Yana bir yuksak insonparvarlik namunasi

Yana bir yuksak insonparvarlik namunasi

“MEHR-5”

So‘nggi yillarda mamlakatimizda inson huquqlari va erkinligini ta’minlash borasidagi izchil siyosat samarasi o‘laroq, nafaqat yurtimizda istiqomat qilayotgan, balki o‘zga yurtlarda murakkab ahvolga tushib qolgan vatandoshlarimizning ham manfaati, sha’ni, qadr qimmati ishonchli himoya qilib kelinayotir.

Prezidentimizning qat’iy siyosiy irodasi bilan O‘zbekiston fuqarolari qayerda bo‘lmasin konstitutsiyaviy huquqlari ta’minlanmoqda. Ahamiyatlisi, insonparvarlik g‘oyasi amalda o‘z ifodasini topmoqda.

Dunyoning notinch mamlakatlaridagi jangovar harakatlar, qurolli to‘qnashuvlardan tinch aholi, ayollar va murg‘ak bolalar jabr chekmoqda. Afsuski, ular orasida yolg‘on va’dalarga ishonib vatanni tark etgan O‘zbekiston fuqarolari ham bor.

2019-yilda O‘zbekiston hukumati birinchilardan bo‘lib Iroq va Suriyadagi qurolli to‘qnashuvlar va jangovar harakatlar natijasida jabr ko‘rgan o‘z fuqarolarini, asosan, ayollar va bolalarni vataniga qaytarishni boshladi.

O‘zbekiston Prezidenti topshirig‘iga ko‘ra, ayni paytgacha to‘rt marta “Mehr” insonparvarlik operatsiyasi o‘tkazildi. Mazkur insonparvarlik operatsiyalari doirasida Suriya, Iroq va Afg‘onistonda og‘ir ahvolga tushib, chorasiz qolgan 438 nafar ayol va bola mamlakatimizga olib kelindi.

O‘tgan davr mobaynida “olovli nuqtalar”dan qaytarilgan ayollar va bolalar davlat, jamoat tashkilotlari, mehr-oqibatli fuqarolarimiz yordamida jamiyatimizda o‘z o‘rnini topmoqda.

O‘zga yurtda og‘ir davrni boshidan o‘tkazgan bu insonlarga hukumatimiz tomonidan tibbiy, psixologik, moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatildi. Ularning tinch hayotga qaytib, jamiyatga moslashishi, ta’lim va ijtimoiy dasturlarda ishtirok etishi uchun zarur sharoit yaratildi, boshpana va ish bilan ta’minlash choralari ko‘rilmoqda.

Davlatimiz tomonidan muborak Ramazon oyida yana bir xayrli, ulkan ahamiyatga ega “Mehr-5” insonparvarlik operatsiyasi amalga oshirildi.

Prezidentimiz topshirig‘iga binoan, Suriya hududidan 93 nafar vatandoshimiz, 24 ayol va 69 bola yurtimizga qaytarildi. Ular 30-aprel kuni maxsus aviareysda Toshkent shahriga olib kelindi. Shuningdek, bugun yurtimizga qaytgan bolalar orasida ham otasini, ham onasini yo‘qotgan 7 nafar chin yetim bola ham bor.

Albatta, uzoq davom etadigan jarayondan iborat bu ishlarni amalga oshirish oson kechayotgani yo‘q. Tegishli tashkilotlar tomonidan bosqichma bosqich, davomli ikki va ko‘p tomonlama muzokaralar orqali erishilgan kelishuvlardan so‘ng kutilgan natijalarga erishilyapti.

O‘zga ellarda qiyin ahvolga tushib qolgan bu insonlar yillar davomida ijtimoiy himoyadan bebahra, hatto eng oddiy insoniy sharoitlardan ham mahrum yashashga majbur bo‘ldi.

Endilikda, bu yurtdoshlarimiz davlatimiz tomonidan ko‘rsatilayotgan yuksak e’tibor va g‘amxo‘rlik ostida barcha qulayliklar yaratilgan sog‘lomlashtirish muassasasiga joylashtiriladi. U yerda issiq ovqat, kiyim-kechak va boshqa barcha zarur sharoitlar bilan ta’minlanadi hamda mutaxassislar tomonidan tibbiy va psixologik yordam ko‘rsatiladi. Sog‘lom, tinch hayotga to‘laqonli moslashishi uchun zarur shart-sharoit yaratiladi.

— Bugun Prezidentimizning bizga ko‘rsatgan g‘amxo‘rligi bilan olti yil deganda Vatanga qaytish baxtiga muyassar bo‘ldim, — deydi yurtimizga olib kelingan ayollardan biri. — Bizga ko‘rsatilgan bunday e’tibordan xursandmiz. Men ham turmush o‘rtog‘imning gapiga kirib, o‘sha yurtlarga borib qoldim. Afsuski, o‘g‘lim o‘sha yerlarda qolib ketdi. Juda katta xato qildim, adashdim. Bunday qismatni hech kimga ravo ko‘rmayman. Prezidentimizdan, yurtdoshlarimdan uzr so‘rayman.

Bir so‘z bilan aytganda, hozirgacha faqat buguni bilan yashab kelgan, har kecha joni hadikda, yana tong otishiga ishonib-ishonmay uyquga yotgan 93 nafar inson endi ertangi kunga ishonch tuyg‘usi bilan, ta’bir joiz bo‘lsa, yangidan umr kechira boshlaydi.

O‘zbekistonning bu kabi insonparvarlikka, mehr-saxovat, oqibat, kechirimlilik, bag‘rikenglik kabi ezgu sifatlarga yo‘g‘rilgan xayrli tadbirlari hali davom etadi.

 

Lutfulla Suvonov,

“Yangi O‘zbekiston” muxbiri

 


Print   Email