Yosh olimning muhim tadqiqoti

Yosh olimning muhim tadqiqoti

Mamlakatimiz va jamiyatimizning zamon talablari darajasida rivojlanishini ilm-fansiz tasavvur qilish qiyin. Bu borada yurtimizda ilm-fan sohasida ilmiy izlanishlar olib borayotgan yosh olimlarga berilayotgan e’tibor, ularning o‘z sohasi bo‘yicha qilgan tadqiqotlari yangi bir bosqichga ko‘tarilmoqda. Joriy yil Prezidentimiz tomonidan “Ilm-ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili” deb e’lon qilinganining zamirida ham ilm ahli vakillarini qo‘llab-quvvatlash, moddiy-texnik bazasini yaxshilash borasida tub islohotlar amalga oshirilmoqda.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi doktoranti O‘ktam Polvonovning “Sa’duddin Taftazoniyning Temuriylar davri moturidiya ta’limoti rivojiga qo‘shgan hissasi” mavzusidagi 24.00.01 – Islom tarixi va manbashunosligi ixtisosligidan tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD)  ilmiy darajasini olishga taqdim etilgan dissertatsiya ishi ham yurtimiz ilm-fani rivoji uchun muhim qadam bo‘lishi shubhasiz.

Akademiya huzuridagi fan doktori ilmiy darajalar beruvchi DSc. 35/30.12.2019.Isl/Tar/F.57.01 raqamli kengashining BIMM va ZOOM platformalari orqali onlayn tarzda o‘tkazilgan navbatdagi majlisida tadqiqotchining mavzu bo‘yicha olib borilgan ilmiy tadqiqot ishining dolzarbligi, yangiligi, amaliy va nazariy ahamiyati kabi muhim jihatlari Ilmiy kengash va olimlar tomonidan chuqur o‘rganildi.

Avvalo, Sa’duddin Taftazoniyning hayoti va ijod yo‘liga to‘xtalib o‘tsak. Allomaning islom olami, kalom ilmidagi xizmatlari o‘ziga xos ahamiyatga ega. Sir emaski, bugungi kunda Markaziy Osiyo, Janubiy Osiyo, Kichik Osiyo mintaqalari aholisining katta qismi, arab dunyosining beshdan bir qismi moturidiya ta’limotiga amal qiladi. Mazkur ta’limotning rivojida 1322-1390-yillarda Temuriylar davrida Movarounnahrda yashagan olim Sa’duddin Taftazoniyning ham hissasi salmoqli bo‘lgan. Uning ushbu ta’limotga oid asarlari qariyb besh asr mobaynida Usmoniylar imperiyasi, Boburiylar, Movarounnahr va unga qo‘shni o‘lkalardagi madrasalarda asosiy darslik sifatida o‘qitilgan.

Tadqiqotchi yurtimizda Sa’duddin Taftazoniy va uning boy ilmiy-ma’naviy merosi bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar yetarli darajada emasligi, ya’ni, mavjud ishlarning aksari alloma haqidagi maqolalar va umumiy biografik ma’lumotlardan iboratligini ta’kidlab o‘tdi. Shu bois ham tadqiqot ishida temuriylar davri Movarounnahr ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy muhitini o‘rganish, Sa’duddin Taftazoniy ilmiy merosini tadqiq qilish orqali uning islom ilmlari rivojidagi mavqeini aniqlash, olimning kalom ilmiga oid asarlari qo‘lyozmalarini tahlil qilish kabi jihatlar asosiy vazifa qilib olingan.

Muhokamalar davomida kengash a’zolari tadqiqot ishining yutuq-kamchiliklarini atroflicha o‘rganishdi. Dissertatsiyada Sa’duddin Taftazoniyning “Sharh al-Maqosid” asarini astronomiya, astrofizika, kimyo, geometriya kabi fanlar doirasida tadqiq qilib, uning aniq, tabiiy fanlardagi ahamiyatini ochib berish tavsiya etilgan. Shuningdek, tadqiqotda ba’zi aqidaviy tushunchalar haqida keng jamoatchilikka to‘g‘ri tasavvur hosil qilish uchun “Sharh al-Aqoid”ni o‘zbek tiliga tarjima qilib, izohlar bilan taqdim etish va uning arabcha tanqidiy matnini nashr qilish kabi takliflar o‘rin olgan.

Qizg‘in bahs-munozaralar ostida o‘tgan dissertatsiya himoyasida tadqiqot ishi chuqur ilmiy darajada o‘rganilgani olimlar, soha mutaxassislari tomonidan yuqori baholandi. Aniq faktlarga tayanilgan ma’lumotlar mavzu ko‘lamini yanada ochib berishga xizmat qilgani aytildi. Yakunda ixtisoslik yo‘nalishi bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasiga tadqiqotchi munosib ekani bir ovozdan ma’qullandi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati


Print   Email