Huquqiy savodxonlikni shakllantirish muhim

Huquqiy savodxonlikni shakllantirish muhim

Jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirib borish qonun ustuvorligini ta’minlash va qonuniylikni mustahkamlashning eng muhim shartlaridan biri hisoblanadi. Bu borada yoshlarning siyosiy faolligi va fuqarolik mas’uliyatini yanada oshirish talab etiladi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi hamda “Ijtimoiy-gumanitar fanlar” kafedrasi hamkorligida “O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida uy-joy, oila va nikoh masalalari: nazariya va amaliyot” mavzusida onlayn amaliy seminar bo‘lib o‘tdi. Unda Fuqarolik ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudining sudyasi Xurshidaxon Qurbonova, kafedra o‘qituvchilari va talaba-yoshlar ishtirok etdi.

Seminarni “Ijtimoiy-gumanitar fanlar” kafedrasi katta o‘qituvchisi Firuz Rashidov kirish so‘zi bilan ocharkan, Akademiya talabalarining huquqiy savodxonligini oshirish, jamiyatda sodir bo‘layotgan huquqiy o‘zgarishlarni yoshlarga yetkazish muhim ekani, buning uchun oyda bir marotaba sud-huquq tizimidagi o‘zgarishlar bo‘yicha amaliy seminarlar o‘tkazish belgilanganini ta’kidladi.

— Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlar oilaviy, uy-joy, mehnat hamda boshqa fuqarolik nizolari bo‘yicha ishlarni ko‘rib chiqadi, — deydi Xurshidaxon Qurbonova. — Mol-mulkni bo‘lish, nikohdan ajratish, uy-joyga majburiy tartibda kiritish, xonadondan majburiy tartibda ko‘chirish, mehnat munosabatlari deb tan olish va ish beruvchini mehnat shartnomasini tuzishga majburlash kabi arizalar o‘rganiladi. Bugungi tadbirda tizim faoliyati muhokama etildi. Quvonarlisi, so‘nggi yillarda milliy huquq tizimini tubdan isloh qilish borasida sezilarli ishlar amalga oshirildi. Ushbu tadbir talabalarda huquqiy savodxonlik tushunchasini yanada shakllanishiga xizmat qiladi.

Davra suhbati yakunida talaba-yoshlar tomonidan takliflar berildi. Onlayn seminar qizg‘in munozara, savol-javoblar ostida o‘tdi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati


Print   Email