“Navoiydan adolatni o‘rganaylik...”

“Navoiydan adolatni o‘rganaylik...”

Bugun yosh avlodni Vatan tarixining shonli sahifalari, umumbashariy an’analari, yuksak ma’naviy-ma’rifiy e’tiqod ruhida tarbiyalash har qachongidan ham muhim ahamiyat kasb etmoqda. Hazrat Navoiy kabi mutafakkir daholarning shaxsiyati va umrboqiy asarlari o‘tmishni bugun bilan tutashtirib, hammaga birdek beminnat nur sochib turgan oftob singari zamondoshlarimiz ma’naviy olamini yoritib, komillik sari da’vat etib turuvchi mayoq vazifasini o‘tab kelmoqda.

Alisher Navoiy – butun turkiy olam, jahon adabiyotida betakror siymo. Uning merosi, asarlarida ilgari surgan g‘oyalari va fikr-qarashlar barchamiz uchun moʻtabar va qimmatlidir. Mutafakkir shoir o‘zbek madaniyati, adabiyoti, tili, ijtimoiy fikri tarixida benihoya katta o‘rin tutadi. Navoiy dahosi Sharqning Firdavsiy, Nizomiy, Jomiy kabi ulug‘ adiblari qatoridan joy egallab, o‘zbek adabiyotini mana shu siymolar yaratgan buyuk adabiyot darajasiga olib chiqqan.

Alisher Navoiy turkiy adabiy tilni (eski o‘zbek adabiy tilini) taraqqiy ettirish, ko‘pchilikka manzur qilish, she’riyat dunyosiga tan oldirish qanchalik qiyin va mashaqqatli ishligini, buning uchun o‘sha davrda Movarounnahr va Xurosonda hukmron bo‘lgan fors tilidagi adabiyotga mazmun va badiiy qiymat jihatidan teng adabiyot yaratish zarurligini yaxshi tushungan va bunday ulug‘ vazifani amalga oshirishga to‘laqonli muvaffaq bo‘lgan.

Shoir “Hayrat-ul-abror” dostonida fors eli o‘z ona tilida yozilgan asarlarni o‘qishdan xursandligi, turkiylar ham ana shunday boylikdan bahramand bo‘lishga loyiq ekani, “Layli va Majnun” asarining oxirida esa turkiylar orasida xushta’b, sof idrokli odamlar ko‘pligi haqida yozadi. Navoiy davrida Movarounnahr va Xurosonda yashagan turkiy aholining savodxonlik darajasi va madaniy-ma’rifiy saviyasi qanday bo‘lgani hali maxsus o‘rganilgani yo‘q. Lekin mavjud ma’lumotlarga tayanib muayyan xulosalarga kelish mumkin. Alisher Navoiyning qator asarlarida turkiy aholining shoir va olimlari, bilimdon va g‘azalxon vakillari to‘g‘risida qimmatli ma’lumotlar bor. Turkigo‘y shoirlar va she’r havaskorlari tez-tez o‘tkazib turgan g‘azalxonlik oqshomlari haqidagi ma’lumotlarni ham qo‘shsak, Navoiy davrida turkiy aholining savodxonlik darajasi, madaniy-ma’rifiy saviyasi yuksak bo‘lgan, turkiy ziyolilar to‘laqonli, qizg‘in aqliy va madaniy-ma’rifiy hayot kechirgan, degan xulosaga kelish qiyin emas.

Eski o‘zbek adabiy tili, xususan, Navoiy tili xalqimiz ijodiy qudratining bebaho mahsulidir. Eski o‘zbek adabiy tilida yozilgan va saqlanib kelayotgan adabiy, tarixiy, ilmiy va boshqa asarlar xalqimiz uchun bitmas-tuganmas ma’naviy xazina. Bu xazinadan nafaqat oddiy kitobxon, balki deyarli barcha shoir va yozuvchilar hozirga qadar ma’naviy-ruhiy ozuqa olib, ijod qilib kelayotganiga guvoh bo‘lib turibmiz.

Taniqli shoir A’zam O‘ktam “Alisher Navoiy” degan moʻjazgina she’rida buyuk allomaning ruhiy-badiiy qiyofasini yaratar ekan, tildagi tasviriy vositalardan foydalanishda so‘zlarga o‘ziga xos uslubiy vazifa yuklaydi. She’r “Ko‘k – dasturxon, oymomo – non muqaddas, Tegrasida sochilmishdir ushoqlar” satrlari bilan boshlanadi. Shoir Hazrat Navoiyga murojaat qilib, “Siz osmondek ulug‘ va yuksak, oymomodek tanhosiz” demaydi, ko‘pchilikka tanish so‘zlardan va siyqasi chiqqan oddiy tashbehlardan qochadi, balki zamonaviy tilshunoslikda yetakchilik qilayotgan antroposentrik yo‘nalishga mos keladigan yangi poetik tasvir yaratadi hamda o‘xshatish vositasida shu fikrni isbotlashga urinadi.

