Ramazon — ma’rifat va qadriyatlar qadr topgan oy

Ramazon — ma’rifat va qadriyatlar qadr topgan oy

Yangilanayotgan O‘zbekiston diyorida muborak Ramazon oyi tinchlik, mehru oqibat, o‘zaro hamjihatlik, himmat va saxovat kabi an’analarimiz tobora mustahkam qaror topayotgan bir sharoitda, ko‘tarinki ruh bilan kutib olindi. Prezidentimizning joriy yil 8-aprel kuni “Muborak Ramazon oyini munosib tarzda o‘tkazish to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, Ramazon oyini milliy an’ana va qadriyatlarimiz ruhida, har tomonlama munosib o‘tkazish dasturi ishlab chiqildi.

Dasturga muvofiq, joylarda Ramazon oyining mazmun-mohiyatida mujassam bo‘lgan insoniylik, ma’naviy poklik, sabr-qanoat kabi fazilatlarni e’zozlash, bugungi tinch va farovon hayotimizni qadrlash, odamlarni bir-biriga yaxshilik qilish, ahil va hamjihat bo‘lib yashashga da’vat etadigan hamda yosh avlodni Vatanimizga muhabbat, azaliy an’ana va qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalashga xizmat qiladigan targ‘ibot tadbirlarini o‘tkazishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu ishlar zamirida jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish g‘oyasi yotganini alohida ta’kidlash lozim.

Ayniqsa, yordamga muhtoj va ehtiyojmand insonlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, oilalar va mahallalarda mehr-oqibat, o‘zaro hurmat muhitini mustahkamlash bilan bog‘liq tashkiliy ishlar diqqat markazidadir.

Yurtimizda muqaddas Ramazon oyini munosib tarzda o‘tkazish, ezgu amallarni ado etish uchun barcha imkoniyatlar mavjud.

O‘tgan yilgi Ramazon oyi pandemiya sharoitida, karantin talablari pallasida o‘tgani hammamizning yodimizda. Shunday qiyinchiliklarni ham davlatimiz rahbarining siyosiy irodasi va metin intizom asosida yengib o‘tdik. Biroq hali xavf chekingani yo‘q, ehtiyot choralari ham bekor bo‘lmadi. Shu bois, bu yil ham ushbu oyni karantin talablariga to‘liq rioya etgan holda o‘tkazishga majburmiz. Bu vaziyat barchamizdan hushyor va sergak bo‘lish, mas’uliyatni yanada oshirishni talab etadi. Zero, Ramazon oyida masjidlarda taroveh, xatmi Qur’on ibodatlari tashkil etilib, ularda ko‘plab namozxonlar ishtirok etadi.

Shunga ko‘ra, barcha masjidlarda tozalik va obodonlashtirish, sanitariya-gigiyena qoidalariga rioya etish va muqaddas Ramazon oyiga tayyorgarlik ko‘rish ishlari oldindan jiddiy nazoratga olindi hamda joriy yilning 20-fevralidan 20-martiga qadar “Obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish” oyligi e’lon qilindi. Qayd etish joizki, mazkur oylik davomida joylarda keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi.

Xususan, mavjud qabristonlar, ziyoratgoh va masjidlarda obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish hamda binolarni to‘liq dezinfeksiya qilish tashkil etildi;

 — imom-xatiblar tashabbusi asosida mahalla faollari, jamoatchilik vakillari bilan hamkorlikda 9 mingga yaqin mahalla va aholi yashash punktida, mahallalardagi yolg‘iz keksa, boquvchisini yo‘qotgan 6231 nafar fuqaro xonadonlarida hashar tadbirlari o‘tkazildi;

— 131 574 tup gul, mevali va manzarali daraxtlar ekildi, 335 ming metr ariq tozalandi;

— OAV va internet orqali aholini obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlariga targ‘ib etish yo‘nalishida muntazam chiqishlar qilindi.

Shu bilan birga, COVID-19 kasalligi tarqalishi bo‘yicha mavjud holatni e’tiborga olib:

sanitariya-gigiyena va dezinfeksiya talablariga qat’iy rioya etish, bino xonalarini har kuni dezinfeksiya qilish, ularning kirish joylarini pirometrlar (kontaktsiz harorat o‘lchagich), antiseptik vositalar bilan jihozlash;

ijtimoiy masofalanishni (1,52 metr) saqlash, buning uchun hudud va ibodat joylariga maxsus belgi qo‘yish, taroveh namozlari uchun asosan, masjid hovlisi, ochiq hududlarda joylar tashkil etish, ibodat tugaganidan so‘ng hududni tez fursatda tark etish;

fuqarolar masjid ichida va namoz asnosida tibbiy niqob taqqan holda bo‘lishi va masjidga kirishda qo‘llarni dezinfeksiyalash vositasidan foydalanishini nazorat qilish;

diniy tashkilotlarda jamoaviy ibodatlarni amalga oshirishda 60 va undan katta yoshdagi fuqarolar hamda surunkali kasalligi mavjud shaxslarga ular tomonidan kunlik diniy tadbirlarni imkon qadar uy sharoitida amalga oshirish bo‘yicha muntazam tushuntirish ishlarini olib borish;

 jamoaviy ibodatlar tashrif buyuruvchilar tibbiy niqobda bo‘lgan holda qat’iy sanitariya-gigiyena qoidalari asosida o‘tkazilishi, shuningdek, koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish borasida shaxsiy mas’uliyatni oshirish yuzasidan targ‘ibot yo‘lga qo‘yildi.

