Sayyohlikning yangi istiqbollari

Sayyohlikning yangi istiqbollari

Turizm tez rivojlanayotgan tarmoqlardan biridir. U XXI asrning eng daromadli sohasiga aylandi.

Turizm transport, oziq-ovqat, mehmonxona, savdo-sotiq, hunarmandchilik, qurilish va boshqa xizmat turlarining ham rivojlanishiga olib keladi. Mamlakat tashqi qiyofasini zamonaviylashtirishga, mehmonxona va restoran industriyasini rivojlantirishga hamda transport-kommunikatsiya tizimlari kabi tarmoqlar o‘rtasidagi aloqalarni shakillantirishga xizmat qiladi. Shuning uchun ham ko‘pgina davlatlar turizmni rivojlantirishga katta e’tibor bermoqda. Ziyorat sayyohlik bozori esa o‘tgan yillar davomida tez sur’atlarda o‘sib, jahon sayyohlik bozorining eng tez o‘sib borayotgan segmentlaridan biriga aylandi.

O‘zbekistonda turizm sohasini tubdan isloh qilish milliy iqtisodiyotni rivojlantirishning strategik yo‘nalishiga aylantirish va uning diversifikatsiya va hududlarni jadal rivojlanishini ta’minlash borasida ustuvor vazifalar sifatida belgilangan. Ushbu jihatlarini e’tiborga olgan holda respublikada turizm bozorining turli segmentlariga yo‘naltirilgan turizm mahsuloti va xizmatlarini diversifikatsiya qilish, ularning raqobatbardoshligini yanada oshirish, maqbul va qulay ichki va xalqaro ziyorat turizmi muhitini yaratish, transport yo‘nalishlarini kengaytirish, transport xizmatlari sifatini oshirish, turizm mahsulotlarini keng targ‘ib qilish, shuningdek, mamlakatimizning sayohat va dam olish uchun xavfsiz manzil sifatidagi imijini mustahkamlash muhimdir. Shu maqsadda Prezidentimizning 2021-yil 9-fevralda tegishli farmoni qabul qilindi. Unda bir qator imtiyoz va preferensiyalar belgilandi.

“Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq, O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qilish uchun xarajatlarning bir qismini qaytarish tartibi joriy qilinishi belgilandi.

Imtiyoz va preferensiyalar muddatlari 2021-yil 31-dekabrga qadar uzaytirildi. Turoperatorlar, turagentlar, shuningdek, joylashtirish vositalari uchun foyda solig‘i stavkasini belgilangan stavkaga nisbatan 50 foizga kamaytirildi.

Kamida 10 kishidan iborat xorijiy turistik guruhlar uchun O‘zbekiston Respublikasida tur tashkil etish va ularning joylashtirish vositalarida kamida besh kecha tunab qolishi sharti bilan turoperatorlarning avia va temir yo‘l chiptalari bo‘yicha xarajatlarini chipta narxining 30 foizi miqdorida qisman subsidiyalash tizimi joriy etildi.

Navro‘z umumxalq bayrami, Mustaqillik kuni va Yangi yil bayrami hamda Ramazon hayiti (Iyd al-Fitr) va Qurbon hayiti (Iyd al-Adha) diniy bayramlarini nishonlash davrida qo‘shimcha va ko‘chirish hisobiga ishlanmaydigan kunlar uch kundan kam bo‘lmagan muddatga belgilandi.

Ota-onalar, qarindoshlar, qariyalar va ustozlar bilan birgalikda sayohat qilishni nazarda tutuvchi besh ish kunidan kam bo‘lmagan “oilaviy sayohat ta’tili” tizimi joriy qilinayapti.

Bunda, “oilaviy sayohat ta’tili” yillik asosiy ta’til hisobidan taqdim etiladi va jamoaviy shartnomalarga muvofiq ish beruvchining roziligi bilan amalga oshirilishi tasdiqlandi.

