Tuprog‘i oltinga teng Vatan

Tuprog‘i oltinga teng Vatan

“Sen — qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim!”

Joriy yil sinov yili bo‘lmoqda. Koronavirus pandemiyasi butun dunyo davlatlari qatorida mamlakatimizdagi ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy sohalar rivoji, barqaror faoliyatiga, fuqarolarimizning salomatligi va eng asosiysi, turmush sharoitiga o‘z ta’sirini o‘tkazmoqda. Ammo azaldan oqibatli va sabrli bo‘lgan xalqimiz mana shu og‘ir kunlarda ham bir-biriga yelkadosh, g‘amni ham, shodlikni ham birga baham ko‘rishini butun dunyoga namoyon etmoqda. Ayniqsa, “Sardoba fojiasi”da zarar ko‘rgan fuqarolarimiz uchun xalqimizning xayriya aksiyalari, hamyurtlari uchun hech nimani ayamagani tahsinga loyiq.

Sinovli yildagi Mustaqillik bayrami oila davrasida nishonlandi. Bundan ham yaxshilik, oqibat izladik. Jondan aziz yaqinlarimiz bilan istiqlol shukuhidan bahra oldik. Qavm-qarindosh, qo‘ni-qo‘shni bir-biriga yanada jipslashdi. Prezidentimizning mamlakatimiz mustaqilligining yigirma to‘qqiz yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqida “Eng avvalo, menga xalqimizning salomatligi hamma narsadan muhim”, degan ta’kidlarining zamirida ertangi kunga ishonch bilan birga, xalqqa xotirjamlik va omonlik so‘rayotganlari mujassam.

Chindan ham, mustaqillik — buyuk ne’mat. Erklik, o‘zlikni anglash, huquqni his etish biz uchun berilgan mukofotdir. Davlatimiz rahbari “Biz qanday tahlikali va suronli davrlarni boshimizdan kechirmaylik, qanday yutuq va natijalarga erishgan bo‘lmaylik, mustaqillik g‘oyasi, istiqlol ruhi bizga doimo tog‘dek tayanch bo‘lmoqda”, deganlarida aynan mana shu ulug‘ g‘oyani tarannum etdilar. Chunki mazkur bayramni qanday sharoitda nishonlashimizdan qat’iy nazar, bizning insoniy qadr-qimmatimiz, g‘urur va sha’nimiz, dinu diyonatimizni, milliy davlatchiligimizni tiklab bergan Mustaqillik kuni Vatanimizning shonli tarixidagi eng yorqin kun, sahifa bo‘lib qolaveradi.

Shukrki, mustaqillik sabab, milliy va ma’naviy meroslarimiz tiklandi. Ajdodlarimizga e’tibor va ehtirom yuksaldi. Ularning boy ilmiy meroslari chuqur o‘rganilmoqda. Ayniqsa, ajdodlarimizning bebaho asarlarini dunyo ommasiga targ‘ib etilishi so‘nggi yillarda jadal tus oldi. Bugun mana shu tizimli ishlarning mantiqiy davomi sifatida “Milliy tiklanishdan — milliy yuksalish sari” degan da’vatkor g‘oya atrofida barchamiz birlashyapmiz. Yuksalish, ertangi kunga ishonch sari dadil odimlayapmiz.

Hech kim e’tibordan chetda emas. Buni pandemiya davrida xorijga mehnat qilish, tahsil olish uchun ketib, yuzaga kelgan vaziyat tufayli ortga qayta olmagan minglab yurtdoshlarimiz hukumatimiz tomonidan o‘z uyi — Vataniga qaytarildi. Ularning har birini sog‘lig‘ini jiddiy nazorat qilinishi hamda o‘z uylariga qaytishlari uchun yordam ko‘rsatish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar, yuksak bag‘rikenglik namoyonidir. Bunday mas’uliyatli vazifani ado etayotgan soha fidoiylari Vatan himoyachilari bo‘lgan harbiylar va inson salomatligiga javobgar shifokorlar xizmatini xalqimiz bugun chin ma’noda his etdi. Ijtimoiy tarmoqlarda kunda fidoiylar uchun tashakkurlar bong urdi va hozir ham davom etmoqda.

So‘nggi yillarda ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamini himoya qilish, ehtiyojmand oilalarni aniqlashning o‘ziga xos yangi tizimi shakllantirildi. Moddiy yordam ko‘rsatish uchun 417 milliard so‘m mablag‘ ajratilgani ham xalqqa yordam bo‘ldi. Ehtimol, mablag‘lar barcha ehtiyojmandlarni qamrab olmagandir, ammo birgina sentabr oyida moddiy yordam va ko‘makka muhtoj, boquvchisini yo‘qotgan oilalarning farzandlarini va nogironligi bo‘lgan bolalarni qishki kiyim-bosh, maktab formasi va o‘quv qurollari bilan ta’minlash maqsadida 426 milliard so‘mga yaqin moddiy yordam ko‘rsatilishini alohida ta’kidlash lozim. Bu eng avvalo, moddiy ko‘mak bilan yordam ko‘rsatilishi, farzandlarimiz va ularning ota-onalari qalbidagi ertangi kunimizga, kelajakka bo‘lgan katta orzu-umid va ishonchini oshishiga xizmat qiladi.

Muxtasar aytganda, Davlat rahbarimiz ta’kidlaganidek, “Xalqimizda “Ko‘z – qo‘rqoq, qo‘l – botir”, degan chuqur ma’noli ibora bor. Bugungi sharoitda bizning ko‘zimiz ham, qo‘limiz ham, yuragimiz ham botir bo‘lishi kerak. Belimizni mahkam bog‘lab, pok niyat bilan mehnat qilsak, shubhasiz, ko‘zlagan marralarimizga erishamiz”.

Darhaqiqat, barcha sohalardagi yutuq va rivojlanishlarga tafakkurimizdagi boy ilm, halol mehnat va adolat bilan erishamiz. Tuprog‘i oltinga teng vatanda kamol topayotgan, yashayotgan har bir fuqaroning hayoti farovon bo‘lib, qalbida “Vatanim uchun xizmat qilaman!” degan ezgu maqsad jo‘sh ursin!

Munira QAHHOROVA,

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va

ma’rifat bo‘limi boshlig‘i


Print   Email