Maxsus kurs doirasida navbatdagi mahorat dars

Maxsus kurs doirasida navbatdagi mahorat dars

Xabaringiz bor, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi “O‘zbekiston musulmonlari idorasining Sovet Ittifoqi davridagi faoliyati (1973-1989) yillar” nomli maxsus kurs doirasida turli davra suhbatlari o‘tkazilmoqda. Navbatdagi onlayn seminar “Muftiy Ziyovuddinxon ibn Eshon Boboxon haqida chet el din arboblari va zamondoshlari xotiralari” mavzusiga bag‘ishlandi.

Unda O‘zbekistondagi islom sivilizatsiya markazi direktori o‘rinbosari Shayx Abdulaziz Mansur ishtirok etib, mavzu yuzasidan ma’ruza qildi. ZOOM platformasi orqali onlayn shaklda tashkil etilgan tadbirda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi O‘quv ishlari bo‘yicha prorektori Ibrohim Usmonov, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Davronbek Maxsudov, Shayx Eshon Boboxon ibn Abdulmajidxonning nabirasi Muxlisa Ziyavuddinova, soha mutaxassislari, Akademiya professor-o‘qituvchilari, xodimlari hamda talabalari ishtirok etdi.

– Ustoz axloq, xushmuomalik, kamtarlik, saxovatda barchaga namuna edilar, – deydi Shayx Abdulaziz Mansur. – Ustoz bilan birgalikda sakkiz yil faoliyat yuritib, bu muddat davomida ustozning ilm olish va uni ulashishga bo‘lgan ishtiyoqlari, keksayib qolgan chog‘larida ham kitob mutolaasidan to‘xtamaganliklariga guvoh bo‘ldim. Ustoz barchaga birdek yaxshilik qilardilar. Ko‘plab mamlakatlarning ulamolari bilan do‘stona aloqalarni uzmadi. Aynan ustoz davrida diniy idorada xorijiy mamlakatlar bilan ilmiy aloqalar qilish uchun xalqaro bo‘lim tashkil etildi. Xorijlik ulamolar bilan hamkorlikda ish olib borishdi. Ustozning kamtarligi, aql-zakovatini xorijlik hamkasblarimiz ham e’tirof etishgani sir emas. Sobiq ittifoq davrida yurtimizda diniy saboq olib, hozirda yirik diniy ulamoga aylanganlar Ziyovuddinxon ibn Eshon Boboxon bizning ustozimiz bo‘lgan deb ta’kidlashadi.

Davra suhbatida so‘zga chiqqanlar muftiy Ziyovuddinxon ibn Eshon Boboxonning sharafli yo‘li tadbir ishtirokchilarining mavzu yuzasidan fikrlari tinglandi. Mazmunli o‘tgan seminar yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi.

 

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati


Print   Email