Аkademiya jamoasi Qibray tumanida o‘tkazilayotgan targʼibot tadbirlarida ham faol ishtirok etmoqda

Аkademiya jamoasi Qibray tumanida o‘tkazilayotgan targʼibot tadbirlarida ham faol ishtirok etmoqda

Yurtimiz bo‘ylab amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyati va ahamiyatini keng jamoatchilikka yetkazish maqsadida “Yangi O‘zbekiston – yangicha dunyoqarash” shiori ostida maʼrifiy-madaniy tadbirlar bo‘lib o‘tmoqda. Аna shunday tadbirlar Toshkent viloyati Qibray tumanida joylashgan mahallalarda ham yuqori saviyada tashkil etilmoqda.

Tumandagi “Yonariq”, “Ziyokor”, “Аmir Temur”, “Gulbogʼ” kabi 14 ta mahalla fuqarolar yigʼinida, 28 musiqa maktabi, 1-, 4-, 9-, 19, 28-, 50-umumtaʼlim maktabi, Toshkent davlat agrar universiteti hamda Do‘rmon madaniyat saroyida maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar o‘tkazildi. Mingdan ziyod aholi vakillari qamrab olingan uchrashuvlarda mahalliy aholi vakillari taklif etildi. Mazkur uchrashuvlarda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi faollaridan iborat targ‘ibot ishchi guruhi aʼzolari, Qibray tumaniga biriktirilgan masʼul xodimlar, taniqli estrada xonandalari hamda yozuvchilar qatnashdi.

Tumanda o‘tkazilgan madaniy-maʼrifiy tadbirlarda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi vakillari “Yangi O‘zbekiston – yangicha dunyoqarash” mavzusida maʼruzalar qilib, yangilanayotgan O‘zbekiston, yurtimizda olib borilayotgan islohotlar, yoshlarning bilim olishi uchun yaratilayotgan sharoitlar, ushbu islohotlarni Qibray tumani markazida ham ko‘rish mumkinligini taʼkidlab o‘tdi.

Tadbirda tuman Madaniyat bo‘limi xonandalari va iqtidorli yoshlar, Musiqa va sanʼat maktabi tarbiyalanuvchilari tomonidan ijro etilgan musiqiy chiqishlar tadbir ko‘rkiga fayz qo‘shdi. Umumtaʼlim maktablarining iqtidorli o‘quvchilari tomonidan “O‘zbekiston”, “Vatan” mavzusidagi sheʼrlar o‘qildi. Shuningdek, tasviriy sanʼat yo‘nalishida “Jonajon O‘zbekistonim” mavzusida rasm chizish tanlovi o‘tkazildi. Qibray tumani markazida hozirgi kunda olib borilayotgan islohotlar to‘gʼrisida, mahalla fuqarolar yigʼini tomonidan ijtimoiy qiynalgan oilalar tomonidan mikrokredit asosida hunarmandchilikni yo‘lga qo‘yib, o‘z oilasi daromadini oshirgan oilalar to‘gʼrisidagi videorolik namoyish etildi.

Uchrashuv davomida o‘zbek yozuvchilarining Vatan mavzusidagi kitob va sheʼrlari bo‘yicha viktorina o‘tkazilib, gʼoliblar o‘zbek adiblari kitoblari bilan taqdirlandilar. Yakunda sport, rasm chizish tanlovlari gʼoliblari tuman hokimligining qimmatbaho sovgʼalari va faxriy yorliqlari bilan taqdirlandi.

Boburmirzo Botirov

Ozbekiston xalqaro islom akademiyasi doktoranti


Print   Email