Yangi renessansga daxldorlik sharafi va mas’uliyati

Yangi renessansga daxldorlik sharafi va mas’uliyati

Nuqtai nazar

Prezidentimizning mustaqilligimizning yigirma to‘qqiz yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqidagi “Xalqimizning ulug‘vor qudrati jo‘sh urgan hozirgi zamonda O‘zbekistonda yangi bir uyg‘onish — Uchinchi Renessans davriga poydevor yaratilmoqda, desak, ayni haqiqat bo‘ladi. Chunki bugungi O‘zbekiston — kechagi O‘zbekiston emas. Bugungi xalqimiz ham kechagi xalq emas”, degan so‘zlar barchamizni to‘lqinlantirib yubordi.

Darhaqiqat, so‘nggi yillarda mamlakatimizda tobora yuksalib borayotgan bunyodkorlik muhiti xalqimizning ongu shuurini tubdan o‘zgartirmoqda, ayni paytda, xalqaro jamoatchilikning ham e’tirofiga sazovor bo‘lmoqda. Bugun jahon miqyosida yurtimiz haqida so‘z ketganda “Yangi O‘zbekiston” iborasi tilga olinmoqda. Bu keyingi yillarda taraqqiyotning mutlaqo yangi bosqichiga qadam qo‘yganimiz, erishayotgan zalvorli yutuqlarimizning munosib e’tirofidir.

Prezidentimizning nutqida ilgari surilgan Uchinchi Renessans g‘oyasi haqida o‘ylar ekanman, xayolot meni moziyga yetakladi. Chaqmoqdek yarqiragan birinchi fikr “qiziq, dunyoda qancha xalq “Renessans” deb nomlanadigan va umumbashariy e’tirofga sazovor bo‘lgan ikki va undan ortiq ilmiy-madaniy hamda ijtimoiy-iqtisodiy yuksalish sharafiga muyassar bo‘lgan?” degan savol bo‘ldi. O‘ylab qarasam, bunday ulkan saodatga erishgan millatlar va o‘lkalarning soni unchalik ham ko‘p emas ekan. Ana shunday saodatmand yurtlar qatorida Movarounnahr nomi bilan shuhrat qozongan bizning o‘lkamiz ham borligi cheksiz g‘urur va iftixor bag‘ishlaydi. Bugun mustaqil taraqqiyot yo‘lidan dadil odimlayotgan yurtimizning ertasini ham ana shunday yuksak maqomda ko‘rish, O‘zbekistonni dunyoning taraqqiy etgan davlatlari darajasiga ko‘tarish ezgu maqsadimizdir.

Shu o‘rinda tarixiy Movarounnahr, ya’ni bugungi O‘zbekiston hududidagi ilmiy-madaniy va siyosiy-iqtisodiy yuksalishlar o‘z-o‘zidan sodir bo‘lmaganini alohida qayd etish joiz. Birinchi Renessans negizida IX-XII asrlarda ushbu zaminda shakllangan va samarali faoliyat ko‘rsatgan ilmiy-madaniy markazlar muhim o‘rin tutgan. Bunday markazlar qatoriga Buxoro, Samarqand, Nasaf, Kesh, Termiz, Xorazm, Ustrushona (Jizzax vohasi), Shosh (Toshkent) hamda Farg‘ona vodiysi ilmiy-madaniy markazlarini kiritish o‘rinlidir. Ularda yetishib chiqqan buyuk allomalar, jumladan, Ahmad al-Farg‘oniy, Abu Hafsi Kabir, Imom al-Buxoriy, Imom at-Termiziy, Abu Mansur Moturidiy, Abu Lays Samarqandiy, Asiruddin Axsikatiy, Muhammad al-Xorazmiy, Ibn Sino, Beruniy, Forobiy, Mahmud Zamaxshariy, Burhoniddin Marg‘inoniy, Imom Ustrushoniy kabi minglab daholarning zakovati tufayli erishilgan olamshumul yutuqlar yurtimizda tom ma’nodagi yuksalishni ro‘yobga chiqardi va xalqimiz tarixidagi Birinchi Renessans deb e’tirof etildi.

Amir Temur va temuriylar saltanati davrida erishilgan siyosiy-iqtisodiy va ilmiy-madaniy yutuqlarning zalvori ham Birinchi Renessans natijalaridan qolishmaydi. Sohibqiron tomonidan barpo etilgan ulkan saltanatning siyosiy nufuzi, iqtisodiy salohiyati, harbiy qudrati va madaniy boyligi bilan raqobatlashadigan kuch o‘sha davrda bo‘lmaganining o‘ziyoq xalqimiz tarixining mazkur davri nechog‘liq ulug‘vor bo‘lganidan dalolat beradi. Mirzo Ulug‘bek rahnamoligi va faol shaxsiy ishtirokida bunyod etilgan o‘ziga xos akademiyani eslaylik. Alloma tomonidan barpo etilgan observatoriya, noyob kutubxona va o‘z davrining oliy o‘quv yurti bo‘lgan madrasa ushbu akademiyaning asosini tashkil etib, unda olamshumul kashfiyotlar qilingani hamda yuzlab olimlarning yetishib chiqqani nafaqat islom dunyosi, balki umumbashariy taraqqiyotga ulkan hissa qo‘shgan edi. Zikr etilgan va boshqa tarixiy jarayonlar g‘ildiragini harakatga keltirgan sabablar tufayli bu davr yurtimizdagi Ikkinchi Renessans sifatida tan olinmoqda.

