Volfgang Mendler: Akademiya ta’lim tizimi Yevropaning ilg‘or universitetlari uchun ham namuna

Volfgang Mendler: Akademiya ta’lim tizimi Yevropaning ilg‘or universitetlari uchun ham namuna

Yurtimiz yoshlariga xalqaro andozalar asosida saboq berish, oliy ta’lim muassasalarida ta’lim sifatini yanada yaxshilash maqsadida O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi hamda bir qator xalqaro jamg‘armalar o‘rtasida hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yilgan.

Ana shunday tashkilotlardan biri Germaniyaning Senior Experten Service (SES) jamg‘armasi hisoblanadi. Mazkur tashkilot tajribali mutaxassisi — Volfgang Mendler Akademiyaning “Din psixologiyasi va pedagogika” kafedrasida konsultant sifatida ish boshlashi kutilmoqda. Shu munosabat bilan mutaxassis hamda kafedra xodimlari ishtirokida video muloqot bo‘lib o‘tdi.

Onlayn uchrashuvda Senior Experten Service jamg‘armasining O‘zbekistondagi vakili Karina Ayvazova, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi Xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i Bahodir Xo‘jayev, “Din psixologiyasi va pedagogika” kafedrasi professor-o‘qituvchilari hamda talabalar ishtirok etdi.

Uchrashuvda dastlab kafedra mudiri Zebo Qosimova Akademiya faoliyati, kafedraning ilmiy salohiyati va o‘quv jarayoni haqida ma’lumot berdi. O‘z navbatida Volfgang Mendler ham mazkur hamkorlikdan mamnun ekanligini bildirar ekan, yoshlarni jahon tajribalari bilan tanishtirishda o‘zining bor bilim va salohiyatini safarbar etishini ta’kidladi. Shuningdek, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida talabalarga dunyoviy va diniy fanlar uyg‘un holda o‘qitilish tajribasi Yevropaning ilg‘or mamlakatlarida ham kuzatilmasligini qayd etdi.

Ta’kidlash kerak, Volfgang Mendler 2019-yildan beri Hamburgdagi EBC va FOM universitetlari Iqtisodiy psixologiya yo‘nalishi o‘qituvchisi hisoblanadi. U mazkur sohada 30 yillik tajribaga ega bo‘lib, SES jamg‘armasi ko‘magida Akademiyaga jalb etilmoqda.

Video muloqotda talaba-yoshlar ham faol ishtirok etib, Volfgang Mendlerdan iqtisodiy psixologiya yo‘nalishida o‘z savollariga javob olishdi.

 

                                                                     O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati


Print   Email