Ozodlikni qadrlashni o‘rgandim

Ozodlikni qadrlashni o‘rgandim

Minnatdorlik

Prezidentimizning mustaqilligimizning yigirma to‘qqiz yilligi munosabati bilan e’lon qilingan farmoniga binoan muddatidan oldin ozodlikka chiqdim. Bilasizmi, dunyoda ozodlikdan ko‘ra ulug‘roq ne’mat yo‘q ekan. Buni jazoni ijro etish muassasalarida o‘tkazgan davrimda yana ham chuqurroq his qildim. O‘z qilmishimdan chin ko‘ngildan pushaymon bo‘ldim, qilgan xatomni takrorlamaslikka va’da berib, afv so‘radim.

Davlatimiz rahbari men kabi adashganlarni kechirib, to‘g‘ri yo‘lda yurishimiz uchun imkoniyat berdi. Uyimga, oila a’zolarim bag‘riga qaytdim. Xonadonim ostonasiga qadam qo‘yishim bilan o‘zimga so‘z berdim: endi faqat halol mehnat qilib oilamni boqaman, el-yurt koriga yaraydigan sadoqatli inson bo‘lib hayot kechiraman.

Ozodlikka chiqqanimdan so‘ng tuman hokimligi, “Ijtimoiy moslashuv” markazi xodimlari, imom-xatiblar kelib holimdan xabar olishdi. Oilaviy sharoitimizni ko‘zdan kechirib, barcha zarur sharoitlarni hozirlab berishdi. Hovlimizga darvoza, isitish qozoni o‘rnatildi. Bundan tashqari, xonadonimizga gaz o‘tkazildi. Ro‘zg‘orimga yordam bo‘lsin, deya to‘rt bosh qo‘y hadya qilindi. Uyimizni ta’mirlash uchun tuman hokimligi tomonidan mablag‘ ajratildi. Bu sa’y-harakatlar yurtimizda e’tibor va ko‘makka muhtoj aholi qatlamiga g‘amxo‘rlik ko‘rsatilayotganidan darak beradi. Ochig‘i, bunday e’tiborni ko‘rib, bu g‘amxo‘rlikka qanday javob beraman, degan savol menga tinchlik bermayapti. Qalbimga tugib qo‘ydim va ishga ham kirishdim: bundan keyin tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanib, yurtimiz rivojiga o‘z hissamni qo‘shaman.

Noto‘g‘ri yo‘lga kirib, panjara ortida o‘tkazgan kunlarim uchun juda pushaymonman, ota-onam, oilam yuzini yerga qaratganim uchun yuragim ezilyapti... Lekin asosiysi — xatolarimdan to‘g‘ri xulosa chiqardim, ko‘zim ochildi.

Shu o‘rinda menga bunday baxtni tuhfa etgan xalqparvar Prezidentimizga, uyimizdagi vaziyatdan doim xabardor bo‘lib turgan yaxshi insonlarga cheksiz minnatdorlik bildiraman.

Dilshod BEGMATOV

Toshkent tumani

Manba: “Yangi O‘zbekiston” gazetasi.

 


Print   Email