‘zbekistonning yangi taraqqiyot davrida ta’lim-tarbiya va ilm-fan sohalarini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni hamda “Ta’lim-tarbiya tizimini yanada takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Mazkur hujjatlarda belgilangan vazifalarning ijrosini ta’minlash, umumiy o‘rta ta’lim maktab bitiruvchilarini oliy ta’limga jalb qilish va bitiruvchilarni bandligini ta’minlash jarayonlarining samaradorligini oshirish choralari ko‘rilmoqda.

Shu maqsadda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi hamda Olmazor tuman xalq ta’limi bo‘limi bilan hamkorlikda Toshkent shahar Olmazor tumani 1, 15, 24, 159 va 242-sonli umumta’lim maktablarining o‘qituvchilari uchun malaka oshirish mashg‘ulotlari bo‘lib o‘tmoqda.

Darslar davomida O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi professor-o‘qituvchilari tomonidan “Uchinchi renessans – maktab ostonasidan boshlanadi”, “Davlat va din munosabatlarining huquqiy asoslari”, “So‘nggi yillarda respublikada ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar va qabul qilingan normativ hujjatlarning mazmun-mohiyati”, “Yoshlar ongi va dunyoqarashini milliy qadriyatlarimizga mos ravishda shakllantirishda o‘qituvchilarning vazifalari”, “O‘qituvchi faoliyatida muomala madaniyati va psixologiyasi”, “Zamonaviy axborot manbalarining bola tarbiyasiga ijobiy va salbiy ta’siri”, “O‘quv jarayonida axborot kommunikatsiya texnologiyalari va pedagogik dasturiy vositalardan foydalanish” kabi mavzularda ma’ruzalar olib borilmoqda.

Mashg‘ulotlar interfaol, bahs-munozara, trening, amaliy va nazariy qismlarga bo‘lib o‘tkazilmoqda. 9-yanvarga qadar davom etadigan malaka oshirish kurslari yakunida qatnashchilarga sertifikat topshiriladi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati


Print   Email