Anna Freyd va uning himoya mexanizmlari tahlil etildi

Anna Freyd va uning himoya mexanizmlari tahlil etildi

10-oktabr Xalqaro ruhiy salomatlik kuni

Bugungi kunda dunyoda turli og‘irlikdagi ruhiy buzilishlarga ega 1 milliardga yaqin odam yashaydi, har yili spirtli ichimlik iste’mol qilish natijasida 3 million kishi vafot etadi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti o‘tkazgan yangi izlanishlarga ko‘ra, ishdagi nosog‘lom muhit jismoniy va ruhiy kasalliklarga, ichkilikka yoki boshqa psixoaktiv moddalarga berilishga olib kelishi aniqlandi. Bu esa xodimlarning ish samaradorligini pasaytiradi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi “Din psixologiyasi va pedagogika” kafedrasi tomonidan ana shunday ruhiy zo‘riqishlarni oldini olish maqsadida “Anna Freyd va himoya mexanizmlari” mavzusida onlayn davra suhbati tashkil etildi. 10-oktabr – Xalqaro ruhiy salomatlik kuni munosabati bilan o‘tkazilgan tadbirda “Din psixologiyasi va pedagogika” kafedrasi mudiri, pedagogika fanlari nomzodi, dotsent Zebo Qosimova, Rossiya Federatsiyasining Musulmonlarga psixologik yordam ko‘rsatish assosiatsiyasi Boshqirdiston bo‘limi rahbari, yuridik fanlari nomzodi, amaliyotchi psixolog Filyus Yaxin, kafedra professor-o‘qituvchilari hamda talabalar ishtirok etdi.

Davra suhbatini “Din psixologiyasi va pedagogika” kafedrasi mudiri, pedagogika fanlari nomzodi, dotsent Zebo Qosimova kirish so‘zi bilan boshlab, mazkur mavzuning dolzarb jihatlarini tushuntirib o‘tdi. “Din psixologiyasi va pedagogika” kafedrasi magistranti Jahongir Tolipov Anna Freyd va uning ilmiy faoliyati haqida yig‘ilganlarga ma’lumot berdi.

— Anna Freyd mashhur psixolog Zigmund Freydning qizi hisoblanadi, — deydi Jahongir Tolipov. — Anna yoshligidan otasining ilmiy faoliyatini o‘rganishga qiziqadi. U psixoanaliz, psixoterapiya va bolalar psixologiyasiga katta ta’sir ko‘rsatadigan nufuzli psixolog bo‘lib yetishadi. Anna Freyd otasining ilmiy faoliyatini kengaytirib, bolalar psixoanalizining asoschisiga aylanadi. Himoya mexanizmlari, ego psixologiyasiga katta hissa qo‘shadi. Bolalarni psixologik o‘rganish va davolash maktabini tashkil qiladi. Odamlardagi tajovuzkorlik holatlarini chuqur o‘rganadi.

Davra suhbatida Anna Freydning bolalar psixoanaliz sohasini yaratib, ularni davolashda turli usullarni ishlab chiqqani ta’kidlandi. Anna Freyd “Ego va himoya mexanizmlari” kitobida himoya odamlarda to‘qqizta himoya mexanizmi borligini qayd etib, ularning har birini batafsil izohlaydi.

Ta’kidlash kerak, mashhur amaliyotchi psixolog bolalardan olgan tajribalari asosida “Urush davridagi yosh bolalar”, “Oilalarsiz chaqaloqlar” hamda “Urush va bolalar” singari kitoblar muallifiga aylanadi.

Qizg‘in muhokamalar ostida o‘tgan davra suhbati yakunida mavzu yuzasidan ma’ruzachilarga savollar berildi. Ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

 


Print   Email