Ilmiy ish e’tirof etildi

Ilmiy ish e’tirof etildi

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasining yosh tadqiqotchisi Nasriddin Mirzayevning “XIX-XX asr boshlarida Toshkent qozixonalarida yuritilgan ijtimoiy munosabatlarga oid hujjatlar” mavzusidagi 24.00.01 – Islom tarixi va manbashunosligi ixtisosligidan tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olishga taqdim etilayotgan dissertatsiyasi himoyasi o‘tkazildi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi huzuridagi fan doktori ilmiy darajalar beruvchi DSc. 35/30.12.2019.Isl/Tar/F.57.01 raqamli kengashining BIMM va ZOOM platformalari orqali onlayn tarzda o‘tkazilgan navbatdagi majlisida tadqiqotchining mavzu bo‘yicha olib borilgan ilmiy tadqiqot ishining dolzarbligi, yangiligi, amaliy va nazariy ahamiyati kabi muhim jihatlari Ilmiy kengash va olimlar tomonidan chuqur o‘rganildi.

Doktorlik ishi XIX-XX asr boshlarida Toshkent qozixonalari faoliyatiga oid tadqiqotlarni tahlil qilish, o‘rganilgan tadqiqot ishlarining yo‘nalishi va mazmunidan kelib chiqib, bir nechta guruhga bo‘lgan holda farqli xususiyatlarini ochish, Toshkent qozixonalarida tuzilgan va amalda tatbiq qilingan hujjatlarni manbaviy va paleografik nuqtai nazardan yondashgan holda, ularni hujjatshunoslik tamoyillari asosida tavsiflash hamda tarkibini aniqlash, qozixonalarda yuritilgan qozilik hujjatlarini manba sifatida o‘rganish, bu turdagi hujjatlarni tadqiq qilish yo‘nalishida mavjud metodologik va nazariy masalalarni ilmiy asoslash kabi vazifalarni aniqlashga xizmat qiladi.

– Tadqiqotning ilmiy ahamiyati unda bayon etilgan tahliliy mulohazalar, nazariy xulosa va takliflar XIX-XX asr boshida Toshkent qozixonalari tarixiga metodologik yondashuvlar, ilmiy tadqiqotlarda yangicha ilmiy qarashlar va ijtimoiy munosabatlar bo‘yicha nazariy xulosalarni takomillashtirishda foydalanishi bilan izohlanadi, – deydi Nasriddin Mirzayev. – Dissertatsiya natijalarining amaliy ahamiyati ularning tarixchilar, islom manbashunosligi, matnshunoslik va huquq tarixi bilan shug‘ullanuvchilar uchun amaliy qo‘llanma vazifasini o‘tashi, shuningdek, “Islom tarixi va manbashunosligi”, “Islomshunoslik”, “Dinshunoslik” kabi yo‘nalishdagi fanlarni o‘qitishda hamda ular bo‘yicha yangi darslik, qo‘llanma va maxsus kurslar ishlab chiqish hamda Toshkent hududiga oid tarixiy toponomik nomlarni aniqlashga xizmat qilishi bilan asoslanadi.

Dissertatsiyaning kirish qismida tanlangan mavzuning dolzarbligi asoslanib, tadqiqotning maqsad va vazifalari, o‘rganish obyekti va predmeti aniqlangan. “XIX-XX asr boshlariga oid Toshkent qozilik hujjatlarini o‘rganishning nazariy masalalari” deb nomlangan birinchi bobida Toshkent qozixonalari faoliyatiga oid tadqiqotlar tahlil etilgan bo‘lsa, “XIX-XX asr boshida Toshkent qozixonalari faoliyati va ularda mol-mulkka oid hujjatlarni yuritish tartibi” deb nomlangan ikkinchi bobda Toshkent qozixonalari faoliyati va ish yuritish tartibi, rasmiylashtirilgan mol-mulkka oid hujjatlarning manbaviy tahlili berilgan. “Toshkent qozilik hujjatlarida oilaviy masalalarning aks etishi” deb nomlangan uchinchi bobda esa nikoh va taloq masalalarining yechimi, qozixona amaliyotida sag‘ir bolalarga vasiy tayinlash va nazorat qilish tartibi yoritiladi.

Tadqiqot himoyasida so‘zga chiqqan ekspertlar olimning tadqiqot ishini chuqur ilmiy darajada o‘rganganini qayd etishdi. Yakunda Nasriddin Mirzayev Islom tarixi va manbashunosligi ixtisosligidan tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasiga munosib ekani bir ovozdan ma’qullandi.

 

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati


Print   Email