Targ‘ibot tadbirlari davom etmoqda

Targ‘ibot tadbirlari davom etmoqda

“Yangi O‘zbekiston – yangicha dunyoqarash” shiori ostida yurtimiz bo‘ylab o‘tkazilayotgan ma’rifiy-madaniy tadbirlarda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi jamoasi ham faol ishtirok etmoqda. E’tiborlisi, ko‘tarinki ruhda o‘tkazilayotgan ushbu tadbirlar doirasida adabiyot va san’at vakillari, turli sohalarda samarali mehnat qilib kelayotgan fidoyi kishilar bilan mahalliy aholining uchrashuvlari tashkil etilib, ularga yurtimizda amalga oshirilayotgan keng islohotlar hayotiy misollar orqali tushuntirilmoqda.

Qibray  tumanidagi “Oybek”, “Mirzo Ulug‘bek” mahallalarida “Yangi O‘zbekiston – yangicha dunyoqarash” shiori ostida bo‘lib o‘tgan tadbirlarda ham buning yaqqol guvohi bo‘lish mumkin.

Mazmunli tashkil etilgan tadbirlarda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi “Mumtoz sharq filologiyasi” fakulteti dekani I.Mirziyotov va O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti dotsenti N.Toshpo‘latova qatnashib, joylardagi tadbirlar haqida o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi.

— Qibray tumanidagi targ‘ibot guruhi tomonidan joylarda qisqa muddatda mahalliy aholi vakillari ishtirokidagi 20 dan ortiq ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etildi, — deydi  Ilyos Mirziyotov. — Tadbirlarda Yangi O‘zbekistonning – yangicha yuksalish yo‘lida dadil odimlayotgani, yurtimizda erishilayotgan har bir yuqori natija xalqimizning mehnati hamda jasorati tufayli qo‘lga kiritilayotgani, bu yo‘lda yangicha dunyoqarash bilan yanada harakat qilish zarurligining mohiyati aholiga yetkazilmoqda.

Darhaqiqat, yurtimizning barcha hududlarida tashkil etilayotgan mahallabay kesimidagi targ‘ibot tadbirlarida islohotlarning mazmun-mohiyati aholiga oddiy va samimiy usullarda, hayotiy misollar asosida yetkazilayotganini ko‘rish mumkin. Xususan, tumanda olimlar, taniqli yozuvchi hamda shoirlar, madaniyat va san’at namoyandalari, iste’dodli yoshlardan iborat 7 ta targ‘ibot guruhlari shakllantirilib, joylarda tashkil etilayotgan tadbirlar yuqori saviyada o‘tkazilyapti.

“Yangi O‘zbekiston – yangicha dunyoqarash” shiori ostidagi ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar yurtimiz bo‘ylab davom etmoqda.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati


Print   Email