“Yoshlar – Uchinchi Renessans drayverlari”

“Yoshlar – Uchinchi Renessans drayverlari”

Har bir davlat va jamiyat taraqqiyoti yurtning yetakchi kuchi bo‘lmish yoshlar tarbiyasi, ularning vatanparvarligi, zamonaviy kasblarni egallash darajasi bilan chambarchas bog‘liq jarayondir. Ularning yangi tashabbus va g‘oyalarini o‘rganish, siyosiy faolligini oshirish maqsadida O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar parlamenti a’zolari hamkorligida “Yoshlar – Uchinchi Renessans drayverlari” mavzusida uchrashuv tashkil etildi.

Akademiyada bo‘lib o‘tgan uchrashuv avvalida tadbir ishtirokchilariga talabalar uchun yaratilgan sharoitlar, o‘quv xonalari, “Manbalar xazinasi” bo‘limi, Axborot-resurs markazi, “BOOK CAFE” tanishtirildi. Akademiya hududida joylashgan muqaddas qadamjolar – Shayxovantahur, To‘labek (Qaldirg‘ochbek) hamda Yunusxon maqbaralarini mehmonlar ziyorat qilishdi. Shundan so‘ng davra suhbati tashkil etildi.

Unda Yoshlar parlamenti raisi o‘rinbosari, Yoshlar parlamentining “Milliy tiklanish” partiyasi fraksiyasi rahbari Shahnoza Joldasova, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi Yoshlar ittifoqi boshlang‘ich tashkilot yetakchisi Abduvahob To‘xtanazarov, Yoshlar parlamentining O‘zMTDP dan saylangan a’zosi, Akademiya talabasi Elyor Keldiyorov, Yoshlar parlamenti a’zolari, faol talaba yoshlar, Akademiya talabalari ishtirok etdi.

O‘zaro savol-javob ruhida o‘tgan tadbirda mamlakatimiz aholisining 55 foizini tashkil etuvchi 18 dan 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlarning ta’lim olishi, kasb-hunar egallashi uchun zamonaviy sharoit va imkoniyatlar yaratish, yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish vatanga sadoqat, vatanparvarlik ruhini shakllantirish, innovatsion g‘oyalarni o‘ylab topishi, yaratuvchilik yo‘nalishida erkin mulohazali bo‘lishi, zamonaviy texnologiyalardan foydalanishga doir masalalar muhokama qilindi.  Shu bilan birgalikda talabalarga qonunchilik jarayonlari, qonun loyihalarini qabul qilish to‘g‘risida batafsil ma’lumotlar berildi.

Yoshlar parlamenti a’zolari tomonidan Prezidentimiz boshchiligida yoshlarga katta imkoniyatlar yaratilayotganligini va bunga munosib javob qaytarish lozim ekanligi ta’kidlandi. Xususan, Yoshlar parlamenti o‘z rejasini Davlat dasturidan kelib chiqib shakllantirishi, taklif va tashabbuslarni “tengdosh tengdoshga” tamoyili asosida joylarda yoshlarga yetkazishi, tashabbuslarning asosiy ijrochisi bo‘lishi va takliflarning amaldagi ijrosi yuzasidan parlament nazoratida faol ishtirok etishi muhimligi aytildi. 

Tadbir ko‘tarinki va samimiy ruhda, o‘zaro muloqot tarzida o‘tdi. Ishtirokchilar mazmunli uchrashuv uchun mutasaddilarga minnatdorlik bildirdi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati


Print   Email