Ramazon – ma’naviy yuksalish oyi

Ramazon – ma’naviy yuksalish oyi

Inson ruhiyatini o‘rgangan mutaxassislar e’tiroficha, ruhiy baquvvatlik hayotning turli mashaqqatlarini yengib o‘tishda, hatto og‘ir kasalliklarga davo topishda yuksak ahamiyat kasb etar ekan.

Ramazon ro‘zasining fazilatlari bisyor. Ulardan muhimi, ruhan poklanish, qalban ulg‘ayishdir.

Inson ma’naviyati uning ichki olamini ifoda etuvchi tushuncha. Odamning ichki dunyosi qalb pokligi, ruh osoyishtaligi, dil musaffoligi, vijdon uyg‘oqligi kabi ulug‘ fazilatlar bilan butunlik kasb etadi. Ma’naviy barkamollikka erishishda Ramazon oyi benazir ahamiyatga ega.

Ro‘zaning asosiy shartlari ma’lum: sahardan shomgacha taom yeyish, ichimlik ichish va shahvatdan tiyilish. Mazkur shartlar bajarilsa, ro‘za tutilgan bo‘ladi. Ulamolar ro‘za tutishda uning faqat asosiy shartlari bilan qanoatlanib qolishi ro‘zadan kutilgan maqsad-muddaoni hosil qilmasligini ta’kidlagan va bu ma’noga payg‘ambarimiz Muhammad alayhis-salomning quyidagi mazmundagi hadislarini dalil qilib keltiradilar:

«Shunday ro‘zadorlar borki, ularning ro‘zadan oladigan nasibasi faqat ochlik va tashnalikdir». Ro‘za nafaqat yeyish va ichishdan, balki dil va tilda sodir bo‘ladigan illatlardan, xatti-harakatlarda gunoh va ma’siyatlardan tiyilishdir. Dilozorlik, tilozorlik, g‘iybat, ig‘vo, yolg‘on, tuhmat, bo‘hton, makr-hiyla, firib, kibr, g‘azab, hasad, fitna kabi illatlardan tiyilish ro‘za barkamolligiga olib boradi. Aksincha bo‘lsa, hadisi sharifda ta’kidlanganidek, ochlik va tashnalikdan boshqa natija hosil bo‘lmaydi.

Xalqimizda "To‘qlikka sho‘xlik" degan ibora bor. Bu bejiz emas. Sababi, hikmat olimlari ko‘plab xatolar, yanglishish va nuqsonlar, hatto gunoh va ma’siyatlar to‘qlik paytida sodir bo‘lishini ta’kidlagan. Ochlik va tashnalik ojizlik, kamtarlik, bandalik xususiyatlaridandir. Inson och va tashna holida o‘zining Yaratganga muhtojligini his qila boshlaydi. Ochlik va tashnalikka tez-tez uchraydigan kambag‘al va bechorahollarning holatini qalban sezadi. Yuragida ularga nisbatan mehr tovlana boshlaydi. Bu mehr ulg‘ayib, nafaqat muhtojlarni, balki insoniyatni, nafaqat insoniyatni, balki hayvonot, nabotot – o‘simliklarni, jamodot – jonsiz jismlarni ham qamrab oladi. Bu holatda inson qalbida hikmat bulog‘i qaynaydi. Hayotning asl mohiyatini anglaydi. Qalbi ma’nolar dunyosiga, zavq va shavq olamiga g‘arq bo‘ladi. Insonni ezgulikka boshlaydigan barcha kitoblarning asosiy qismi sahar vaqtida yozilgani ham shundan. Sahar vaqtida tana bedor, vujudga non-choy kirmagan, ruh osoyishtaligi ta’minlangan onlar aynan ijod mahalidir. Bu ko‘plab olimlar, ziyolilar, yozuvchi va shoirlar tomonidan e’tirof etilgan haqiqat. Muqaddas Qur’oni karimning aynan Ramazonda, ham dillar erib, vujud poklanib, qalblar ma’rifatga tashna bo‘ladigan onlarda nozil qilinishi bejiz emas.

