Mustaqillik — eng ulug‘ ne’mat!

Mustaqillik — eng ulug‘ ne’mat!

Sen — qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim!

Bani-bashar paydo bo‘libdiki, insoniyat hurlik, ozodlikka intiladi. Tarixdagi jangu jadallar asosida xalqning erkinligini, mamlakat mustaqilligini tortib olish yoki asrab qolish kabi oliy maqsad mujassam bo‘lgan Insoniyatning ham qadru qiymati uning nechog‘lik ozod ekani bilan o‘lchanadi. “Dunyodagi eng go‘zal inson — ozod inson”, deb bejiz aytilmagan. Bil’aks, mumtoz shoir Cho‘lpon aytadi:

“Kishan kiyma, bo‘yin egma,

Ki sen ham hur tug‘ulg‘onsen!”

Xalqimiz tarixiga nazar tashlasak, ozodlik uchun olib borilgan kurashlar, jasorat va matonat saboqlari ko‘p ekanini ko‘ramiz. Vatan hurligi bebaho, muhtasham ekanini anglaymiz. Najmiddin Kubroning yurt bayrog‘ini qo‘lda tutib jon bergani, Jaloliddining ona diyorini yovga bermaslik uchun olib borgan kurashlari yodga tushadi. Shoh Mashrab “Dili tig‘i sitamdan pora bo‘lgan xalqni ko‘rdim, Tani dardu alamdin yora bo‘lgan xalqni ko‘rdim, Ko‘zi vaqti sahar sayyora bo‘lgan xalqni ko‘rdim”, deb fig‘on etgan bo‘lsa, Jahon otin Uvaysiy “Zamona kulfatidin bu ko‘ngil dog‘ o‘ldi, dog‘ o‘ldi”, deya nola chekkaniga tarix shohid. Sovet istibdodining qatag‘on siyosati qurbonlari bo‘lgan, ayni yigitlik chog‘ida mana shu xalqning erki uchun kurashib, shu yo‘lda shahid bo‘lgan teran tafakkur va bilim sohiblari Mahmudxo‘ja Behbudiy, Abdulla Qodiriy, Cho‘lpon, Usmon Nosir va boshqa ma’rifatparvarlarimizni mudom xotirlash ham qarz, ham farz.

XX asrning qonli va mash’um o‘ttizinchi yillari. Kameralarning temir panjarasi sharaqlab ochiladi. Jimlik hukm surgan yo‘lakda qadam tovushlari yangraydi. Birin-ketin bo‘lmalardan ko‘zlari ich-ichiga botib ketgan, ammo erk, alam uchquni porlayotgan mahbuslar tashqari chiqdi. Bir, ikki, uch...

Cheksiz samoda yulduzlar xira miltiraydi. To‘lin oy qatliomni ko‘rishga yuzi chidamay, mash’um tunni yoritganiga hijolat bo‘lgandek, aybdorlikdan dog‘ bosgan yuzini uvada bulutlar ortiga berkinadi. Qo‘li orqasiga bog‘langan mahbuslarni jarlik yoqasiga olib kelishadi. Safga terib qo‘yishgan. Millat ravnaqi, el saodati uchun kurashgan asl o‘g‘lonlar qalban suhbat quradi:

— Nimalar bo‘lyapti, do‘stim?

— So‘nggi kunga keldik. Chirkinlik o‘ralgan tunda vidolashyapmiz, birodarim.

— Biz haqli umr kechirdikmi?

— Yuzimiz yorug‘, birodar. Nasib etsa, avlodlar bizni hurmat qilib eslar.

— Shu kunlar kelarmikin, maslagim?

— Albatta, kelajak. Qorong‘u tunning ham tongi bor...

Buyruq eshitiladi. O‘q ovozlari yangraydi. Tepalikdan jarlikdagi chuqurga jasadlar yumalaydi.

Bu tarix. Biroz badiiylashtirilgan bo‘lsa-da, ammo haqqoniy o‘tmish. Zero, qatag‘on yillarining dahshatlari hech qachon unutilmaydi. Qanchadan qancha ziyolilarimiz sovuq o‘lkalarga badarg‘a qilindi, otuvga hukm etildi. Darhaqiqat, istiqlol osmondan tushmadi. Behbudiy hazratlari “Haq olinur, berilmas!” deganlarida nechog‘liq haq ekanliklariga millat oydinlarini yo‘qotib amin bo‘ldik. Mard insonlarning hurlik uchun voz kechgan joni, jigarporasidan ayrilgan onalar faryodi, yetim qolgan murg‘ak bolalar fig‘oni qulog‘imiz ostida jaranglayveradi.

