Barkamol avlod tarbiyachilari

Barkamol avlod tarbiyachilari

11-oktabr – Xalqaro qizlar kuni

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh assambleyasi tomonidan 2012-yil 11-oktabr – “Xalqaro qizlar kuni” deb e’lon qilingan. Mazkur kun qizlarning kamsitilishi, ularning ijtimoiy muammolariga butun dunyoning e’tiborini qaratish maqsadida nishonlanadi.

“Xalqaro qizlar kuni” munosabati oldidan barcha ta’lim muassasalarida turli ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, qizlar o‘rtasida sport musobaqalari o‘tkazilmoqda. Iqtidorli qizlarning turli sohalardagi ijod namunalari ko‘rgazmasi, qizlar mushoirasi, turli sohalarda yuksak muvaffaqiyatlarga erishgan qizlar bilan onlayn uchrashuvlar tashkil etilyapti.

Ana shunday tadbirlardan biri O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida “O‘zbekoyim qizlari” mavzusida bo‘lib o‘tdi. Akademiya Xotin-qizlar bilan ishlash bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan onlayn tadbirda qizlarning sifatli bilim olishi, kitob o‘qishiga bo‘lgan qiziqishi, ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, iqtidorli qizlar safini kengaytirish, ularni turli zararli g‘oya va tahdidlardan asrash, bugungi islohotlarga faol munosabatlarini shakllantirish bosh maqsadga aylandi.

 

Tadbirda Yoshlar bilan ishlash ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi boshlig‘i Munira Qahhorova, Xotin-qizlar bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i Roziya Matibayeva, bo‘lim mutaxassisi Laylo Saidova hamda tadbir mehmonlari oilashunos mutaxassislar Mavjuda Zohidova, Oydinoy To‘xtayeva va Akademiya talaba-yoshlari ishtirok etdi. Davra suhbatini akademiyaning Yoshlar bilan ishlash ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi boshlig‘i Munira Qahhorova kirish so‘zi bilan boshlab, yurtimizda xotin-qizlarga yaratilayotgan keng imkoniyat va e’tibor haqida ma’lumot berdi.

— Bugun hukumatimiz tomonidan xotin-qizlarga bo‘lgan e’tibor har qachongidan-da baland, — deydi Munira Qahhorova. — Prezidentimiz tashabbuslari bilan qishloq joylarda yashayotgan, kam ta’minlangan oilalarga mansub qizlarni oliy o‘quv yurtlarining kunduzgi bo‘limida davlat granti asosida o‘qishlari uchun 940 ta o‘rin ajratildi. Xotin-qizlarga berilgan mazkur e’tibor va imkoniyat davlatimiz rahbarining 1-oktabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni bayram nutqidagi buyuk davlat arbobi Indira Gandining “Bitta qiz bolani o‘qitsangiz, butun oilani o‘qitgan bo‘lasiz”, degan so‘zlarining amaldagi isboti bo‘ldi. Bundan tashqari, Prezidentimiz kuni kecha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ham jamiyatda ayollar va yoshlarning rolini oshirish hamda bandligini ta’minlash chora-tadbirlari haqida alohida ta’kidlaganlari quvonchli voqea bo‘ldi.

— Xotin-qizlarimizning salomatligi millat rivojlanishida katta o‘rin tutadi, — deydi tadbir mehmonlaridan Mavjuda Zohidova. — Sog‘lom turmush tarzi targ‘ib etilgan oilalarda reproduktiv salomatlikka salbiy ta’sir etadigan muammolar kam kuzatiladi. Buning uchun esa aholining tibbiy bilimini oshirish, har bir inson, ayniqsa, qizlarning o‘z salomatligiga mas’ulligini kuchaytirish zarur. Ularning sog‘lom bo‘lishi to‘g‘ri ovqatlanish va turmush tarzdagi tartib-qoidaga bog‘liq. Bu bilan xotin-qizlarimizda uchraydigan turli kasalliklarning oldini olgan bo‘lardik. Zero, sog‘lom ona — sog‘lom farzandni dunyoga keltiradi. Ular barkamol avlod tarbiyachilaridir.

Mazmunli o‘tgan tadbir davomida Akademiya talabalari tomonidan ayollarni madh etuvchi she’r-qo‘shiqlar, videoroliklar taqdim etildi. Milliy liboslar aks etgan videorolik namoyishi yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati


Print   Email