Hamkorlikda navbatdagi vebinar o‘tkazildi

Hamkorlikda navbatdagi vebinar o‘tkazildi

O‘zbekiston Respublikasi Turizm va sport vazirligi, Turizmni rivojlantirish instituti hamda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi hamkorligida vebinar darslari o‘tkazilmoqda. Navbatdagi davra suhbati “Mahmud Zamaxshariyning islom dunyosidagi sayohati va uning o‘ziga xos jihatlari” mavzusida tashkil etildi.

Mazkur davra suhbatida O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori, filologiya fanlari doktori, professor Zohidjon Islomov, hamkor tashkilot vakillari, tadqiqotchilar hamda talabalar ishtirok etdi.

– Movarounnahr zaminida azaldan jahon fani va madaniyati rivojiga munosib hissa qo‘shgan ko‘plab buyuk allomalar yetishib chiqqan, – deydi Zohidjon Islomov. – Alloma ko‘p qirrali, shaxs va olim edi. Uning ilmiy merosini dunyo mamlakatlari qiziqib o‘rganishadi. Zamaxshariy ilm-fanning turli sohalari bilan qiziqib, madrasadagi tolibi ilmlar orasida zo‘r iste’dodini namoyon qila boshlaydi. Mutafakkir umri davomida Marv, Nishopur, Isfaxon, Shom, Bog‘dod, Makka shaharlariga safar qilib, ilm olish bilan shug‘ullanadi. Mahmud Zamaxshariy o‘z davrining allomalaridan biri hisoblanib, mantiq, grammatika, lug‘at, adabiyot, adabiyotshunoslik, pedagogika, tarix, tafsir, hadis, fiqh ilmlari va boshqa sohalarga oid 80 dan ziyod asar yozib qoldiradi.

Tadbirda Mahmud Zamaxshariyning ilmiy-ma’naviy merosini o‘rganish bilan bir qatorda uning jahon sivilizatsiyasi taraqqiyotiga qo‘shgan hissasi, fan va madaniyat taraqqiyotidagi o‘ziga xos o‘rni haqida so‘z yuritildi. Mahmud Zamaxshariy hayoti va ijodi o‘sib kelayotgan yosh avlodning ajdodlarimizga munosib farzand bo‘lib voyaga yetishida katta ahamiyati borligi ta’kidlandi.

Tadbir yakunida yig‘ilganlar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilishdi. Mazmunli davra suhbati uchun minnatdorlik bildirildi.

 

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati


Print   Email