Muborak vatanning muqaddas timsoli

Muborak vatanning muqaddas timsoli

O‘zbekiston bayrog‘i – yurtimning muqaddas timsoli! Men unga hech bir vaqt olis yurtlarda turib ilhaq bo‘lmadim, sog‘inchdan o‘rtanmadim. Men deyarli yot ellarda bo‘lganim yo‘q. Har doim yurtimdaman. Vatanning bu ulug‘vor timsoli uchun hech qanday karomat ham ko‘rsatganim yo‘q. Dunyoga uning nomidan bir so‘z aytish ham shu paytgacha qo‘limdan kelmadi. Biroq shu yurtga daxldor bir inson, bir fuqaro sifatida unga mehrim baland. Ko‘zim tushganida nigohlarimla erkalab, allalashim haqiqat.

…Qish edi. Gazetadagi tungi navbatchilik tugab, tahririyat xizmat mashinasida uyga qaytyapmiz. Poytaxtning markaziy ko‘chalari bo‘m-bo‘sh, yirik-yirik laylak qor yog‘ib turgan go‘zal bir kecha. Shu payt mashina ichidan Oliy Majlis binosi tepasida ulug‘vor hilpirab turgan bayroqqa ko‘zim tushdi. Qor uchqunlari bilan yanada yorishib ketgan oppoq oydin kechada u shunchalar ulug‘vor, viqorli ediki! Yillar o‘tsa-da u shu holida ko‘zlarimda qoldi. Issiq yoz kechalarida, yomg‘irli tunlarda, charog‘on kunlarda ham u ko‘z o‘ngimda yuksakka bo‘y cho‘zgan o‘sha ulug‘vor holida paydo bo‘ladi. Dunyoda u kabi yana bir bayroqning bo‘lishi mumkin emas! Chunki u mening bayrog‘im, u sizning bayrog‘ingiz, u ona O‘zbekistonning bayrog‘i.

“O‘zbekiston Respublikasining Davlat Mustaqilligi asoslari to‘g‘risida”gi qonunning 16 moddasida “O‘zbekiston Respublikasi o‘z taraqqiyot yo‘lini, o‘z nomini aniqlaydi, o‘z davlat ramzlarini: gerbi, bayrog‘i, madhiyasini ta’sis etadi, o‘z davlat tilini belgilaydi. O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining ramzlari muqaddasdir va ularni har qanday tahqirlash qonun bilan jazolanadi”, deb belgilab qo‘yilgan.

Ushbu qonuniy asosga binoan 1991-yil 18-noyabrda “O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi.

Ha, o‘sha unutilmas, hayajonli kunlardan buyon ham ko‘p suvlar oqib o‘tdi. Davlatimiz bayrog‘i ilk bor Birlashgan Millatlar Tashkiloti binosi qoshida tenglar ichra teng bo‘lib hilpiragan kunlar yodi hamon qalblarni to‘lqinlantiradi.

O‘zbekiston tarixining yangi sahifalari boshlangan o‘sha kunlardan beriga ham bir navqiron avlod shakllandi. Muborak mustaqillik, istiqloldan bahramandlikda ulg‘aygan bir avlod. Har narsaning qimmati taqqoslashda yaqqolroq ko‘rinadi. Bugun ko‘zlarimizni quvnatib yuksaklarda hilpirab turgan ona yurt bayrog‘ini ulug‘ xalqimiz dardlarining malhami bo‘lgan degim keladi.

Uzoqqa bormaylik, yaqin o‘tmishimizda, 80-yillarda yurtimiz boshiga tushgan qora kunlarni eslang. Katta avlod bu kunlarni o‘z ko‘zi bilan ko‘rdi, boshidan o‘tkazdi. Ajdodlari dunyo tamaddunini belgilagan ulkan bir xalqqa, millatga “paxta ishi” degan tavqi la’nat ilindi. Kasalxonalar xasta go‘daklar bilan to‘ldi. Ayollar jonlariga dahshatli tarzda qasd qilish hollari yuz berdi. Bunday holat eng og‘ir ocharchiliklar, urushlarda ham yuz bermagandi. Ulkan saltanatning maqsadsiz urushlaridan yurtga temir tobutlar kela boshladi, to‘rt muchasi sog‘ ketganlarning ayrimlari majruh holda qaytdilar. Tinch joylardan ham temir tobutlar keldi…

