O‘zbek tilidagi ayrim atamalarning asl ma’nosi qanday?

O‘zbek tilidagi ayrim atamalarning asl ma’nosi qanday?

O‘zbek tili turkiy tillar oilasiga mansub eng yirik tillardan biridir. Dunyo miqyosida bu tilda 50 millionga yaqin odam so‘zlashadi. Bu — fakt. Ona tili mustaqil davlat uchun istiqlol belgisi va milliy g‘urur ramzi hisoblanadi.

Albatta, o‘zini hurmat qilgan har bir millat ona tilini ham e’zozlaydi. Uni rivojlantiradi, taraqqiy ettiradi. 1989-yil 21-oktabrda o‘zbek tilining rasmiy davlat tili maqomiga ko‘tarilishi tom ma’noda tarixiy hodisa edi.

Agar tillar tarixiga nazar solsak, turkiy tillar, jumladan, o‘zbek tili boy adabiy xazinasi bilan har doim tadqiqotchilar e’tiborini tortib kelganini ko‘ramiz. Kushon shohlari, Xun, Buyuk turk xoqonligi tangalarida zarb urilgan “yabg‘u-jabg‘u” degan so‘zdan tortib, O‘rxun-Enasoy toshbitiklari, Markaziy Osiyo hududidan topilgan turkiy yozuvdagi arxeologik yodgorliklargacha barchasi tilimizning qanchalik uzoq tarixga ega ekanidan dalolat beradi.

Yusuf Xos Hojibning XI asrda yaratilgan “Qutadg‘u bilig”, Ahmad Yugnakiyning “Hibat ul-haqoyiq” asarlari va boshqa adabiy manbalar tilimizning teran ilmiy, adabiy va falsafiy g‘oyalarni ifoda etishda benazir ekani isbotidir. Tilimiz taraqqiyotida “Devonu lug‘otit turk” benihoya muhim o‘rin tutadi. Mahmud Koshg‘ariy ushbu asari bilan ona tilida ilmiy tilshunoslikka asos solib, uning murakkab qirralarini ochib berdi.

O‘zbek tili XV asrda Alisher Navoiyning ko‘p qirrali ijodi va ma’rifatparvar sulton Husayn Boyqaro himoyasida gullab-yashnadi, taraqqiyotning yuksak pog‘onalariga ko‘tarildi. Navoiy “Muhokamat ul-lug‘atayn” asarida o‘zbek tilining ilmiy, adabiy va badiiy ifoda imkoniyatlari nechog‘lik keng ekanini nazariy jihatdan inkor etib bo‘lmas dalillar bilan ko‘rsatib berdi. “Xamsa”, “Xazoyin ul-maoniy” va boshqa asarlari orqali bu muhim haqiqatni amalda isbotladi.

Temuriylar va ulardan keyin boburiylar o‘zbek tili rivojiga ulkan hissa qo‘shdilar. Bobur dunyoda tengi bo‘lmagan avtobiografiya bo‘lmish “Boburnoma”ni ona tilida yozib, o‘zbek tilini dunyoga tanitdi. Hozirgacha bu asar dunyoning 20 dan ortiq tiliga tarjima qilingan. Temuriylar hatto fors tiliga ham homiylik qildilar. Eronlik tadqiqotchi, doktor Zabihullo Safo “Eronda adabiyot tarixi” kitobida to‘g‘ri ta’kidlaganidek, temuriylar va boburiylar o‘z himoyalari va ijodiy faoliyatlari bilan fors tilini muqarrar inqirozdan saqlab qoldilar.

Bunday bag‘rikenglik bizning millatimizga xos, desak mubolag‘a bo‘lmas. Xalqimiz har doim boshqa millatlar bilan do‘stona munosabatda bo‘lib, ularning madaniyati, urf-odatlari, ayniqsa, tillariga e’tibor berib kelgan. Jumladan, Sulton Mahmud Gʻaznaviy saroyida Farruhiy, Unsuriy, Asjadiy, Firdavsiy, Gʻazoiriy Roziy va Manuchehriy Domg‘oniy kabi yirik turkigo‘y shoirlar qatorida 400 nafar shoir fors tilida adabiy ijod bilan shug‘ullangan.

Turkistonda islom dini tarqalgandan keyin turkiy til arab va fors tillari hamda adabiyoti bilan hamkorlikda yanada rivojlandi. Adabiyotimizga aruz vazni kirib keldi. Navoiy o‘zining ko‘p qirrali ijodi bilan barmoq vaznidan aruzga o‘tish jarayonini takomillashtirdi. “Mezonul-avzon” asarida esa aruz ilmining usul va qoidalarini yoritib berdi.

XX asr boshlarigacha bizning adib, olim va shoirlarimiz ko‘pincha arab, fors tillarini yaxshi bilganliklari tufayli shu tillardagi adabiyotlardan keng ko‘lamda foydalanish imkoniga ega edilar. Ammo totalitar tuzum davrida kirill imlosiga o‘tish va arab yozuvidagi kitoblardan foydalanish man etilishi oqibatida xalqimiz qariyb ming yillik bebaho xazinadan mahrum qilindi.