Ramazon – tarbiya oyi. Aynan ro‘za inson kamolotiga to‘sqin bo‘ladigan turli illatlardan qutulish imkonidir. Insonning o‘z ixtiyori ila yuzaga kelgan ochlik va tashnalik tananing ruhga qaram bo‘lgan g‘animat mahalidir. Ruhiy ustunlikni his qilgan onlarda ma’naviy barkamollik haqida tafakkur qilishimiz osonlashadi, ilm-ma’rifatga bo‘lgan e’tiborimiz oshadi, qalblarimiz hikmat oshig‘iga aylanadi. Buyuk vatandoshimiz Burhoniddin Marg‘inoniy nafaqat fiqh - islom huquqi, balki dunyo xuquqshunoslik xazinasining nodir gavhari bo‘lgan – «Al-Hidoya», ya’ni «To‘g‘ri yo‘l» asarini 13 yil davomida muttasil ro‘za tutib yozganlari mashhurdir. «Hidoya» asari so‘zlarining ozligi va sozligi, ya’ni oz so‘zlar orqali ko‘p ma’nolarni qamrab olgani bilan asrlar davomida olimu ulamolar, fozilu fuzalolarning nazarida bo‘lgan. Turli tillarga tarjima qilingan. Nufuzli oliy o‘quv yurtlarida ayni paytda ham darslik sifatida o‘rganiladi. Sodda ifoda etganda, «Hidoya» asari ro‘za hikmatini o‘zida namoyon qilgan noyob asardir. Inson qalbi vujud ochligi va tashnaligida hikmat bulog‘i bilan to‘lib-toshishining yorqin ifodasidar.Ramazonning asl mazmuni, hikmati va ma’nosi ma’naviy illatlardan, ma’naviy kasalliklardan qutulish uchun bebaho fursat ekanidir. Ramazon so‘zining mazmuni ham arab tilidan tarjima qilinganida «qattiq issiq», «kuydiruvchi issiq» ma’nolari beradi, bu oy insonning gunoh va nuqsonlari kuyib ketishini anglatishini olimlar qayd etganlar. Payg‘ambarimiz Muhammad alayhis-salom bu borada: «Kim yolg‘on gapirishni va unga amal qilishni qo‘ymasa, uning taomi va ichimligini tark qilmog‘iga Allohning ehtiyoji yo‘q» deya marhamat qildilar. Hadisdagi nozik nuqta shundaki, aslida Alloh taolo behojat zotdir. Moturidiya aqidasi bo‘yicha Allohning hech narsaga ehtiyoji yo‘q. Balki barcha narsa unga muhtojdir. Ro‘zaning ma’naviy jihati muhimligiga sabab Payg‘ambar alayhis-salom yolg‘onni tark qilishni Allohning ehtiyoji demoqda. Ya’ni Allohning rizosi, amri yolg‘onni va unga amal qilishni tark qilishdadir. Bundan Ramazon ro‘zasini tutishda turli ma’naviy illatlardan, ayniqsa, yolg‘onchilikdan tiyilish naqadar muhimligi kelib chiqadi.

Ro‘zadan maqsad yolg‘onchilik va undan kelib chiqadigan xiyonat, makr, hiyla, ikkiyuzlamachilik, munofiqlik, kazzoblik kabi jamiyat barqarorligiga raxna soladigan, insonlar orasini buzadigan, savdo-sotiqni, kasbu kor, tijorat va ziroat mahsulini haromga aylantiradigan, yer yuzida fasod va buzg‘unchilik yoyilishiga sabab bo‘ladigan illatlardan xoli bo‘lishdir.

Ro‘zadan maqsad insonni ikki dunyo saodatiga yetaklaydigan, insonlar orasini isloh etadigan, hayotga, ertangi kunga ishonchni mustahkamlaydigan, qalblarga orom, ruhiy osoyishtalikni ta’minlaydigan rostgo‘ylik, sadoqat, vafodorlik, omonatdorlik, halollik kabi fazilatlarni kamolga yetkazishdir. Agar yolg‘on va uning turli ko‘rinishlari, yolg‘ondan kelib chiqadigan illatlar tark qilinmas ekan, ochlik va tashnalikdan foyda yo‘qdir.

Ramazon – inson ma’naviy yuksalishga erishishi uchun yilda bir keladigan g‘animat fursatdir. Undagi ma’no gavharlari qalblarimizni munavvar etishiga, xonadonlarimizni ziyoga to‘ldirishiga tilakdoshmiz. Ma’naviy yuksalish yurtimizning yuksalishiga hamohang bo‘lib, Vatanimizdagi tinchlik va osoyishtalik barqaror, xalqimiz farovonligi bundanda taraqqiy topgusidir.

 

Saidafzal Saidjalolov,

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi katta o‘qituvchisi,

"Ma’rifat" targ‘ibotchilar jamiyati a’zosi.


Print   Email