Vatanimiz ramziga cheksiz ehtirom

Vatanimiz ramziga cheksiz ehtirom

Millat bayrog‘i. U jondek aziz, nondek moʻtabar. Ajdodlarimiz ham yurt bayrog‘ini muqaddas bilib, uni ko‘z qorachig‘idek asraganlar. Davlatchiligimiz tarixining qaysi davrini olib qaramaylik, bayroq ajdodlarimiz uchun ozodlik, kuch-qudrat, jasorat, g‘alaba timsoli bo‘lgan. Buyuk sohibqiron Amir Temur g‘oliblik bayrog‘ini yuksak ko‘tardi.

Bu bayroq ostida buyuk el birlashdi, u barpo etgan ulug‘ saltanatni dunyo tan oldi. Bu davr vatan tarixiga zarhal harflar bilan bitildi. Bayroq esa tom ma’noda mamlakat ramzi, ulug‘vorlik timsoliga aylandi. Jangchilarga jangovar ruh bag‘ishlash, ularning kayfiyatini ko‘tarish, irodasini chiniqtirish maqsadida jang maydonlari uzra baland hilpirab turdi. Bu bayroq eng ishonchli bahodirlar tomonidan qo‘riqlandi. Bexos daydi o‘q kelib, tug‘ ko‘targan jangchiga tegsa-da, u tuproqqa qorishmadi — darhol shahid sarboz o‘rnini boshqasi egalladi, maqsad janggohdagilarga bayroq ko‘rinmay qolmasin.

Sohibqiron bobomiz zamonida bayroqni past tutish yoki uning sarboz qo‘lidan tushib ketishi xosiyatsiz sanalgan. Bunga sohibqiron alohida e’tibor bergan. Bayroqning pasaytirilishi mag‘lubiyat va ortga chekinish ishorasi bo‘lgan. Shuningdek, “Temur tuzuklari”da ta’kidlanishicha, dushman ustidan shijoat va mardlik ko‘rsatib, g‘alaba qozongan amirlar va sipohiylarga davlat timsollari — tug‘ va nog‘ora in’om qilingan. Bu sohibqiron davlatida saltanat ramzlari nechog‘lik baland maqom tutgani va ular qanday katta ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy-ma’rifiy ahamiyat kasb etganidan dalolat beradi.

Vatanimiz bayrog‘i. U tarixning xalqimiz boshiga musibat tushgan davrlari — o‘tgan asr boshlarini yodimizga soladi. O‘sha kunlar xalqimiz qalbida ketmas dog‘ bo‘lib qoldi. Vatan bayrog‘ini tutgan qo‘llar qayrildi, ozodlikni kuylagan ovozlar bo‘g‘ildi… Millat fidoyilari “xalq dushmani”, “quloq”, “sotqin” degan qora nomlar bilan ta’qibga olindi. Dunyoga ne-ne allomalarni bergan qadim xalq omi, savodsizga chiqarildi. Xalqimizga nisbatan aytilgan bu haqorat asl vatandoshlarimiz qalbida ma’rifat olovini yoqdi — ular belini mahkam bog‘lab, millatni erk va ozodlik bayrog‘i ostida birlashishga chaqirdi.

Bu mag‘rur elning asrlar davomida orzu qilgan g‘ururi, sha’ni, qadr-qimmati, irodasini ifodalovchi ozodlik bayrog‘i edi! Unda ajdodlar orzu-armoni aks etadi. Unda xalqimizning buguni, o‘lmas xotirasi, imon-e’tiqodi, kelajakka bo‘lgan komil ishonchi jilolanadi.

Yer yuzida ikki yuzdan ortiq davlat mavjud va albatta, har birining o‘z ramzlari, bayrog‘i bor. Har bir bayroq ayricha rang va timsollarga ega. Ular bilan yonma-yon balqib turgan bayrog‘imiz bizning hech kimdan kam emasligimiz va kam bo‘lmasligimizni ko‘rsatib turadi. Shuningdek, davlat bayrog‘imiz mamlakatimiz milliy-madaniy an’analarini o‘zida mujassamlashtiradi.

1992-yilning 2-martidan O‘zbekiston to‘laqonli suveren respublika sifatida tan olinganining ramzi o‘laroq, bayrog‘imiz Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bosh qarorgohi oldida ham hilpiray boshladi. Mana, yigirma sakkiz yildirki, u xalqaro maydonda mamlakatimizning kuch-qudrati, mustaqilligimizning jahonaro ifodasi, xalqimiz g‘ururi va iftixori timsoli bo‘lib xizmat qilmoqda.