Bular shunchaki o‘tmish emas, bular bugunning qiymatini, istiqlol qiymatini anglatadi. Bugun ulkan o‘zgarishlardan so‘z ochganimizda hech narsa osonlik bilan qo‘lga kiritilmaganini ham yodda tutishimiz zarur. Chunki mustaqillik e’lon qilinganidan keyin ham hayot birdaniga yaxshilanib ketmadi. Ammo buyuk maqsad amalga oshgan edi. Mamlakat osmonida erk, ozodlik bayrog‘i hilpiray boshladi.

O‘zbekiston bayrog‘i… Ko‘zlarim sevinchi, borligim, g‘ururim, orim, u! Uni, dastavval, xalqaro sport maydonlarida ona yurtning sherdil o‘g‘il-qizlari tanita boshladi, ularning g‘alabasi sharafiga yurt bayrog‘i ko‘kka tomon yuksaldi. U ko‘klarda hilpirab, qalblarimizni cheksiz g‘urur-iftixorga to‘ldirib, olamga O‘zbekiston degan jannatmakon hur diyorni tanitdi.

O‘zbekiston xalq shoiri Halima Xudoyberdiyeva shunday yozgan edi:

Yurt bayrog‘in har joygamas,

Ko‘nglingga ek. Ko‘ksingni o‘y.

Ishlov bergin, yumshatib tur,

Ildiz otsin, ko‘rsatsin bo‘y.

 

To bu bayroq, Vatan, nurlar

Ich-ichingga ketsin kirib,

Toki g‘anim – vatanxo‘rlar

Ololmasinlar sug‘urib.

 

Shunday o‘rgat qulni, xonni,

Uchmas qush ham uchar bo‘lsin.

To bayroqdan oldin jonni

Bermak oson kechar bo‘lsin.

 

Ha, bu buyuk tuyg‘u. Bu muborak Vatanning muqaddas timsoli. Uni ko‘ksingga qadaganing on, qadri ham yuksaladi.

Ko‘kda hilpiragan bayroq muzaffariyat belgisidir. Qadim-qadimdan qo‘shinlarning zafarli yurishlari hilpiragan bayroqlar ostida o‘tgan. Bayroqlar tarixidan so‘z ochilganida ko‘pchilikda buyuk vatanparvar ajdodimiz shayx Najmiddin Kubroning bayroqdor bo‘lgani xususida yanglish fikr borligi ayon bo‘ladi. Bu yanglish fikr ayrim ziyolilar tomonidan gazeta-jurnallarda e’lon qilingan maqolalarda ham uchrashi achinarlidir. Bunga aniqlik kiritish uchun Xurshid Davronning “Shahidlar shohi” tarixiy-ma’rifiy qissasidan bir parchani keltiramiz:

“…shayx uch qadamcha narida ko‘zlari dahshatdan chaqnab yonayotgan, qo‘lida alvon bayroqni ushlab olgan mo‘g‘ul navkariga tushdi. U xavf-xatarni pisand qilmay, bayroqni balandroq ko‘tarishga urinar, bu bilan safdoshlarini yana shiddat bilan olg‘a bosishga undamoqchi bo‘lardi. Shayxning ko‘zida unga xos bo‘lmagan nafrat va adovat uchqunlari chaqnadi. U birdan oldinga tashlandi-yu, qilichini mo‘g‘ul ko‘kragiga sanchdi. Tug‘bardor qulab tushar-tushmas, kokiliga chang soldi. Ammo tug‘bardorning o‘limini ko‘rgan orqadagi mo‘g‘ullar uni kamondan o‘qqa tutdilar. Novaklarning biri shayx ko‘ksini teshib o‘tdi. Shayx: “Oh!” dedi-yu, yerga quladi. U tug‘bardor kokilini qo‘yib yubormasdan chap qo‘li bilan ko‘ksidagi novakni sug‘urib oldi, so‘ng butun kuchini yig‘ib dushman bayrog‘iga chang soldi…