Transport-logistika tizimini rivojlantirish maqsadida, birinchidan, ichki va ziyorat turizmini rivojlantirish doirasida Farg‘ona – Urganch – Farg‘ona, Termiz – Urganch – Termiz hamda Qarshi – Urganch – Qarshi aviareyslarini yo‘lga qo‘yish va Andijon – Xiva – Andijon temir yo‘l qatnovi sonini oshirish va 2021 yil 1 aprelga qadar Termiz – Qarshi – Xiva, Xiva –Urganch – Nukus va Termiz – Qarshi – Samarqand yo‘nalishlari bo‘yicha doimiy temir yo‘l qatnovini yo‘lga qo‘yish choralari belgilandi va aviareys va temir yo‘l qatnovlarini, shuningdek, Toshkent shahridan Buxoro, Nukus, Termiz va Urganch shaharlari hamda Farg‘ona vodiysiga qatnov yo‘nalishlari bo‘yicha aviareyslarni subsidiyalash nazarda tutildi.

Ikkinchidan, xorijiy aviakompaniyalarning Indoneziya, Bangladesh va Malayziya mamlakatlaridan xorijiy turistlarning O‘zbekiston Respublikasiga sayohatlarini tashkil etishga qaratilgan hamda “Umra+” dasturi doirasidagi O‘zbekiston Respublikasiga aviaparvozlari, qo‘nish va uchish xavfsizligi qoidalaridan tashqari, to‘sqinliksiz amalga oshirildi.

Uchinchidan, respublikaning turizm namoyishi ob’ektlarini keng targ‘ib qilish, fuqarolarni boy tabiiy, madaniy va tarixiy meros obyektlari bilan tanishtirish hamda ichki turizmni ommalashtirishga qaratilgan (tijorat maqsadlarni ko‘zlamagan) axborot ma’naviyat va ma’rifat masalalariga doir axborotga tenglashtirildi.

To‘rtinchidan, 2021-yil 1-martdan boshlab O‘zbekiston Respublikasi hududiga kirgan kundan e’tiboran 10 kunlik muddatga o‘z yoki uchinchi mamlakatga uchish aviachiptasini taqdim qilgan Bahrayn Qirolligi, Qatar, Quvayt, Ummon Sultonligi va Xitoy Xalq Respublikasi, shu jumladan, Xitoy Xalq Respublikasining Gonkong va Makao maxsus ma’muriy hududlari fuqarolari uchun vizasiz rejim belgilandi.

Turizm obyektlarining muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari, kommunal va yo‘l infratuzilmalarini yaxshilash, turizm infratuzilmasi va yondosh infratuzilmani qurish, rekonstruksiya qilish, kengaytirish va modernizatsiyalash, madaniy-ko‘ngilochar infratuzilmalarni rivojlantirish, madaniy meros ob’ektlarini restavratsiya, konservatsiya qilish hamda obodonlashtirish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish uchun 1 trillion so‘m miqdoridagi mablag‘larni O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti hamda Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi hisobidan teng ulushlarda ajratishni nazarda tutuvchi chora-tadbirlar rejasini amalga oshirish nazarda tutilgan.

Qashqadaryo viloyati hokimligi huzurida byudjetdan tashqari hududda turizmni rivojlantirish jamg‘armasini tashkil etish va unga Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan, istisno tariqasida, 200 milliard so‘m ajratish va ushbu mablag‘lar yo‘naltiriladigan maqsadlar nazarda tutildi.

Mazkur chora-tadbirlarni amalga oshirish doirasida institutsional o‘zgarishlar nazarda tutilgan bo‘lib, bu borada ziyorat turizmi yo‘nalishida to‘g‘ri targ‘ibotni yo‘lga qo‘yish va ziyorat obyektlari haqida ilmiy asoslangan ma’lumotlarni taqdim etish maqsadida Ziyorat turizmini rivojlantirishni muvofiqlashtirish kengashi va uning faoliyatini tashkil etish belgilandi.

Abduvali Isajonov,

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi professori,

iqtisodiyot fanlari doktori


Print   Email