Yurtimizda qadimdan Ramazon kechalari Qur’oni karimni to‘liq xatm qilish chiroyli an’anaga aylangan. Bu yil ham ko‘plab jome masjidlarimizda xatmi Qur’onlar tizimli davom etmoqda. Joriy Ramazon oyida mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan 2088 ta masjiddan 1373 tasida xatmi Qur’on (Qur’on kitobini to‘liq o‘qish) va 685 ta masjidda aholi talabiga ko‘ra, qisqa taroveh namozlari tashkil etilmoqda. Hozir ta’mirlash ishlari olib borilayotgani tufayli 30 ta masjidda taroveh namozlari ado etilmasligi ma’lum qilingan. O‘zbekiston musulmonlari idorasi tavsiyasiga ko‘ra, ushbu tadbirlarga 2320 nafar qori jalb etildi.

Ramazon oyining ulug‘vorligi, alohida fazilatli tomoni shundaki, u saxovat oyi hamdir. Mehr-muruvvat, saxovat xalqimiz ardoqlagan, asrlar osha amal qilib kelayotgan azaliy qadriyatlarimizdan hisoblanadi. Saxovatli zotlar, ularning tarixda qoldirgan yaxshi nomlari, saxovatpeshalik bilan amalga oshirgan ishlari biz uchun, yoshlarimiz uchun ibratdir. Albatta, bundan xayr-saxovat faqat shu oyda qilinishi kerak, degan ma’no chiqmaydi. Ya’ni saxovat mavsumiy qadriyat emas. Biroq muqaddas kitoblarimizda Ramazonda qilinadigan har qanday xayrli amallar, jumladan, xayr-saxovatga ham boshqa oylardagidan bir necha hissa ko‘proq ajr berilishi qayta-qayta ta’kidlanadi.

Buyuk alloma Alouddin Samarqandiy “Tuhfat ul-fuqaho” asarida: “Kishilarda Ramazon oyida savobli ishlarni har qachongidan-da ko‘proq qilishga intilish ishtiyoqi yanada ortadi. Ayniqsa, davlatmand kishilar zakotlarini ham aynan Ramazonda ado etishlari ham shundan”, deydi.

Diyorimiz musulmonlariga qulay bo‘lishi uchun O‘zbekiston musulmonlari idorasi fatvo hay’atining milodiy 2021 (hijriy 1442) yilgi zakot nisobi, fitr sadaqa va fidya miqdori bo‘yicha qarori ham e’lon qilindi. Qolaversa, bir oy davomida faqat yaxshi niyatda, yaxshi amalda bo‘lgan kishilarning Ramazondan keyingi oylarda ham bunday yaxshiliklarni davom ettirishlari tabiiy.

Prezidentimizning yuqorida zikr etilgan qarorida Ramazon oyini o‘tkazish bilan bog‘liq tadbirlarni ommaviy axborot vositalarida keng yoritish borasida tavsiyalar berilgan. Shunga ko‘ra, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, “Ziyo” media markazi bilan birgalikda “Hidoyat sari”, “Ziyo” ko‘rsatuvlari va “Ramazon tuhfasi” eshittirishi efirga uzatilmoqda.

Ommaviy axborot vositalarida berilayotgan materiallar epidemiologik sharoitdan kelib chiqib, diniy-ma’rifiy ruhdagi, Ramazon oyining mazmun-mohiyatida mujassam bo‘lgan ezgulik, muruvvat, ahillik va hamjihatlik g‘oyalari, dinimiz arkonlarini e’zozlash, hozirgi tinch va osuda hayotimizning qadriga yetish, shukronalik fazilatlarini ulug‘lashga da’vat etadigan suhbat va ma’ruzalar shaklida tashkil etilmoqda.

Telekanallarda milliy qadriyatlarni ulug‘lash, yoshlarda vatanparvarlik tuyg‘ularini kuchaytirishga bag‘ishlangan badiiy filmlar, muqaddas qadamjolar, tarixiy obidalarni asrab-avaylash va kelajak avlodga yetkazish yo‘lida amalga oshirilayotgan salmoqli ishlarni yorituvchi hujjatli-publitsistik filmlar namoyishini tashkil etish masalasi esa ayni muddao bo‘ldi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi bilan birgalikda diniy soha xodimlari tomonidan internet saytlari va ijtimoiy tarmoqlar orqali Ramazon oyida saharlik, iftorliklarni xonadonlarda oila davrasida, hashamatsiz va kamtarona o‘tkazish, karantin qoidalariga rioya etish, oziq-ovqat mahsulotlari narxlarini sun’iy ravishda oshirmaslik, turli bid’at va xurofotlardan saqlanish, yot g‘oyalarga asosli raddiyalar berish, aholi salomatligini saqlash kabi mavzularda targ‘ibot ishlarini kuchaytirishga alohida e’tibor qaratildi. Juma ma’ruzalarida alohida mavzular berib borilmoqda.

Masjidlar imom-xatiblari hamda mahalla fuqarolar yig‘ini faollari hamkorligida Saxovat, Muruvvat va Mehribonlik uylarida istiqomat qilayotganlar, Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari, mehnat faxriylari, nogiron, yolg‘iz keksalar, kam ta’minlangan oilalarga “Vaqf” xayriya jamoat fondi hisobidan hamda saxovatpesha insonlarni jalb qilgan holda moddiy yordam ko‘rsatish ishlari boshlab yuborildi.

Umuman, amalga oshirilayotgan barcha ezgu ishlar Ramazon oyining diyorimizda yanada shukuhli va ko‘tarinki ruhda o‘tishiga xizmat qilmoqda.  Vatandoshlarimiz bugungi erkin ibodatlariga mamlakatimizdagi tinchlik-osoyishtalik, barqarorlik sabab bo‘layotganini chin dildan his etayotganlari tahsinga sazovor.

 

Muzaffar KOMILOV,

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi

Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari

Manba: “Yangi O‘zbekiston” gazetasi

2021-yil 15-aprel, №75 (331)


Print   Email