Xorijda o‘zbek tilini o‘qitish tajribasi

Xorijda o‘zbek tilini o‘qitish tajribasi

2019-yil 21-oktabrda “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” Prezident Farmoni qabul qilindi. Ushbu sana “O‘zbek tili bayrami kuni” deb belgilangan. Xorijiy mamlakatlar oliy o‘quv yurtlarida o‘zbek tili o‘qitilayotgani ham tilimizni rivojlantirish yangi bosqichga ko‘tarilganidan darak beradi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida “Xorijda o‘zbek tilini o‘qitish tajribasi” mavzuida onlayn seminar tashkil etildi. Unda Akademiya Mumtoz sharq filologiyasi fakulteti dekani Mirilyos Mirziyotov, filologiya fanlari nomzodi, dotsent Malika Nosirova, Xitoy Xalq Respublikasi Shanxay chet tillari universiteti Sharqiy Yevropa Markaziy Osiyo tillari instituti Markaziy Osiyo tillari fakulteti dotsenti Mardon Rahmatov, har ikki ta’lim muassasa professor-o‘qituvchilari hamda talaba-yoshlar ishtirok etdi.

Tadbirni O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Zohidjon Islomov kirish so‘zi bilan boshlab, ma’ruzachilarning chiqishlari oldidan muvaffaqiyat tiladi.

Ta’kidlash kerak, “Bir makon, bir yo‘l” loyihasi doirasida Xitoy Xalq Respublikasi bilan do‘stlik, o‘zaro hamkorlik aloqalari mustahkamlanmoqda. Ko‘plab sohalar qatori ta’lim jarayoniga bo‘lgan e’tibor yanada ortdi. Qo‘shma universitetlar tashkil etilib, Xitoyda o‘zbek tili yo‘nalishi bo‘yicha yoshlar ta’lim olmoqda. Tadbirda filologiya fanlari nomzodi, dotsent Mardon Rahmatov “Xitoyda o‘zbek tilining o‘qitilishi tajribasi” mavzusidagi ma’ruzasida bu jihatga alohida to‘xtaldi.

— 2018-yilning sentabr oyida “O‘zbek tili ta’limi” yo‘nalishiga ilk marotaba 10 nafar talaba qabul qilindi, — deydi Mardon Rahmatov. — To‘rt yil davomida universitetda “O‘zbek tili asoslari 1-4”, “O‘zbek tili grammatikasi”, “O‘zbek tilida o‘qish”, “O‘zbek tilida audiovizual darslar”, “Yuqori darajali o‘zbek tili”, “O‘zbek tili tarjima nazariyasi va amaliyoti”, “O‘zbekiston jamiyati va madaniyati”, “O‘zbek tilida suhbat” kabi fanlarni o‘qib, o‘zbek tilini o‘rganishadi. Shuningdek, mazkur yo‘nalish talabalarining bilimini oshirish, O‘zbekiston sharoiti va madaniyati bilan keng tanishtirish maqsadida o‘quv rejaga ko‘ra, uchinchi kurs, ya’ni bu yil Toshkent shahriga kelishi rejalashtirilgan edi. Biroq pandemik vaziyat tufayli bu ortga surildi. Albatta, yutuqlar qatorida muammolar ham uchramoqda. Masalan, xorij talabalarini o‘zbek tiliga o‘qitish uchun maxsus qo‘llanma, kitoblar mavjud emas. Shuning uchun O‘zbekistondan maxsus ekspertlar jalb etildi. Ularga “O‘zbek tili asoslari”, “O‘zbek tili grammatikasi” kitoblarini yaratish vazifa qilib belgilangan. 1-2 bosqichda o‘qiydigan talabalar uchun o‘quv rejasi tasdiqlanib, o‘zbek tiliga oid tayanch bilimlar shakllantiriladi. Nutqiy ko‘nikma va grammatik bilimlar beriladi.

 Seminar davomida har ikki ta’lim muassasa talabalari o‘zbek tilida she’riy chiqishlar namoyish etdi. Ishtirokchilarning ona tili bo‘yicha bilimlarini mustahkamlash uchun viktorina tashkil etilib, egallangan bilim va ko‘nikmalar sinovdan o‘tkazildi. Viktorinada faol ishtirok etgan talabalar rag‘batlantirildi. Tadbir yakunida Akademiya rahbariyati tomonidan ma’ruzachi Mardon Rahmatovga minnatdorlik bildirildi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati


Print   Email