Oqibatda mumtoz adabiyotimizdan uzoqlashdik. Navoiy, Lutfiy, Sakkokiy, Atoiy, Bobur va boshqa yirik shoirlarimiz asarlaridan foydalanish qiyinlashdi. Bu esa ma’naviy merosni o‘zlashtirish va targ‘ib etishda salbiy oqibatlarga olib keldi. Mumtoz adabiyotimizdan uzoqlashish asrlar davomida o‘zbek tilining boyligi hisoblangan ko‘pdan-ko‘p adabiy so‘zlar, huquqiy, falsafiy, diniy va irfoniy atamalar iste’moldan tushib, o‘zbek tilining muayyan darajada qashshoqlashishiga sabab bo‘ldi.

Sho‘ro siyosati ta’sirida tilimiz cheklandi, irfon, mantiq, shariat, aqoid, fiqh va tasavvufga oid ko‘plab atamalardan foydalanish amalda taqiqlandi. Milliy iftixorimiz, milliy g‘ururimizga bog‘liq bo‘lgan so‘zlarni ishlatish man etildi. Atoqli shoir va adib, O‘zbekiston Qahramoni Erkin Vohidov ta’kidlaganidek, “O‘zbekiston deb atalgan yurtda o‘zbek tili quyi darajadagi til, avom tili hisoblandi, yuksak minbarlardan, ilmiy, ma’naviy anjumanlardan quvg‘in qilindi”.

Bunday g‘ayrimilliy siyosat oqibatida ilgari xalqimiz uchun aniq va tushunarli bo‘lgan bir qancha so‘zlar va atamalar o‘z haqiqiy mohiyatidan uzoqlashtirildi va ba’zan noto‘g‘ri ma’noda ishlatildi. Biz bu kabi so‘zlardan ayrimlari haqida fikr yuritishni lozim deb topdik.

Muhim ahamiyat. Ushbu iborada “muhim” so‘zi “ahamiyat” so‘zining darajasi va katta e’tiborga ega ekanini ko‘rsatish maqsadida unga sifat qilib qo‘shilgan. Lekin bu tarkib noto‘g‘ri. Negaki bir so‘zni o‘zining ma’nosi bilan ta’riflash yoki tavsiflash mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi. “Muhim” so‘zining ma’nosi ahamiyatli demakdir. Endi agar biz “falon ish muhim ahamiyatga ega” desak, darhaqiqat, o‘sha ish “ahamiyatli ahamiyatga ega”, degan bo‘lamiz, bunday ifoda noto‘g‘ri. Shuning uchun muhim so‘zi o‘rnida boshqa bir so‘z, masalan, katta ahamiyat, hayotiy ahamiyat, xalqaro, ilmiy-amaliy yoki keng qamrovli ahamiyatga ega, deb ishlatish maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Tashrif. Bu so‘z ulug‘vorlik, yuksaklik, qadr-u martaba, yuqori nasab ma’nosida bo‘lgan “sharaf” so‘zi o‘zagidan kelib chiqqan. Tashrif so‘zi sharaf bag‘ishlamoq, musharraf aylamoq, ulug‘vor qilmoq, ulug‘lamoq, ulug‘lik bag‘ishlamoq ma’nolarini anglatadi. Odatda so‘zlashuvda hurmat yuzasidan mehmon yoki keksa kishilarga qarata “Uyimizga tashrif buyuring”, “Tashrifingiz chog‘ida biz uyda yo‘q edik” kabi mazmunda aytiladi. Ba’zan eng oliy maqom sohibi, masalan, davlat rahbarlariga nisbatan ham tashrif so‘zini ishlatish mumkin.

Ammo “tashrif” so‘zi hech qachon oddiy shaxs, masalan, jurnalist yoki yozuvchi, yo oddiy fuqaro tomonidan o‘ziga nisbatan ishlatilmaydi. Chunki bu manmanlik hisoblanadi. Deylik, jurnalist “Maktabga tashrifimiz chog‘ida bolalar sport bilan mashg‘ul edilar” yoki “Biz o‘sha joyga tashrif buyurdik”, desa, katta xato va kulgili bo‘ladi. Bizda ushbu so‘z, afsuski, ko‘p hollarda noo‘rin ishlatiladi.

Bahs. Bu arabcha so‘z bo‘lib, arab, forsiy va turkiy tillarda qidirish, tadqiq etish, tekshirish, suhbat olib borish, munozara qilish ma’nolarida ishlatiladi. Bahs har doim og‘zaki yoki yozma bo‘ladi, so‘z vositasida bahslashiladi.

Lekin jurnalistlarimiz bahsni futbol o‘yinlari jarayonida jamoalararo bir biriga qarshi kurashish, musobaqa qilish ma’nosida ham ishlatadilar. Bu to‘g‘ri emas. Buning o‘rniga musobaqa, kuch sinashish kabi so‘zlar ishlatilsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi.