A’zam O‘ktam Hazrat Navoiyning komillik fazilatlarini osmonga mengzaydi – yuksak va qo‘l yetmas, uning nazdida dasturxon tegrasida sochilgan ushoqlar ulug‘ mutafakkir qalamidan to‘kilgan munavvar durlardir. Dasturxon va non konsentlarida dunyodagi jami ijobiy fazilatlar, muqaddas qadriyatlarni ifodalaydigan, inson ruhiyatiga taskin va malham beruvchi tushunchalar uyg‘unlashib, o‘quvchini o‘ylashga, fikrlashga undaydigan poetik manzara hosil bo‘ladi.

Shoir poetik ta’sirchanlikni kuchaytirish maqsadida uchoq obrazini matnga olib kiradi: “Toptay olmas izg‘isa ham basma-bas, Turli nomlar olib uchgan uchoqlar”. Hazrat Navoiyning dunyo bo‘ylab sochilib ketgan va hamon dunyoni hayratga solayotgan, turli davrlarda “turli nomlar bilan izg‘igan” tuzumlar sinoviga bardosh bergan asarlari mohiyati bugun ham qimmatini yo‘qotmagani, hamma zamonlarda osmondek yuksak va nondek muqaddasligicha qolgani ishonch bilan ta’kidlanadi.

A’zam O‘ktam ulug‘ shoir ruhiy olamidagi ziddiyatlarga yechim izlayotganday tasavvur paydo bo‘ladi. Shoirning ichki iztiroblari, dramatik kechinmalari kulminatsion nuqtasiga chiqib, asosiy maqsad metafora yordamida bayon qilinadi: “Yeb qo‘yolmas shart sindirib hech inson, Hech qanday kuch terolmas bu ushoqni”. She’riy satrlarning ushoqqa nisbat berilishi o‘quvchi ko‘ngliga qandaydir sokinlik olib kiradi, unga lirik qahramon ichki kechinmalari, ruhiyatidagi to‘fonlar va evrilishlar haqida ishora beradi. “Tupurolmas – muqaddas bu dasturxon, ezg‘ilolmas hech kimsaning oyog‘i”. Shoir satrdan satrga poetik tasvirni kuchaytirib boradi, uning o‘xshatish vositasida kutilmagan xulosaga kelishi kitobxonni o‘ylashga majbur qiladi.

Yoki yana bir misol. Iste’dodli shoir Minhojiddin Mirzoning “Navoiy xazinasi” she’rida Hazrat Navoiyning komillik sifatlari hissiy zavqlarni chiroyli ifodalab beradigan yorqin, obrazli tilda madh etiladi:

 

So‘z mulkida faxri olam, xizri roh,

Ishq darsida murshidi irfon panoh.

Ey ko‘ngil, kel, ta’b ganjidin bo‘l ogoh,

Navoiydan risolatni o‘rganaylik.

 

Shoir qalb nidosi bilan Hazrat dahosi va asarlarining mohiyatini ochishga, uni bugungi o‘quvchiga anglatishga intiladi. O‘zbek tilining izohli lug‘ati 4-jildida shunday yozilgan: “Xizr – yashillanmoq, yashil tusga kirmoq. Islom rivoyatlarida zikr etilgan hayot bulog‘idan obi hayot ichib, umri boqiy bo‘lgan taqvodor shaxs”. “Roh” so‘zi “yo‘l” ma’nosini (3-jild, 395-bet) anglatishini nazarda tutsak, shoir hazrat Navoiyni rivoyatlardagi afsonaviy Xizrga o‘xshatayotgani, she’riyatning mushkulotga to‘la yo‘lida yo‘lboshlovchi bo‘lishiga ishonayotganini ko‘ramiz.

“Ishq darsida murshidi irfon panoh”. Murshid – to‘g‘ri yo‘lga soluvchi pir (2-jild, 647- bet) bo‘lsa, panoh – boshpana, himoya qilish qudratiga ega homiy. “Ey ko‘ngil, kel, ta’b ganjidin bo‘l ogoh”. Ganj – xazina, kon, boylik (1-jild, 481-bet), ta’b – tabiat, kishining xarakterida, uning kishilarga, narsalarga munosabatida namoyon bo‘ladigan ichki tabiat (4-jild, 25-bet) bo‘lib, shoir Hazrat Navoiyning ko‘ngli qa’ridagi biz bilmagan ichki ko‘ngli ham ulkan xazinadir, shuning uchun “Navoiydan risolatni o‘rganaylik” (risolat – yuksak vazifa, vakolat, biror kasbga, sohaga va uning tartib-qoidalariga oid yo‘riqnoma (3-jild, 386-bet), ya’ni adabiyotdek, so‘zdek yuksak vazifaga oid yo‘l-yo‘riqni ham biz Hazratdan o‘rganamiz, degan fikrni ilgari suradi.

