Yoshlar kelajak bunyodkorlari

Yoshlar kelajak bunyodkorlari

Yoshlik – beg‘uborlik, yuksak marralarni egallash, ilmga tashnalik, ajdodlar ilmiy-ma’naviy merosini chuqur o‘rganib, milliy ruhda vatanparvarlik ila kamolga yetish davridir. Unda olingan bilim esa dono xalqimiz aytganidek, ... toshga bitilgan naqsh kabi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida Akademik litseyiga joriy yilgi imtihon sinovlarida muvaffaqiyat bilan o‘tgan 1-bosqich o‘quvchilari ishtirokida yangi o‘quv yili munosabati bilan o‘tkazilgan onlayn ma’rifiy tadbirda shu haqda so‘z bordi.

Davra suhbatida Akademiya rahbariyati, Akademik litsey o‘qituvchi va xodimlari, o‘quvchi yoshlar va ularning ota-onalari ishtirok etdi.

Davlat madhiyamiz bilan boshlangan tadbir avvalida, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi Diniy-ma’rifiy faoliyatni muvofiqlashtirish bo‘yicha birinchi prorektori Shuhrat Yovqochev so‘zga chiqib, o‘quvchi-yoshlarni, ularning ota-onalarini farzandlari erishgan yutuqlari bilan tabrikladi.

Shundan so‘ng, Akademiya Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Zohidjon Islomov, O‘quv ishlari bo‘yicha prorektor Ibrohim Usmonov, Akademik litsey direktori Anvarali Ermatov, litsey ota-onalari kengashi raisasi Guljahon Uzoqovalar so‘z olib, yurtimizda barkamol avlod ta’lim-tarbiyasiga qaratilayotgan e’tibor, yoshlarning bilim olishi uchun yildan-yilga yaratilayotgan keng imkoniyatlar haqida ta’kidlandi.

– Bugun ta’lim-tarbiya tizimida yangi bir davr boshlandi, – deydi Guljahon Uzoqova. – Buning yorqin misolini hattoki, yurtimizning chekka hududlarida ham qad rostlayotgan zamonaviy maktablar oliy va o‘rta maxsus ta’lim muassasalarining moddiy-texnik bazasi yaxshilayotganidan bilish mumkin. Yoshlar kelajak bunyodkorlari. O‘g‘il-qizlarimizga shuni iftixor bilan aytgan bo‘lardimki, ilm-ma’rifat yo‘lida yaratilayotgan har bir imkoniyatdan unumli foydalaning. Buyuk ma’rifatparvar ajdodlarimizga munosib avloddalar bo‘lib, el-yurt rivojiga o‘z hissangizni qo‘shing.

Tadbir davomida o‘quvchi-yoshlarga Akademik litsey faoliyati, tarixi, o‘quv jarayonlari uchun yaratilgan sharoitlar haqida ma’lumot berildi. Yakunda o‘quvchilarning yangidan-yangi yutuqlarni qo‘lga kiritib, tanlagan sohalarining yetuk mutaxassislari bo‘lishlariga tilakdoshlik bildirildi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati


Print   Email