O‘tkir Hoshimov ijodida insoniylik munosabatlari

O‘tkir Hoshimov ijodida insoniylik munosabatlari

O‘zbek adabiyoti va madaniyati rivojiga unutilmas hissa qo‘shgan atoqli adib va jamoat arbobi, O‘zbekiston xalq yozuvchisi O‘tkir Hoshimov ijodiy merosining yosh avlodni Vatanga muhabbat va sadoqat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga muhabbat ruhida tarbiyalash borasidagi ulkan ahamiyatini inobatga olib, adib tavalludining 80 yilligini keng nishonlash va xotirasini abadiylashtirish maqsadida Davlatimiz rahbari tomonidan 2020-yilning 2-dekabr sanasida “O‘zbekiston xalq yozuvchisi O‘tkir Hoshimov tavalludining 80 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Ayni paytda xalqimizning sevimli adibi ijodiga bag‘ishlangan adabiy-badiiy xotira kechalari, ilmiy-amaliy konferensiya, davra suhbatlari o‘tkazilmoqda. Ana shunday tadbirlardan biri O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida tashkil etildi.

ZOOM platformasi orqali onlayn formatda tashkil etilgan “O‘tkir Hoshimov ijodida insoniylik munosabatlari” mavzusida onlayn davra suhbati o‘tkazildi. Akademiya professor-o‘qituvchilari, talabalari ishtirok etgan adabiy uchrashuvni Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Zohidjon Islomov kirish so‘zi bilan ochib berarkan, adibning o‘zbek adabiyotidagi tutgan o‘rni, asarlaridagi o‘zbekona madaniyat, urf-odatlar, turmush tarzini chiroyli tarzda ifodalaganini ta’kidladi.

Shundan so‘ng O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, falsafa fanlari doktori, professor Sayyora To‘ychiyeva hamda yozuvchi Yusuf Abdullayev adib haqidagi xotiralari, adabiy jarayonga qo‘shgan hissasi haqida so‘z yuritishdi.

– Xalqimizning “Yaxshidan bog‘ qoladi” degan purma’no hikmati bor, – deydi Sayyora To‘ychiyeva. – O‘zbek adabiyotida samimiy, rost, shirali til bilan yozilgan o‘lmas asarlar orasida O‘zbekiston xalq yozuvchisi O‘tkir Hoshimovning ham qissa-romanlari borligi quvonarlidir. O‘tkir Hoshimov deganda ko‘z o‘ngimizga “Bahor qaytmaydi” qissasidagi Alimardon, “Dunyoning ishlari” asaridagi Ona siymosi keladi. Adibning “Tushda kechgan umrlar”, “Nur borki, soya bor”, “Ikki eshik orasi”, “Daftar hoshiyasidagi bitiklar” kabi asarlari o‘zbek adabiyotining durdonalari qatoridan o‘rin oldi.

Davra suhbatiga yig‘ilganlar adibning insoniylik fazilatlari, haqiqatparvarligini e’tirof etishdi. Akademiya talabalarining adib ijodiga bo‘lgan fikr-mulohazalari tinglandi. O‘tkir Hoshimov hayoti va ijodiga bag‘ishlangan bu kabi adabiy uchrashuvlarni muntazam o‘tkazish kerakligini qayd etishdi.

 

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati


Print   Email