 

Farhod ila Majnun deb ishq shohini,

Laylo ila Shirin demish mohini,

Angladingmi, ey ko‘ngil, sen ohini,

Navoiydan saodatni o‘rganaylik.

 

Farhod, Majnun, Layli (she’rda Laylo tarzida qo‘llangan) va Shirin Hazrat Navoiy dostonlarining qahramonlari. “Laylo ila Shirin demish mohini”. Ma’lumki, moh oy ma’nosini anglatadi (2-jild, 621-bet). She’rda Layli va Shirinning husni “moh” so‘zining an’anaviy go‘zallik timsoli sifatidagi mavqei bilan asoslangan, matnda metaforik sifatlashni hosil qilib, Navoiy qahramonlarining chiroyi oyga o‘xshatilyapti. Layli va Shirin go‘zallik bobida oy kabi tanho edi, degan ma’noni ham ilg‘ash mumkin. “Navoiydan saodatni o‘rganaylik”. Saodat – baxt, omad, xotirjamlik va yuksak iqbolni bildiradi (3-jild. 443-bet).

Mutafakkir shoirning ko‘ngil ohini anglagan inson undan saodatni, ya’ni qalb xotirjamligi va yuksak iqbolga eltuvchi yo‘lni o‘rganadi.

 

Bahr aro topgan xazinam tiynati,

Ulki iymon kishvarining ziynati,

“Qush tili”da jam e’timod, niyati,

Navoiydan hidoyatni o‘rganaylik.

“O‘zbek tilining izohli lug‘ati” 1-jildining 197-betida “bahr” so‘zining to‘rt ma’nosi borligi, 1) dengiz, okean; 2) olam, dunyo, boylik; 3) tug‘yon, to‘fon; 4) mehr, ishq-muhabbat domi ma’nolarida kelishi qayd etilgan. Nazarimizda, mazkur to‘rtta ma’noni qo‘llaganimizda ham she’rning ta’siri yanada kuchayadi. Tiynat – tabiat, xarakter (4-jild, 86-bet), iymon – Ollohga ishonch, e’tiqod (2-jild, 185-bet), ziynat – chiroy, bezak, ko‘rk, izzat-hurmat (2-jild, 149-bet), kishvar – mamlakat, o‘lka (2-jild, 379-bet), e’timod – tayanch, suyanish, qattiq ishonch (5-jild, 67-bet), hidoyat esa to‘g‘ri yo‘lga boshlash, boshqarish ma’nolarini anglatadi (5-jild, 526-bet).

Olamaro topilgan xazinaning mohiyati, ishonch va e’tiqod mamlakatining chiroyi, ko‘rki va izzat-hurmati, ulug‘ shoirning “Qush tili” asarida jamlangan ishonchi tufayli Hazrat Navoiydan to‘g‘ri yo‘lga boshlashni, boshqarishni o‘rganamiz.

 

“Saddi Iskandariy” – bil, zulmatda jon,

“Sab’ai sayyor” erur bir imtihon,

“Hayrat ul-abror” ichinda dil nihon,

Navoiydan adolatni o‘rganaylik.

 

Shoir insoniyat qorong‘ilik yoki jaholat ichra qolganida Hazrat Navoiy asarlarini o‘qib, jonini va iymonini asraydi, shu sinovlardan o‘tgan “Hayrat ul-abror” dostonining mohiyatida yashiringan dilning niyatini anglagan insongina odilona ish yuritishga qodir, degan fikrga urg‘u bergan.

Taniqli shoirlar A’zam O‘ktam va Minhojiddin Mirzoning ikki she’ri tahlili ularning ona tilimiz yashirin imkoniyatlarini, ichki jozibasini yaxshi bilishi va she’riyat tilining badiiyatini ta’minlovchi lingvopoetik vositalardan o‘rinli foydalangani, eng asosiysi, Alisher Navoiy xalqimiz ma’naviy hayotida naqadar muhim o‘rin tutishini ko‘rsatib turibdi.

Nigora SHARIPOVA,

Oliy attestatsiya komissiyasi raisining maslahatchisi,

Rustam SHARIPOV,

Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti dotsenti,

filologiya fanlari nomzodi

Manba: “XXI asr” gazetasi


Print   Email