Adiblar xiyobonida Behbudiy yod etildi

Adiblar xiyobonida Behbudiy yod etildi

Joriy yilning may oyida Prezidentimiz Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy bog‘ida barpo etilgan Adiblar xiyoboniga qilgan tashrifidan so‘ng yoshlar orasida buyuk adiblarimizning hayoti va ijodini chuqur o‘rganish, ularning ilmiy-ma’naviy merosiga bo‘lgan qiziqish yanada ortdi.

Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy bog‘ida barpo etilgan Adiblar xiyobonidagi Mahmudxo‘ja Behbudiy haykali yonida O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi tomonidan adib hayoti va ijodiga bag‘ishlangan “Behbudiyning yoshlarga murojaati” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi. “Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat” bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan uchrashuvda o‘zbek jadidchilik harakati yetakchisining hayoti va ijodi, ijtimoiy-siyosiy muhit rivojiga qo‘shgan hissasi, o‘zbek adabiyoti va matbuotidagi o‘rni xususida so‘z yuritildi.

Tadbirda “Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat” bo‘limi boshlig‘i Munira Qahhorova,  “Islom tarixi va manbashunosligi IRCICA” kafedrasi mudiri, tarix fanlari doktori Ne’matullo Muhamedov, mazkur kafedra o‘qituvchisi, tarix fanlari nomzodi Tohir Xatamov, akademiya o‘qituvchilari, ilmiy-tadqiqotchilar hamda talabalar qatnashdi.

— Behbudiyning maqolalarida aks etgan mavzular bugun ham o‘z ahamiyatini yo‘qotgani yo‘q, — deydi tarix fanlari doktori Ne’matullo Muhamedov. — Masalan, Behbudiy “Ikki emas, to‘rt til lozim” maqolasida yoshlar xorijiy tillarni puxta o‘rgansa, bu bilan yangi bilim cho‘qqilarini egallashi mumkinliklari haqida yozadi. Ayniqsa, mazkur da’vat O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi talabalari uchun ham ibrat, ham qo‘llanma bo‘lib xizmat qilishi shubhasiz.

So‘zga chiqqanlar talaba-yoshlarga adib hayoti va ijodi, ilmiy-ma’naviy faoliyati bo‘yicha qiziqarli ma’lumotlar berdi.

— Behbudiy haj safarida bo‘lgan chog‘ida Arabiston, Misr, Turkiyadagi sayohati davomida yangi maktab ochish fikrini mustahkamlab boradi, — deydi tarix fanlari nomzodi Tohir Xatamov. — Vataniga qaytgach, Samarqand yaqinidagi Halvoyi qishlog‘ida Ajziy, Rajabaminda, Abdulqodir Shakuriylar bilan hamkorlikda yangi maktab ochadi. Keyinchalik, Qozon va Ufaga borib, u yerdagi yangi usul maktablari bilan tanishadi, tatar ziyolilari bilan aloqani yo‘lga qo‘yadi. Behbudiy yangi usul maktablari yoshlarning zamonaviy bilim olishiga xizmat qilishini ko‘plab maqolalarida, shu jumladan, “Oyna” jurnalidagi “Yoshlarg‘a murojaat” maqolasida ham qayd etadi.

Uchrashuv yakunida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javob oldi. Professor-o‘qituvchilar tomonidan adib hayoti va ijodiga yana bir bor to‘xtalib o‘tildi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati


Print   Email