Mustaqilliksiz biz qanday ahvolda edik? Erki o‘z qo‘lida bo‘lmagan xalqning ertangi taqdiri nima kechadi? U ham qachonlardir buyuk bo‘lgan asliyatiga qaytadimi? Savollar bisyor, javob esa achchiq va og‘riqli edi. O‘tgan asrdagi sho‘ro istibdodi davridagi qatag‘on siyosati, ma’rifatparvarlarimizning qatl etilishi, millatni ma’nan ochlik va tushkunlikka tushirdi.

Abdulla Qodiriy “moziyga qaytib ish ko‘rmoq xayrlidir”, degan so‘zlarining mohiyatida ham aslida kimliging, qaysi olovlardan omon o‘tib kelganing, qanday xalqning farzandi ekaning, ajdodlaring nechog‘li buyuk bo‘lgani, ularga munosib bo‘lish zimmangdagi majburiyatligini anglaysan.

Mustaqillik esa mana shu ajdodlarimizning porloq xotirasini oqladi. Ularning jasoratli hayotlarini avlodlarga ibrat qilib ko‘rsatish imkonini berdi! Ayniqsa, “Shahidlar xiyoboni”ni Qodiriyning mungli ko‘zlari, Fitratning iztirobi jonni o‘rtaydigan nigohlari, Cho‘lponning “halokat bo‘lg‘usin bilmay, qulochni katta ochdimku” degan hayqiriqlariga, Usmon Nosirning dunyodan bezib, “she’rim yana o‘zing yaxshisan” degan xitobiga, yana minglab ajdodlarimizning porloq xotirasi sharafiga qurilgan ziyoratgoh deb bilaman. Chindan ham mustaqillik Vatan ozodligi yo‘lida qurbon bo‘lgan bobolarimiz ruhiga sakinat berdi!

Mustaqillik tinchlikni kafolatladi, inson huquqlari daxlsizligini ta’minladi. Inson huquqi va xalq irodasi oliy qadriyat ekanini anglatyapti. Fuqarolarimiz salomatligi va farovon hayoti bilan bog‘liq holatlarni yaxshilashimizga imkon yaratdi! O‘z uyida emin-erkin, shodu-hurramlik bilan dehqonchilik qildi, ilm oldi, to‘ylari to‘ylarga ulanmoqda. O‘tayotgan har yil, kunimiz ijobiy o‘zgarishlarga boy bo‘lmoqda. Joriy yilda mamlakatimizda ilm-fanni yanada ravnaq toptirish, yoshlarimizni chuqur bilim, yuksak ma’naviyat va madaniyat egasi etib tarbiyalash, raqobatbardosh iqtisodiyotni shakllantirish borasida boshlagan ishlarimizni jadal davom ettirish va yangi, zamonaviy bosqichga ko‘tarish maqsadida 2020 yilga “Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”, deb nom berildi.

Prezidentimiz yil avvalida Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasida “O‘zbekistonni rivojlangan mamlakatga aylantirishni maqsad qilib qo‘ygan ekanmiz, bunga faqat jadal islohotlar, ilm-ma’rifat va innovatsiya bilan erisha olamiz”, deb ta’kidlashining zamirida xalqni ziyoli, ma’rifatli qilish yo‘lida halok bo‘lgan ajdodlarimizga bo‘lgan cheksiz hurmat yotibdi.

Ayni paytda mustaqillikning 29 yilligiga bag‘ishlangan “Sen — qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim!” ezgu g‘oya atrofida xalqimiz birlashmoqda. Chunki joriy yil nafaqat xalqimiz, balki butun dunyo uchun sinovlarga boy, mashaqqatli kechyapti. Tojsimon virusga qarshi kurashda yurtdoshlarimiz yakdil, og‘ir pallalarda bir-biriga tirgak va hammaslak bo‘lsa, yuksak insoniylik orqali bu kunlarni mardonavor yengib o‘tishga ishonamiz. Zero, Vatanimiz azal-azaldan mashaqqatlar, kulfatlar, urushlar, tazyiqlarni yengib o‘tib, jahon tamadduni, rivoji, madaniyatiga o‘z hissasini qo‘shgan.

Muxtasar aytganda, el-yurtimizning salohiyati, kuch-qudrati, tabiiy boyliklarimizdan oqilona foydalanib, oldimizga qo‘ygan ulug‘vor maqsadlar sari izchil qadam qo‘ymoqdamiz. Mustaqillik muqaddas tushuncha ekanini tilda talaffuz qilib, dildan yurt rivoji uchun astoydil harakat qilsak, ana shunda ko‘zlagan maqsadimizga yetamiz.

Otabek RASULOV,

“Islom iqtisodiyoti va xalqaro munosabatlar” fakulteti

yoshlar bilan ishlash bo‘yicha dekan o‘rinbosari


Print   Email