Xushxabar: masofaviy ta’limda Akademiya birinchi o‘rinda

Xushxabar: masofaviy ta’limda Akademiya birinchi o‘rinda

Ta’lim inspeksiyasi qaysi OTMlarda masofaviy ta’lim yaxshi yo‘lga qo‘yilganini ma’lum qildi

Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi O‘zbekiston OTMlaridagi masofaviy ta’lim sifatini o‘rgandi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

Inspeksiya matbuot kotibi Shavkat Xo‘jaqulovning aytishicha, o‘quv yili boshlangan kunlardanoq OTMlardagi onlayn ta’lim sifati tekshirib borilmoqda.

“Professor-o‘qituvchilar va talabalarning elektron platformadan foydalanish ko‘nikmasi yo‘qligi, mazkur platformalar o‘quv-uslubiy tomondan to‘liq boyitilmagani, texnika, sharoit yetishmasligi va internet sifati kabi muammolar sabab talabalar davomati kabi kamchiliklar kuzatildi”, – dedi inspeksiya rasmiysi 13-oktabr kuni AOKAdagi matbuot anjumanida.

Qayd etilishicha, masofaviy ta’limda yaratilgan elektron resurslar sifati tahlili natijalariga ko‘ra:

38ta OTMda talabalarga maslahat berish xizmatlari va Call-centrlar faoliyati yo‘lga qo‘yilmagan;

26ta OTMda talabalar tomonidan mashg‘ulot sifatiga baho berish tizimi yo‘lga qo‘yilmagan;

19ta OTMda masofaviy o‘qitish platformasidan foydalanish bo‘yicha qo‘llanma va yo‘riqnomalar yo‘q.

Qayd etilishicha, aniqlangan kamchiliklar bo‘yicha OTMlarga qat’iy ogohlantirish berilib, qilinishi kerak bo‘lgan ishlarning “Yo‘l xaritalari” tasdiqlangan. Kamchiliklar bosqichma-bosqich bartaraf etilayotgani aytildi.

Shavkat Xo‘jaqulov masofaviy ta’lim nisbatan samarali yo‘lga quyilgan OTMlarni ham sanab o‘tdi:

Xalqaro islom akademiyasi

Toshkent moliya instituti

Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalashtirish muhandislari instituti

Toshkent axborot texnologiyalari universiteti

Toshkent shahridagi Inxa universiteti

Turin politexnika universiteti

Samarqand davlat universiteti

Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti

Buxoro davlat tibbiyot instituti

Ma’lum qilinishicha, boshqa OTMlarga yuqoridagi oliygohlar tajribasini o‘rganish tavsiya qilingan.

“Biroq ta’kidlash joizki, hali masofaviy ta’limni sifatli tashkil etish bo‘yicha OTMlarda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan bir qator vazifalar mavjud. Xususan, ko‘pgina mutaxassislik bo‘yicha bevosita amaliy mashg‘ulotlar muhim o‘rin tutishini inobatga olib, epidemiologik vaziyatdan kelib chiqib bosqichma-bosqich an’anaviy ta’limga o‘tilishi bilan mazkur kamchiliklar ham bartaraf etiladi”, – dedi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi matbuot kotibi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati


Print   Email