Test sinovlari qachon va qay tartibda o‘tadi?

Test sinovlari qachon va qay tartibda o‘tadi?

2020/2021 o‘quv yili uchun test sinovlarini tashkil etish ishlari jadallashadi.

Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi AOKAda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi va Davlat test markazi mas’ullari ishtirok etgan tadbirda ma’lum qilindi.

– Test sinovlari Toshkent va Nukus shaharlari, viloyatlar markazlaridagi stadionlarda tashkil etiladi, – dedi Davlat test markazi rahbari Majid Karimov. – Abituriyentlar uchun joriy yilgi test sinovlari sentyabr oyi boshidan boshlab o‘tkaziladi. Avgust oyi davomida respublikadagi 40 ga yaqin stadionlarni test jarayonlariga tayyorlash bo‘yicha tashkiliy ishlar olib boriladi. Boshqa davlatlarda ham testlar ochiq stadionlarda o‘tkazildi. O‘rgandik va kuzatdik. Pandemiya sharoitida ochiq maydonlarda test topshirish xavfsizlikni ta’minlashga yordam beradi. Yurtimizda 155tadan ortiq stadionlar bor. Test o‘tkazish uchun 54-55ta maydonlar talab qilinadi. Abituriyentlarga tibbiy buyumlardan tashqari bosh kiyim ham tarqatiladi.

Imtihonlar kuniga 2 marta – havo salqin paytda o‘tkaziladi, shunda barchasini taxminan 12-14 kunda yakunlash mumkin bo‘ladi. Imtihonlar Sog‘liqni saqlash vazirligi va Sanitariya-epidemiologiya xizmatining epidemiologik vaziyat borasidagi xulosasidan kelib chiqqan holda belgilanadi.

1-kursga qabul qilingan talabalar uchun dars mashg‘ulotlari esa 1 oktyabrdan boshlanishi rejalashtirilayapti.

O‘zA


Print   Email