2016 yili Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan xalqaro anjumanda ishtirok etgan, o‘sha paytda Jahon sayyohlik tashkiloti bosh kotibi bo‘lgan nufuzli siyosiy arbob Tolib Rifoiy “Movarounnahr o‘rta asrlarda dunyoning Silikon vodiysi bo‘lgan”, degan edi. Darhaqiqat, yurtimizda faoliyat ko‘rsatgan ilmiy markazlar va madrasalarda mahalliy xalq vakillari bilan bir qatorda musulmon dunyosining turli o‘lkalaridan kelgan chet elliklar ham tahsil olgan. Masalan, adib sifatida olamshumul shuhrat qozongan, matematik olim bo‘lgan Umar Xayyom Samarqanddagi madrasalardan birida tahsil olgan. O‘qishi davomida o‘zining yirik matematik asarlaridan birini yaratib, uni ustozi, Samarqand qozikaloni Abdurahmon Alaqqa bag‘ishlagani manbalarda qayd etilgan.

Afsuski, turli-tuman siyosiy, harbiy, iqtisodiy, madaniy va boshqa sabablar tufayli, jumladan, temuriylar davri so‘nggida boshlangan siyosiy tarqoqlik oqibatida yurtimizning ilmu ma’rifat markazi sifatidagi maqomiga putur yetdi. Buning natijasida, amerikalik mashhur olim Frederik Starrning iborasi bilan aytganda, olamshumul ahamiyatli “ma’rifat boy berildi”.

Bugungi avlod zimmasida bayon etilgan ikkita ilmiy-madaniy yuksalishlar davomida erishilgan yutuqlar yuzini qoplagan g‘uborni bartaraf etish, moziydagi mashhur ilmiy-madaniy markazlar tarixini tiklash, ular erishgan ilmiy yutuqlarni o‘rganish va boyitishdek ulkan va sharafli mas’uliyat turibdi.

Shu o‘rinda o‘rta asrlarda faoliyat ko‘rsatgan ilmiy-madaniy markazlarda erishilgan yutuqlar va bugungi voqelik o‘rtasida qanday aloqadorlik bor, ularni bilish bizga nima beradi, degan savollar ham tug‘ilishi mumkin. Bunday savollarga javoban aytish mumkinki, shonli o‘tmish bilan bugungi jo‘shqin jarayonlar o‘rtasidagi aloqadorlik ikkita ko‘rinishda o‘zini namoyon etmoqda. Ularning birinchisi, bugun ham o‘rta asrlarda bo‘lgani kabi yurtimizning asosiy boyligini intellekt, ya’ni aqliy salohiyat tashkil etmoqda. Raqamli iqtisodiyot jadal rivojlanayotgan bugungi sharoitda aqliy salohiyat birinchi o‘ringa chiqmoqda. Butun dunyoni qamrab olgan koronavirus pandemiyasi sharoitida raqamli texnologiyalar hayotimiz markazini egallab borayotgani ham shundan dalolat bermoqda. O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi aynan intellektual boylikni yanada ko‘paytirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Moziy va bugungi kunimiz o‘rtasidagi aloqadorlikning ikkinchi ko‘rinishi oxirgi yillarda diniy-ma’naviy hayotda sodir bo‘layotgan tub o‘zgarishlarda namoyon bo‘lmoqda. O‘tmishda bo‘lgani kabi bunyodkor diniy qadriyatlarning ma’naviy-ma’rifiy hayotimizdagi uyg‘unlashtiruvchi roli tobora mustahkamlanib bormoqda. O‘zbekistondagi diniy oliy ta’lim muassasalari hamda islom ilmlariga ixtisoslashgan zamonaviy tadqiqot markazlari sonining muntazam ko‘payib borayotgani o‘rta asrlarda Movarounnahr uchun xos bo‘lgan mustaqil ilohiyotshunoslik an’analarining tiklanayotganidan darak bermoqda. Jumladan, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan barpo etilayotgan Islom sivilizatsiyasi markazi ana shu tom ma’nodagi umummilliy ahamiyatga molik jarayonlarda alohida o‘rin egallashi shubhasizdir.

Xulosa o‘rnida ta’kidlash lozimki, yurtimizda kechayotgan bugungi serqirra jarayonlar mohiyatini “Milliy tiklanishdan — milliy yuksalish sari” degan da’vatkor g‘oya tashkil etmoqda. Ushbu g‘oyani hayotga to‘liq tatbiq etish barchamiz, ayniqsa, ziyolilar zimmasidagi dolzarb vazifadir. Aslini olganda, mazkur g‘oya Prezidentimiz ilgari surgan Uchinchi Renessans mohiyatini o‘zida to‘liq mujassamlashtirgan bo‘lib, uning ishtirokchisi bo‘lmoq, yurtimizda boshlangan yangi ijtimoiy-iqtisodiy va ilmiy-ma’rifiy yuksalish jarayonlariga bevosita daxldorlikni anglatadi. Bu har birimiz uchun yuksak sharaf va ulkan mas’uliyatdir.

Zohidulla MUNAVVAROV,

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

“Xalqaro munosabatlar” kafedrasi mudiri,

siyosiy fanlar doktori, professor


Print   Email