“Jasorat” klubi tomonidan birinchi mahorat dars o‘tkazildi

“Jasorat” klubi tomonidan birinchi mahorat dars o‘tkazildi

Yurtimizda jismonan sog‘lom, ma’naviy va intellektual rivojlangan, mustaqil fikrlaydigan yosh avlodni shakllantirish, uni tashqi tahdidlar va “ommaviy madaniyat”ning zararli ta’siridan muhofaza qilish, yoshlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga har tomonlama ko‘maklashish muhim vazifa hisoblanadi.

Shu maqsadda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida “Jasorat” klubi tashkil etildi. Klubning maqsadi Akademiya talaba-yoshlarini ma’naviy-axloqiy jihatdan va harbiy vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularda tarixiy xotira, milliy g‘urur va o‘zlikni anglash, ro‘y berayotgan voqealarga daxldorlik, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat tuyg‘ularini shakllantirishdan iborat.

O‘z oldiga yuqori maqsad va vazifa qo‘ygan “Jasorat” klubi o‘zining ilk trening mashg‘ulotini o‘tkazdi. “Abu Nasr Forobiyning “Fozil odamlar shahri” asarida jamoani shakllantirishga oid fikrlar” mavzusiga bag‘ishlangan davra suhbatida falsafa fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) Mo‘minjon Xo‘jayev, muddatli harbiy xizmatni o‘tab qaytgan “Islomshunoslik” fakulteti talabalari hamda Yoshlar ittifoqi a’zolaridan tuzilgan “Qalqon” jamoasi a’zolari ishtirok etdi.

Davra suhbatida “Qalqon” jamoasi rahbari Mo‘minjon Xo‘jayev talaba-yoshlarga mavzu yuzasidan ma’ruza qildi. Trening davomida yoshlarning jamiyat hayotidagi faol ishtirokini muntazam ravishda rag‘batlantirib turish zarurligi, talabalarda yetakchilik, jamoa bo‘lib shakllanish, bu borada buyuk alloma Abu Nasr Forobiyning “Fozil odamlar shahri” asarida qayd etilgan qimmatli fikrlar haqida so‘z yuritdi.

Trening yakunida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilishdi. Ishtirokchilar tomonidan “Jasorat” klubi mashg‘ulotlari davom etishi ta’kidlandi.

 

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati


Print   Email