Mo‘g‘ullarning biri jon bergan shayxning qo‘lidan bayroqni tortib olishga urindi, ammo kuchi yetmadi. Bayroqqa ikkinchi mo‘g‘ul yopishdi. Ammo shayx Kubroning barmoqlari dushman bayrog‘ini shunday kuch bilan qisib turardiki, dushmanlar bu kuch oldida ojiz qoldilar. Bayroqqa uchinchi, to‘rtinchi, beshinchi… yettinchi mo‘g‘ul navkari yopishdi. Ular baravariga zarb bilan tortgan edilar, bayroq yirtilib ketdi. Bayroqning katta parchasi shayx panjasida g‘ijimlangancha qoldi.

Mo‘g‘ullar g‘azabdan quturib shayx murdasini to‘rt yondan qilich bilan chopa boshladilar. Keyin yana murda qo‘lidan yalov parchasini olishga urindilar. Ammo shayx qo‘li ombirdek mahkam qisilgan edi. Oxiri mo‘g‘ullarning biri – yuzi cho‘zinchoq, mallarang, ko‘sa o‘nboshi boshqa navkarlarni chetga surib, kalta qilichini dast ko‘tardi-da… tug‘ parchasini g‘ijimlab turgan barmoqlarni mo‘ljallab bor kuchi bilan urdi. Ammo qisilib, mushtga aylangan barmoqlar toshdek qattiq edi, qilich sakrab ketdi. Jahli chiqqan ko‘sa qilichini chetga irg‘itib, belida osilib turgan xanjarini sug‘urib oldi va so‘kina so‘kina shahid barmoqlarini qirqa boshladi. Barmoqlar qoni silqillab yerga tomchilay boshladi. Nihoyat, murda barmoqlaridan ozod bo‘lgan bayroq parchasini olishga muvaffaq bo‘lgan mo‘g‘ullar chunon baqirdilarki, qilich chopqilashayotgan har ikki taraf ham hayratdan qotib qoldilar. Ayniqsa, o‘nboshi butun bir qal’ani qo‘lga kiritgandek, mag‘rur edi”.

Bu parchada buyuk vatanparvarlik aks etgan. Ulug‘ ajdodimiz, o‘z davrida dovrug‘i yetti iqlimga yetgan Shayxi Valitaroshning Xorazm qatliomida yog‘iy yalovini tutib halok bo‘lgani tarixiy manbalarda mavjuddir. Uning haqida hazrati Jaloliddin Rumiyning o‘lmas satrlari bor.

Shuningdek, bu parchada bayroqning qo‘shin uchun nechog‘li ulkan ahamiyati borligi ham ko‘rsatilgan. Mo‘g‘ul jangchisining shodon hayqirig‘i bejiz emas. Kunpayakun bayroq – kunpayakun qo‘shin demak.

Yozning eng yaxshi hikoyasi …2019-yil yozgi ta’tilda Shahrisabzdan to‘qqiz yashar jiyanim biznikiga mehmon bo‘lib keldi. Uni Toshkentning diqqatga sazovor joylari bilan tanishtirishni o‘zim zimmamga oldim. Tafsilotlarga berilmaymiz. Asosiy voqeaga to‘xtalamiz. O‘quv yilining ilk kunidagi quvonchli xabar olis Yangiobod qishlog‘idan bizga yetib keldi. Jiyanim boshlang‘ich sinflar o‘rtasidagi “Yozning eng yaxshi hikoyasi” tanlovida g‘olib bo‘libdi. Biz uchun tanlovning darajasi muhim emas. Muhimi uning mavzusi!

To‘qqiz yashar Saidazimxon “Ashxabod” sayilgohi yaqinidagi juda-juda balandda xuddi yaqinginada turgandek hilpirashi, ranglari ko‘zni oladigan BAYROQ – bayrog‘imiz haqida yozgan ekan.

Inobat NODIRSHOHOVA.

A’zam MIRZAYEV,

Toshkent davlat yuridik universitetining

Ixtisoslashtirilgan filiali o‘qituvchisi

Manba: “Vatanparvar” gazetasi


Print   Email