Akademiyada “Qizlar guldastasi” bayram tadbiri tashkil etildi

Akademiyada “Qizlar guldastasi” bayram tadbiri tashkil etildi

Yurtimizda xotin-qizlarning jamiyatdagi mavqeini oshirish, ularning qonuniy huquq hamda manfaatlarini ta’minlash, salomatliklarini mustahkamlash, intilish va tashabbuslarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangan. Ayniqsa, qizlar tarbiyasini to‘g‘ri shakllantirish, ularning qalbi va ongida Vatanga muhabbat, milliy an’ana va qadriyatlarimizga hurmat, istiqlol g‘oyalariga sadoqat tuyg‘ularini qaror toptirish, salomatligini asrash, jismoniy tarbiya va sportga bo‘lgan qiziqishini kuchaytirish muhim o‘rin egallaydi.

Shu maqsadda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida “Qizlar guldastasi” deb nomlangan nazm va navo kechasi bo‘lib o‘tdi. Akademiyaning xotin-qizlar jamoatchilik kengashi tomonidan tashkil etilgan tadbirda professor-o‘qituvchilar hamda talaba-qizlar ishtirok etdi.

Tadbir davomida talaba-qizlar o‘zlarining hunarmandchilik buyumlari, kashtachilik, rassomlik, pazandachilik namunalari bilan ishtirok etishdi. “Tengdosh – tengdoshga” tamoyili asosida O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasining yutuqlarga erishgan talaba-qizlari so‘zga chiqib, tengdoshlariga o‘zlariga bo‘lgan ishonchni yanada kuchaytirish bo‘yicha maslahatlarni berishdi.

Uchrashuv davomida Akademiyaning “Islomshunoslik” fakulteti talabasi, “Qizim, deya erkalagin Vatan meni” nomli kitob muallifi Muslima Mamatoxunova yig‘ilganlarga o‘zining ijod namunalaridan o‘qib berdi.

Tadbirda iqtidorli qizlar tomonidan tayyorlangan kuy-qo‘shiqlar, “Dutorchi qizlar” ansamblining chiqishlari yig‘ilganlarda katta taassurot qoldi. Talabalar tomonidan bu kabi ma’naviy-ma’rifiy uchrashuvlarni muntazam o‘tkazib turish kerakligi ta’kidlandi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati


Print   Email