Talaba bo‘lish baxti: sharaf, yutuq, mas’uliyat

Talaba bo‘lish baxti: sharaf, yutuq, mas’uliyat

Oliy ta’lim muassasasi talabasi bo‘lish kishidan chuqur izlanish, puxta tayyorgarlikni talab etadi. Kimdir ilk urinishdayoq bunday muvaffaqiyatga erishsa, yana kimdir yillar mobaynida izlanishi kerak bo‘ladi. Ammo bir necha yillar davomida o‘qish istagida ta’lim muassasalariga hujjat topshirib, turli qiyinchiliklarni sabr bilan yenggan, bu yo‘lda kurashdan to‘xtamagan yoshlarni har qancha e’tirof etsak arziydi.

Bugun uzoq kutilgan maqsadga erishgan ana shunday yoshlar O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi talabasi bo‘lish baxtiga erishdi. Shu bois, talabalik zavqining ne’matlarini totish, o‘z oldiga qo‘ygan ezgu maqsadlari yo‘lida doimo ildam qadam tashlagan, joriy yilgi test imtihonlaridan muvaffaqiyat bilan o‘tib, talabalikka tavsiya etilgan yoshlarning fikr va mulohazalari bilan qiziqdik.


Furqatjon QIRGʻIZOV,

 “Islom iqtisodiyoti va xalqaro munosabatlar” fakultetining “Axborot xavfsizligini boshqarish” ta’lim yo‘nalishi 1-bosqich talabasi:

— Hayotda aniq maqsad bilan yashagan kishi muvaffaqiyatga erishadi. Mening ham yagona maqsadim talaba bo‘lish edi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasini tanlaganim sabablari ko‘p. Birinchidan, yoshligimdan shu muassasada o‘qishni orzu qilar edim. Ikkinchidan, akam ham shu yerni tamomlagan. Uni ko‘rib, “Men ham shu Akademiya talabasi bo‘lsam?”, deb orzu qilardim. Ammo bu baxt menga nasib qilmasdi. Atrofimdagi tengdoshlarim, men tanigan do‘stlarim oliy o‘quv yurtlarida tahsil olayotganda mening hamon “abituriyentlik maqomi”da yurishim og‘riqli jarayon edi.

Yaqinlaring ishonchini yo‘qotgandek his qilasan. Ularning yuz-ko‘zidan “Shuncha o‘qib ham kirolmadingmi?” degan savolni uqqandek bo‘lardim. Garchi, bunday bo‘lmasa-da, ammo menga shunday tuyulaverardi. Sinovlarda ota-onam menga dalda bo‘lib, kurashdan to‘xtamasligimni, hayot aslida mana shunday sinovlardan iborat ekanini ta’kidlashdan charchashmadi. Bu esa menga katta dalda bo‘ldi. Qo‘shimcha kuch, motivatsiya berdi. Nihoyat davlat granti asosida talabalik baxtiga erishdim.

Kelajakda o‘z yo‘nalishimda kuchli mutaxassis bo‘lishga, jamiyat va xalqimizga foydali inson bo‘lishga harakat qilaman. Mashaqqatlar bilan erishilgan yutuqning qadri baland bo‘ladi.

Xalimjon GʻULOMJONOV,

 “Islom iqtisodiyoti va xalqaro munosabatlar” fakultetining “Xalqaro munosabatlar” ta’lim yo‘nalishi 1-bosqich talabasi:

  — Akademik litseyni tamomlab, Andijon viloyatidagi oliy ta’lim muassasasiga o‘qishga topshirdim. Ammo uch yil kirolmadim. Shunda xayolimga O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasiga hujjat topshirish, shu yerda o‘qish fikri keldi. Bunday qarorga kelganimning sababi akademik litseyda “Dinshunoslik” fanidan menga saboq bergan ustozim aynan O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasini tamomlagani, undagi bilim va odob, o‘quvchilarga bo‘lgan ijobiy munosabat tufaylidir. Ilk marotaba 2017-yil O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasiga hujjat topshirayotganimda Akademiyada talabalarga yaratilgan sharoitlar, o‘qituvchilarning samimiyligi menga ma’qul kelgandi.

Afsuski, o‘tgan uch yil mobaynida o‘qishga kira olmadim. Ammo ta’lim olishga bo‘lgan istakdan voz kechmadim. Shunday paytlarda xayolimning bir chekkasida ham o‘qishni to‘xtatish fikri kelmas, qaytaga boshqalarga o‘z kuchimni ko‘rsatib qo‘yish istagi meni tark etmasdi. Umidsizlikka tushmaslikka urinardim, chunki hayotda qiyinchilik yoki mashaqqatga yo‘liqsak, uning ortidan bizni xursand qiladigan bir yaxshilik borligiga ishonardim.

Shukrki, talaba bo‘lish baxti menga ham nasib etdi. Test natijalari e’lon qilinganida eng yuqori 189 balni qo‘lga kiritganim esa sabr va harakatlarimning mevasi bo‘ldi. Erishgan yutug‘imda yonimda suyab, dalda bo‘lgan ota-onamning ko‘zidagi sevinch yoshlari meni to‘lqinlantirdi. Ich-ichimdan “Inson astoydil bir nimani niyat qilsa, chin ko‘ngildan so‘rasa, amalga oshishini” his qildim. Ayniqsa, bu yil abituriyentlar onlayn hujjat topshirishlari yo‘lga qo‘yilgani, so‘nggi yillarda test sinovlaridagi islohotlar, imtihonlardagi shaffoflikni e’tirof etsam arziydi.

“Xalqaro munosabatlar” yo‘nalishiga yoshligimdan qiziqardim. Tarix, ijtimoiy-siyosiy mavzularga qiziqishim yuqori. Imkon qadar xorijiy tillarni ko‘proq o‘rganish, soham bo‘yicha chuqurroq bilim olishga harakat qilaman.

Shu o‘rinda tengdosh do‘stlarimga aytar so‘zim bor. O‘qishga kirolmaslik, hayot tugadi degani emas. Men faqat astoydil harakat qilishni va doimo o‘zingizga ishonishingizni maslahat bergan bo‘lar edim. Zero, ishonch har qanday muvaffaqiyatning ibtidosidir.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati


Print   Email