Buyuk yurtning – buyuk allomalari

Buyuk yurtning – buyuk allomalari

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi, O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi hamkorligida “Buyuk yurtning – buyuk allomalari” mavzusida respublika ilmiy-amaliy onlayn konferensiyasi o‘tkazildi.

Anjumanni Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari Minxojiddin Hojimatov, markazi rahbari birinchi o‘rinbosari, pedagogika fanlari doktori, professor Muhammadjon Quronov hamda O‘zR FA O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi direktori, tarix fanlari doktori, professor Jannat Ismailova kirish so‘zi bilan ochib berishdi.

Konferensiyada turli hamkor tashkilot vakillari, oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari, ilmiy tadqiqotchilar ishtirok etdi. Tadbirda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi “Islom tarixi va manbashunosligi IRCICA” kafedrasi professori Saidakbar Agzamxodjayev “Markaziy Osiyo ma’rifatparvarlarining ilmiy-ma’rifiy faoliyatini o‘rganishga oid yangicha yondashuvlar” mavzusidagi ma’ruzasi bilan qatnashdi.

– Markaziy Osiyo hududi asrlar davomida Buyuk Ipak yo‘li orqali Sharq va Gʻarbni bog‘laydigan ko‘prik vazifasini o‘tagan, – deydi tarix fanlari doktori, professor Saidakbar Agzamxodjayev. – Turli sivilizatsiya va madaniyatlar o‘zaro tutashgan muhim chorrahada joylashgan qadim diyorimiz shu asosda umuminsoniy taraqqiyotga beqiyos hissa qo‘shgan o‘lka sifatida tanilgan. Ko‘hna Movarounnahr zaminida tug‘ilib kamolga yetgan, o‘zining ilmiy jasorati va buyuk kashfiyotlari bilan islom dunyosida ulkan shuhrat qozongan Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Abu Ali ibn Sino, Ahmad Farg‘oniy, Abu Rayhon Beruniy, Muhammad Xorazmiy, Mahmud Zamaxshariy, Burhoniddin Marg‘inoniy, Mirzo Ulug‘bek va Alisher Navoiy kabi aziz allomalarimiz, buyuk mutafakkirlarimizning hayoti va faoliyati islom madaniyati va sivilizatsiyasi bilan chambarchas bog‘lanib ketgan. Ajdodlarimizning keng qomusiy bilim, g‘oya va fikrlarini o‘zida mujassam etgan, bugungi kunda ham ilmiy va insoniy qadr-qimmatini yo‘qotmagan boy va bebaho merosini yosh avlodga yetkazish muhim ahamiyat kasb etadi.

Anjumanda ishtirokchilarning “Sharq mutafakkirlari ta’lim-tarbiya xaqida”, “Sohibqiron fazilatlari”, “O‘zbekiston – uchinchi renessansga poydevor”, “Burhoniddin Marg‘inoniy ma’naviy-axloqiy merosining yoshlar tarbiyasidagi ahamiyati”, “Davlat boshqaruvida fuqarolarning ishtiroki allomalarimiz nigohida” kabi mavzulardagi ma’ruzalari yig‘ilganlarning e’tiborida bo‘ldi.

Tadbir yakunida so‘z yuritilgan mavzular yuzasidan qatnashchilarning fikr-mulohazalari tinglandi. O‘zaro savol-javob, qizg‘in muhokamalarga boy o‘tgan anjuman uchun mutasaddilarga minnatdorlik bildirildi.

 

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati


Print   Email