Sen yurtim tayanchi, aziz bolajon!

Sen yurtim tayanchi, aziz bolajon!

Har bir inson ularning baxt-u iqboli, kamoli deb yashaydi. Ota va ona farzand, uning manfaatlari ro‘yobi uchun yaratilgandek go‘yo.

Ertalab farzandini nonushta uchun uyg‘otayotgan ona, kuni bilan nima qilishini so‘rayotgan ota, yonida suhbatdosh bo‘lishini istayotgan bobo-buvilarning duolarida ham “farzandlarimizni Yaratgan o‘z panohida asrasin...” kabi tilaklari cheksiz va uni so‘z bilan ta’riflash mushkul. Ular bolasi qo‘lidan mahkam tutadi –jon-jahdi bilan asraydi. Kulsa – kuladi, yutuqlarga erishsa, xursandchilikdan dunyolarga sig‘maydi. Chunki bolasi – uning orzusi, kelajak umidi, quvonchi manbai. Ammo ozor cheksa, tunlari uyqusiz, kunlari esa halovatsizlikka aylanadi. Shunday ekan, ular uchun vaqtimizni qizg‘anishga haqqimiz bormi? Uning tarbiyasigachi?

So‘nggi vaqtlarda pandemik vaziyat, yuzaga kelgan karantin holatiga qaramay, farzand tarbiyasi masalasi unutilmadi. Ta’lim ustozlar tomonidan telekanallar orqali onlayn usulda berilgan bo‘lsa, tarbiya har bir ota va ona zimmasiga yuklandi. Bu masala hatto davlat siyosatining uzviy qismiga aylandi ham. Buning isbotini Prezidentimizning ko‘plab ma’ruzalarida “Har bir bolaning ta’limi va tarbiyasi e’tiborsiz qoldirilishi mumkin emas”, deya ta’kidlayotganidan ham ko‘rinib turibdi.

Agarda tarbiya masalasida noxush voqea sodir bo‘lsa, odatda bolalarimizni aybdor qilamiz. Nega? Axir, ularning istagini bajaryapmiz-ku? Ular uchun borimizni beramiz. Ammo farzandimizga qachondan mehnat qilish va kitob o‘qish zarurligini qay darajada o‘rgatyapmiz? Ularga yoshiga munosib kitoblarni tavsiya qila olyapmizmi? Yoki qaysi filmlar ko‘rishi mumkinligini-chi? Ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish madaniyatini-chi... O‘zimiz qanchalik bilamiz ular haqida?

Ba’zan pand-nasihatiga quloq solmayotgan farzandlaridan noliyotgan ota-onalarni uchratamiz. Ularni dangasa qilib tarbiyalab, vaqtida tarbiya bermagan o‘zimiz emasmi? Nima uchun shu haqida o‘ylab ko‘rmaymiz? Masalan, farzand 3 yoshgacha qanday mehnatni qila olishi yoki qanday bilimlarni olishi kerak? 6 yoshda nimalarni bilishi zarur? Balog‘atga yetganda-chi? Turmush qurishidan avval ularga oila mas’uliyati, majburiyati haqida tushuntirdikmi? Axir, buni biz o‘rgatmasak, ijtimoiy tarmoqda o‘rgatuvchilar bisyor. Aybdorni izlash, aybni o‘zimizdan soqit qilish juda ham oson. Xo‘sh, qayerda xatolikka yo‘l qo‘ydik? O‘ylab ko‘raylik. Goh internetni aybdor qilayotgan ota-onani ko‘rsak, goh telekanallardagi seriallar sababchi deyayotganlarga guvoh bo‘lyapmiz. Bunga kim aybdor? Bolalarni ayblashdan avval, ota-onalar mas’uliyati va majburiyatini tafakkur qilish kerakmikin?

Ota-ona bolalariga beradigan hadyalar, go‘zal liboslar, sarxil ichimligu yeguliklar ma’naviyat ko‘magisiz zararli odatlar urchishiga xizmat qilishini anglash zarur Chunki ma’naviyat zamiriga qurilmagan har qanday tarbiya vayronkorlik tomon yuz burishi – haqiqiy ma’nodagi tahdidga aylanishi tabiiy.

Demak, tarbiya – mas’uliyat va javobgarlik, qolaversa, omonatdorlik masalasidir. Omonatlarimiz – aziz farzandlarimiz tarbiyasiga befarq bo‘lmaylik, Vatan oldidagi burch va mas’uliyatimizni bajarishda kechikmaylik! Omonatga xiyonat qilishdan tiyilaylik!

 

Munira QAHHOROVA,

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va

ma’rifat bo‘limi boshlig‘i.


Print   Email