Saxovatli bo‘lish ulug‘ fazilat

Saxovatli bo‘lish ulug‘ fazilat

“Sen — qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim!”

Xalqimizning qon-qoni, jon-joniga o‘zaro birdamlik, boshiga ish tushganning joniga oro kirish, muhtojlarga xayr-saxovat qo‘lini cho‘zish, yiqilganni suyash kabi ezgu fazilatlar singib ketgan. Bu muqaddas qadriyatlar Islom dinining asosiy manbalari — Qur’oni Karim va hadislarda ko‘p bora ta’kidlangan. Xususan, Alloh taolo Qur’on karimda: “Ehson-yaxshilikning mukofoti faqat ehson va ezgulik bo‘lajak” (Rohman surasi, 60-oyat) deb o‘zgalarga yaxshilik qiluvchilarga dunyo va oxiratda ulkan mukofotlar borligini ma’lum qilgan. Dono xalqimiz “El kuyunganda kuyungan — botir, el suyunganda suyungan — botir”, degan naql zamiriga ham el boshiga ish tushganda loqaydlik qilmaslik, uning quvonchu tashvishlarini o‘ziniki deb bilish xislatini jo qilgan, albatta. Binobarin, fidoyi xalqimiz bu kabi naqllarning hayotiy isbotini asrlar osha namoyish etib kelmoqda.

Uzoq tarixga bormaylik, bizni turli sinovlar bilan toblayotgan 2020 yilning o‘zida xalqimiz irodasi, birdamligi va xayr-saxovati imtihonlar bilan yuzlashmoqda. Avvaliga dunyo ellarini sergak torttirgan koronavirus pandemiyasi, keyin esa Buxoro va Sirdaryo viloyatlarida ro‘y bergan tabiiy va texnogen ofatlar...

O‘z vaqtida ko‘rilgan tezkor chora-tadbirlar tufayli mazkur ofatlarning oqibatlari bartaraf etilib, ko‘rilgan zararni oqilona yo‘llar bilan qoplashga erishilmoqda. Jumladan, joriy yilning aprel oyida bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishda Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan “Saxovat va ko‘mak” umumxalq harakatini tashkil etish g‘oyasi mana shunday uzoqni ko‘zlab qo‘yilgan samarali qadam bo‘ldi. Davlatimiz rahbari mustaqilligimizning yigirma to‘qqiz yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqida mazkur umumxalq harakatining tub mohiyatini ochiqlar ekan, “Hech kim hech qachon unutmasligi kerak: qanchalik qiyin bo‘lmasin, qancha mablag‘ va imkoniyat talab etilmasin, O‘zbekistonning bironta fuqarosi o‘z holiga tashlab qo‘yilmaydi”, deya alohida ta’kidladi. “Saxovat va ko‘mak” umumxalq harakatining faoliyatini ko‘zdan kechirar ekansiz, ushbu so‘zlarning amaldagi ifodasiga guvoh bo‘lasiz.

Koronavirus pandemiyasi tarqalishini oldini olish maqsadida mamlakatimizda joriy etilgan karantin sabab bir qator ishlab chiqarish korxonalari, kundalik daromad keltiruvchi xizmat ko‘rsatish obyektlari, transport, maishiy, savdo, ovqatlanish va turli ijtimoiy shoxobchalarning yopilishi kundalik daromad oluvchi fuqarolarimizni ancha qiyin ahvolga solib qo‘ydi. Bunday murakkab sharoitda tadbirkorlar, ishbilarmonlar, saxovatpesha insonlar qo‘l qovushtirib o‘tirmay, darhol kam ta’minlangan, vaqtincha ishsiz qolgan, kundalik daromad manbaini yo‘qotgan, ijtimoiy himoyaga muhtoj yurtdoshlarimizga zarur oziq-ovqat mahsulotlari, kiyim-kechak va maishiy iste’mol tovarlarini yetkazib turdilar. Har kuni OAV orqali u yoki bu yurtdoshimizning xayru saxovati haqida eshitib, ko‘rib turdik. Bu esa boshqalarni ham ilhomlantirib, o‘z imkoniyati darajasida muhtojlarga, yolg‘iz keksalarga yordam qo‘lini cho‘zishga undadi.

Darhaqiqat, Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda, “Bu ezgu tashabbus ishbilarmon va tadbirkorlarni, fidoyi yoshlarimizni, barcha-barcha vatandoshlarimizni olijanob maqsad yo‘lida birlashtirdi. Hazrat Alisher Navoiyning “Davron elining jismida jon bo‘lg‘il, Ham jonlariga moyai darmon bo‘lg‘il”, degan so‘zlari bugun yanada teran ma’no bilan yangramoqda. Chindan ham, hozirgi davr har birimizni saxovat va himmat ko‘rsatib, xayrli ishlarimiz bilan el-yurt dardiga darmon bo‘lishga undamoqda”.

Hadisi shariflarda “Saxiy Allohga yaqindir, jannatga yaqindir, odamlarga yaqindir va do‘zaxdan uzoqdir”, deyilgan. Buni teran anglagan har bir yurtdoshimiz kasb-koridan qat’i nazar “Saxovat va ko‘mak” umumxalq harakatiga qo‘shildi. Ayniqsa, harbiylar va shifokorlar ushbu harakatning eng oldingi safida turib, butun kuch-g‘ayratlarini pandemiyani xalqimizdan boshidan nari qilishga safarbar etmoqdalar. Ularning mehnatlarini Yurtboshimiz alohida e’tirof etib o‘tdi: “Barchangizga yaxshi ma’lum, dunyoda ikki soha vakillari o‘z kasbiga sadoqat borasida qasamyod qabul qiladi: bular — Vatan himoyachilari bo‘lgan harbiylar va inson salomatligiga mas’ul shifokorlar. Buning bejiz emasligini bugun hayotning o‘zi tasdiqlamoqda. Muqaddas qasamyodiga sodiq bo‘lgan shifokorlarimiz hozirgi murakkab vaziyatda, kerak bo‘lsa, aziz jonlarini fido qilib, qahramonlarcha mehnat qilmoqdalar. Xalqimiz, davlatimiz sizlarning matonat va jasoratingizni hech qachon unutmaydi”.

Chindan ham, ushbu kunlarda barchamizning irodamiz, e’tiqodimiz, vatanparvarligimiz sinovdan o‘tmoqda. Bir yoqadan bosh chiqarib, mashaqqatlarga sabr qilsak, majburiyatlarimizni sidqidildan ado etsak, shubhasizki, bu sinovli davrdan yorug‘ yuz, oltinga teng xulosalar bilan o‘tib olamiz.

Akbar KAZAKBAYEV,

“Arab tili va adabiyoti Al-Azhar” kafedrasi mudiri


Print   Email