Oliy jazo. “Oliy” sifat so‘z turkumiga oid bo‘lib, yuksak, ulug‘, baland, ulug‘vor va qimmatli ma’nolarida qo‘llanadi. Oliy nasab, olijanob, oliy rutba, oliy himmat va oliymaqom kabi sifatlar shu so‘z bilan yasaladi va salbiy ma’noda qo‘llanmaydi. Lekin bizda ushbu so‘z “oliy jazo” tarkibida salbiy tushuncha sifatida katta jinoyatlar uchun beriladigan eng og‘ir jazo ma’nosida ham ishlatilmoqda.

Biz “Sud falon qotilni oliy jazo yoki eng oliy jazoga mahkum qildi”, deganda o‘lim jazosiga hukm qilindi, demoqchi bo‘lamiz. Aslida esa “oliy jazoga hukm qilindi” iborasining lug‘aviy ma’nosi “yuksak va yaxshi jazoga hukm qilindi” yoki “yuksak mukofot berildi” ma’nolarini anglatadi. “Oliy” so‘zi salbiy ma’noni ifodalashi mumkin emas. Shuning uchun “oliy jazo” o‘rnida “og‘ir jazo, qattiq jazo, eng og‘ir jazo, o‘lim jazosi” atamalaridan foydalansak, to‘g‘ri bo‘lardi.

Jinoyat qonunchiligi yoki Jinoyat kodeksi. Bu atamalar ham noto‘g‘ri ishlatiladi, chunki mazkur qonunchilikda jinoyat sodir etgan shaxslar (jinoyatchilar) uchun jazo tayinlanishi ko‘zda tutilgan. Unda jinoyatni sodir etish uchun imkon beradigan biror qoida mavjud emas. Shu bois, bu atamalar o‘rnida jazo qonunchiligi yoki Jazo kodeksi deyilsa, to‘g‘ri bo‘ladi.

Yana bir fikr. Ko‘pincha o‘z tilimizda mavjud bo‘lgan chiroyli so‘zlar o‘rnida arabcha, forscha yoki ruscha so‘zlarni ishlatamiz. Masalan, “u onasining og‘ushida o‘sdi”, deymiz. Buning o‘rniga “onasining quchog‘ida” yoki “bag‘rida o‘sdi”, deyilsa, mantiqli bo‘lardi. Yoki “o‘z hayotini fanga baxshida qildi” o‘rnida “o‘z hayotini fanga bag‘ishladi”, deganimiz ma’qulroq.

Shoir Erkin Vohidov “Ona tilim” maqolasida (“Xalq so‘zi”, 2003-yil 21-oktabr) o‘zbek tili rivojiga oid bir qancha muammolarni tahlil qilib, ularni hal etish yo‘llarini topishga intilgan va juda foydali takliflar bildirgan edi. U til muammolarini tekshirib, bir muhim masalaga e’tiborni qaratadi: “Alisher Navoiy jahon shoirlari ichida eng ko‘p so‘z ishlatgan, lug‘ati boy shoirlardan biri hisoblanadi. Uning tilini “arxaik” desak, o‘rganib qayta jon baxsh etmasak, Navoiyning so‘zi bizniki-yu, she’ri bizniki emas, degan bo‘lamiz”.

O‘zbek adiblarining bu kabi barcha taklif va xulosalarini qo‘llagan holda shuni ta’kidlash mumkinki, davlat tili — o‘zbek tilini zamon talablaridan kelib chiqqan holda rivojlantirish, undagi bo‘shliqlarni to‘ldirib, kamchiliklarni tuzatish tilshunoslarimiz va mas’ul kishilar oldida turgan katta tarixiy burch hisoblanadi.

Ona tilimizni yanada boyitishni ta’minlash, chet tillardan kirib kelayotgan yangi so‘zlar va atamalarni qabul qilish mexanizmini belgilash yoki ularga muqobil so‘zlar va atamalar yaratish zarurati kun sayin oshib bormoqda edi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 21-oktabrdagi “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida hamda ushbu zaruratdan kelib chiqib, Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti huzurida jamoatchilik asosida faoliyat yurituvchi Atamalar komissiyasi tashkil etildi. Iqtidorli va ilmiy salohiyat egalari bo‘lmish bir guruh filologlar, o‘zbek, arab, fors va turkiy tillar mutaxassislari, til rivojiga tegishli ba’zi fanlar olimlari ushbu yangi tuzilmalarga tayinlandilar.

O‘zbek tilini boshqa tillar salbiy ta’siridan himoya qilib, mustaqil takomillashtirishga qaratilgan ushbu farmon ijrosini ta’minlash uchun tegishli organlar faol ish olib bormoqda. Shu zayl o‘zbek ziyolilarining yillar davomidagi milliy armonlaridan birini ro‘yobga chiqarish uchun zamin yaratildi.

Abdulhakim Shar’iy JUZJONIY,

yuridik fanlar doktori, professor


Print   Email