“Uchinchi Renessans – yoshlar nigohida” tanlovining Akademiya bosqichi g‘oliblari aniqlandi

“Uchinchi Renessans – yoshlar nigohida” tanlovining Akademiya bosqichi g‘oliblari aniqlandi

O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 29 yillik tantanalarida Davlatimiz rahbari “Xalqimizning ulug‘vor qudrati jo‘sh urgan hozirgi zamonda O‘zbekistonda yangi bir uyg‘onish – uchinchi Renessans davriga poydevor yaratilmoqda”, deb ta’kidlagan edi.

Zero, “Uchinchi Renessans”ning poydevori aynan yoshlar bo‘lishi ham bejiz emas. Shu munosabat bilan 2021-yil – “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”dan boshlab, har yili oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida “Uchinchi Renessans – yoshlar nigohida” loyihalar tanlovi tashkil etiladi.

Ayni paytda yurtimiz bo‘ylab mazkur tanlov davom etmoqda. O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida ham tanlovning Akademiya bosqichi bo‘lib o‘tdi. Tanlovning dastlabki bosqichi fakultetlar kesimida o‘tkazilib, unda munosib deb topilgan ijodiy ishlar Akademiya bosqichiga tavsiya etilgan edi.

Tanlovda iste’dodli va iqtidorli talabalar ajdodlar merosini o‘rganish va targ‘ib qilishda innovatsion yondashuv, oliy ta’limda sifatli bilim olishdan talabalarning manfaatdorligini oshirish uchun o‘quv jarayoni va metodikasini o‘zgartirish yo‘llari hamda yoshlarni ilm-fan va innovatsiyalarga qiziqtirishning noan’anaviy usullari kabi yo‘nalishlar bo‘yicha bellashdilar. Mazkur bosqichga yetib kelgan ishtirokchilarning taqdim etgan loyihalari har bir yo‘nalish bo‘yicha mutaxassislardan tuzilgan Hakamlar hay’ati tomonidan 100 ballik tizimda baholandi. Xolis va adolatli o‘tgan tanlov yakuniga ko‘ra, har bir nominatsiya bo‘yicha g‘olib aniqlanib, ular hududiy bosqich yo‘llanmasiga ega bo‘ldilar.

Xususan, “Ajdodlar merosini o‘rganish va targ‘ib qilishda innovatsion yondashuv” yo‘nalishda stajyor-tadqiqotchi Zarif Arslonov,  “Oliy ta’limda sifatli bilim olishdan talabalarning manfaatdorligini oshirish uchun o‘quv jarayoni va metodikasini o‘zgartirish yo‘llari” yo‘nalishida Informatika va axborot texnologiyalari ta’lim yo‘nalishi 4-kurs talabasi Hasanov Shahzod hamda “Yoshlarni ilm-fan va innovatsiyalarga qiziqtirishning noan’anaviy usullari” yo‘nalishida Qiyosiy dinshunoslik ta’lim yo‘nalishi 1-bosqich magistranti Abdurahim Pardayevlar sardorlik qilgan jamoa a’zolari 1-o‘rinni egallab, hududiy bosqich yo‘llanmasini qo‘lga kiritdilar.

Eslatib o‘tamiz, tanlov yiliga ikki marotaba, yanvar-mart hamda sentabr-noyabr oylari davomida to‘rt bosqichda o‘tkaziladi. Tanlov yakunlari bo‘yicha g‘oliblar 50 million so‘m miqdorida mukofot puli, tanlov diplomi va faxriy yorliq bilan taqdirlanadi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati


Print   Email