Bugina emas, dunyo mamlakatlaridagi elchixonalarimiz binolari, qator xalqaro tashkilotlar qarorgohlarida ham bayrog‘imiz O‘zbekistonning o‘zligi, milliy g‘ururini namoyon etib turibdi. Chet ellarda o‘z bayrog‘imizga ko‘zimiz tushishi bilan yuragimizda cheksiz faxr uyg‘onadi, ruhimiz ko‘tariladi. Bayrog‘imiz timsolida dunyoning har qaysi nuqtasida ham O‘zbekistondek qudratli himoyachimiz, suyanchig‘imiz borligini his qilamiz.

Bayrog‘imiz bugungi kunda milliy aviakompaniya samolyotlari, xalqaro yo‘nalishdagi poyezdlarimiz orqali dunyoning ko‘plab mamlakatlariga “parvoz qilib”, O‘zbekistonday kelajagi buyuk davlat bor ekani va uning qudrati bemislligini jahonga namoyish etmoqda. Zotan, “O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i to‘g‘risida”gi Qonunning 2-3-moddalarida ta’kidlanganidek, davlatimiz bayrog‘i —suverenitetimiz ramzidir.

Xalqaro maydonda rasmiy delegatsiyalarimizning xorijiy mamlakatlarga safarlari chog‘ida, xalqaro tashkilotlarda, konferensiyalar, jahon ko‘rgazmalari va ayniqsa, nufuzli sport musobaqalarida bayrog‘imiz mamlakatimiz timsoli bo‘lib, uni baland ko‘tarayotgan sportchilarimizning qalbini junbushga keltirib, vatanparvarlik tuyg‘usiga to‘ldiradi. Nafaqat sportchilar, ularni kuzatib turgan millionlab xalqimiz vakillari ham o‘zga yurtda bayrog‘imiz ko‘tarilib, madhiyamiz jaranglaganidan cheksiz g‘urur, iftixorga to‘lishi aniq.

Qurolli kuchlarimiz safiga chaqirilgan, harbiy ta’lim muassasalarini tamomlagan yoshlar Davlatimiz bayrog‘i poyida Vatanni ko‘z qorachig‘idek asrash, uni o‘z sha’ni va nomusiday munosib himoya qilishga qasamyod qiladi.

Vatan himoyasidek muqaddas burchni mardona o‘tash uchun bayrog‘imizni o‘pib qasamyod qilayotgan harbiylarimizning qalbidagi olovni, ko‘zlaridagi jo‘mardlikni ko‘rib, faxrlanamiz. Bu faxrlanish aslida yurtga bo‘lgan cheksiz mehr va sadoqatning yorqin ko‘rinishidir. Shu ma’noda ham institutimizda har yili bayrog‘imiz qabul qilingan sanani ko‘tarinki nishonlaymiz.

Kuni kecha Xalqlar do‘stligi maydonida tashkil etilgan tadbirimiz ham davlat bayrog‘imizni ulug‘lash, uning naqadar muqaddasligini yoshlarga yanada chuqur singdirishga xizmat qildi, deb o‘ylayman. Ayniqsa, Yodgor Sa’diyev, Zamira Suyunova, Ilhom Farmonov, Muhtarama Ulug‘ova, Botir Ergashev kabi taniqli san’atkor va shoirlarning chiqishlari har bir kursantda alohida taassurot qoldirdi. Zero, Vatanimiz ramzlariga nisbatan chuqur hurmat tuyg‘ularini singdirish, ularni ulug‘lash va ardoqlash barchamizning muqaddas burchimizdir.

Toki bayroq bor ekan, millat bor, davlat bor, Vatan bor. Umid qilamizki, O‘zbekiston farzandlari qayerda bo‘lmasin, qanday natijalarga erishmasin, Vatan bayrog‘ini ardoqlab e’zozlaydi.

Rahmatilla GʻOYIBNAZAROV,

Davlat bojxona qo‘mitasining Bojxona instituti

“Ma’naviyat va yoshlar tarbiyasi” markazi boshlig‘i

Manba: “Yangi O‘zbekiston” gazetasi


Print   Email