Akademiya ilmiy salohiyati ortib bormoqda

Akademiya ilmiy salohiyati ortib bormoqda

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi huzuridagi fan doktori ilmiy darajalar beruvchi DSc. 35/30.12.2019.Isl/Tar/F.57.01 raqamli kengash majlisida dissertatsiya himoyasi o‘tkazildi. Akademiya tadqiqotchisi Muzaffarxon Joniyevning “O‘rta Osiyoda haj safarlarini tashkil etishning o‘ziga xos xususiyatlari (XIX asr oxiri – XX asrning 80 yillari)” mavzusidagi 24.00.01. –  Islom tarixi va manbashunosligi ixtisosligidan tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olishga taqdim etilgan dissertatsiyasi himoyasida aynan shu mavzu muhokama markazida bo‘ldi.

Muzaffarxon Joniyev tadqiqotning maqsadi O‘rta Osiyoda haj safarlarining tashkil etilishi va uning o‘ziga xos xususiyatlarini ochib berishdan iborat ekanligini ta’kidlab, doktorlik ishining ilmiy ahamiyati madaniy meros, o‘zbek xalqi, davlatchilik tarixi, islom tarixi va manbashunosligi masalalariga bag‘ishlangan istiqbolli ilmiy tadqiqotlarga manba bo‘lib xizmat qilishi bilan belgilanishini qayd etdi. 

– Kirish qismida dissertatsiya mavzusining dolzarbligi va zarurati asoslangan hamda muammoning o‘rganilganlik darajasi tahlil etilgan, – deydi Muzaffarxon Joniyev. – “XIX asr oxiri – XX asrning 80 yillarida O‘rta Osiyo musulmonlari haj safarlari tarixini o‘rganishning ilmiy-nazariy asoslari”, “XIX asr oxiri – XX asr boshlarida haj safarlarining tashkiliy masalalari va bu jarayonda takyalar faoliyati”, “Sovet davrida O‘rta Osiyo musulmonlarining haj safarlari” deb nomlangan uchta bobga ajratilgan.

Yosh tadqiqotchi Muzaffarxon Joniyev ilmiy ishi haqida yig‘ilganlarga ma’lumot berarkan, tadqiqot jarayonida olingan natija va xulosalardan kelib chiqib, “O‘zbekistonning musulmon mamlakatlari bilan aloqalarida haj safarlarining o‘rni: o‘tmish va hozirgi zamon” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etish va uning to‘plamini nashr etish kabi taklif va tavsiyalarni berdi.

Dissertatsiya himoyasida so‘zga chiqqan ekspertlar yosh olim tadqiqot ishini chuqur ilmiy darajada o‘rganganini qayd etishdi. Aniq faktlarga tayanilgan ma’lumotlar mavzu ko‘lamini yanada ochib bergani qayd etildi. Yakunda Muzaffarxon Joniyev Islom tarixi va manbashunosligi ixtisosligidan tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasiga munosib ekani bir ovozdan ma’qullandi.

 

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati


Print   Email