Qadring baland bo‘lsin, ona tilim!

Qadring baland bo‘lsin, ona tilim!

Ona tili har bir xalqning o‘zligi, milliy qadriyati, o‘tmishi va kelajagini o‘zida ifoda etadi. Uni eʼzozlagan xalq o‘zligi, g‘ururi, borlig‘i, birligini asrab-avaylagan bo‘ladi. Millatning bosh belgisi ham ona tilidir.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida “O‘zbek tili va mumtoz sharq adabiyoti” kafedrasi tomonidan “Til – millat ko‘zgusi” mavzusida davra suhbati tashkil etildi. “Qadring baland bo‘lsin, ona tilim!” shiori ostida o‘tkazilgan tadbirda kafedra mudiri Malika Nosirova hamda kafedra o‘qituvchilari ishtirok etdi.

Davra suhbatida O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi va “O‘zbek tili bayrami kunini belgilash to‘g‘risida”gi qonunlarining mazmun-mohiyati, bu borada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar, jumladan, ta’lim muassasalarida ona tilimiz rivoji yo‘lidagi targ‘ibot jarayonlari haqida fikr-mulohazalar bildirildi.

Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti tashabbusi bilan 5 jildli “O‘zbek tilining izohli lug‘ati” hamda “Davlat tilida ish yuritish” kitoblarining chop etilgani, Prezidentning 2019-yil 21-oktabrdagi “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ijrosi bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar hamda bu yo‘nalishdagi islohotlar yangi bosqichga olib chiqilgani ta’kidlandi.

– Ona tili millat va jamiyat tayanchi, – deydi “O‘zbek tili va mumtoz sharq adabiyoti” kafedrasi dotsenti Nargiza Shoaliyeva. – Aynan u orqali xalqning ma’naviy olami, birligi namoyon bo‘ladi. Davlatimiz rahbarining 2020-yil 23-sentabr kuni BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida milliy boyligimiz, mustaqil davlatchiligimiz timsoli bo‘lgan o‘zbek tilida nutq so‘zlashi tarixiy voqea bo‘lib, qalblarimizga g‘urur va iftixor bag‘ishladi. O‘zbek tilida yangragan ushbu nutq O‘zbekistonning to‘laqonli mustaqil davlat sifatida o‘z ovoziga ega ekanining yana bir yorqin dalilidir.

Darhaqiqat, ona tili ham har bir millat va davlatning madhiyasi, bayrog‘i va gerbi kabi mamlakat mustaqilligini belgilovchi asosiy mezonlardan biridir. Mazmunli o‘tgan davra suhbatida ona tilimiz boyligi haqida soha mutaxassislari o‘zlarining boy tajriba va takliflari bilan o‘rtoqlashdi. Tadbir so‘ngida xalqimiz, xususan, yoshlar o‘rtasida tilimiz sofligini asrash, uning keng imkoniyatlaridan to‘g‘ri foydalanish lozimligi aytildi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati


Print   Email