Iqtidorli talabalar e'tirof etildi

Iqtidorli talabalar e'tirof etildi

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida talabalarning qiziqishlarini qo‘llab-quvvatlash, ularning tashabbus va faolligini oshirish maqsadida “Talabalarning erishgan yutuqlari” mavzusida onlayn davra suhbati o‘tkazildi.

Iqtidorli talabalarning ilmiy-tadqiqot ishlarini tashkil etish sektori hamda “Yoshlar bilan ishlash ma’naviyat va ma’rifat” bo‘limi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda Akademiya Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Zohidjon Islomov, Iqtidorli talabalarning ilmiy-tadqiqot ishlarini tashkil etish sektori boshlig‘i Dilafro‘z Turdiyeva, Yoshlar bilan ishlash ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi boshlig‘i Munira Qahhorova, Islom iqtisodiyoti va xalqaro munosabatlar fakulteti dekani Ashurali Abdurashidov hamda Akademiya talabalari ishtirok etdi.

Davra suhbatini akademiyaning Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Zohidjon Islomov kirish so‘zi bilan ochib, yoshlarni qo‘lga kiritgan yutuqlari bilan tabrikladi.

Uchrashuvda tengdoshlariga o‘qish va jamoat ishlarida o‘zining tirishqoqligi, bilimga chanqoqligi bilan o‘rnak bo‘lgan “Jahon iqtisodiyoti va xalqaro iqtisodiy munosabatlar” yo‘nalishi 4-bosqich talabasi Kamola Bekniyozova hamda “Islom iqtisodiyoti va xalqaro munosabatlar” fakulteti talabasi Muslima Zaynuddinovalar Akademiya rahbariyati tomonidan munosib taqdirlandi.

— Talabalarimizning ushbu yutuqlari zamirida nafaqat o‘zlari, balki akademiyamizdagi fidoyi ustozlarining ham mehnati mujassam, — deydi Islom iqtisodiyoti va xalqaro munosabatlar fakulteti dekani Ashurali Abdurashidov. — Yoshlarning bilim olishga bo‘lgan bu intilishini e’tirof qilsa arziydi. Gʻoliblikni qo‘lga kiritgan faol qizlarimizni ota-onalari va ustozlarini tabriklayman.

Kamola Bekniyozova oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida o‘tkazilgan respublika fan olimpiadasida “Jahon iqtisodiyoti” fanidan ishtirok etib, faxrli birinchi o‘rinni egallagan bo‘lsa, Muslima Zayniddinova “O‘zbekiston iqtisodiyoti” fanidan qatnashib, uchinchi o‘rin sohibasiga aylandi.

— Fursatdan foydalanib, bizga ilm-ma’rifat ulashayotgan ustozlarimga o‘z minnatdorligimni bildiraman, — deydi Kamola Bekniyozova. — Ularning zahmatli mehnati tufayli “SUSI Women’s Leadership-2019” g‘olibasiga aylandim. “Leaders Forum”, “Central Asian women” konferensiyalarida ishtirok etdim. O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi stipendiyasini qo‘lga kiritdim. Kelajakda jamiyat hayotida yanada faol bo‘lib, yurtimiz ravnaqiga munosib hissa qo‘shaman.

   Davra suhbati yakunida so‘zga chiqqanlar talabalarni qo‘lga kiritgan yutuqlari bilan tabriklab, ularning kelgusi faoliyatlariga omad tilashdi. 

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati


Print   Email