Onlayn darslar – zamon talabi

Onlayn darslar – zamon talabi

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi “Chet tillari” kafedrasi o‘qituvchilari hamda Janubiy Koreyaning Cheonan Xoseo universiteti o‘qituvchisi, dotsent Xyu Kartrayt bilan hamkorlikda “Ingliz tili darslarini onlayn tashkil etishning samarali yo‘llari” (How to conduct onlineEFL classess more effectively?) mavzusida vebinar o‘tkazildi.

Butun dunyoda bo‘lgani kabi O‘zbekiston Respublikasiga ham koronavirus pandemiyasining ta’siri va tarqalishini oldini olish maqsadida darslarni onlayn tashkil etish bugungi davr talabidir. Bu usul fan o‘qituvchilariga katta mas’uliyat yuklaydi va ularni uzluksiz ravishda o‘z ustida ishlash, turli zamonaviy yo‘llarni qidirish, zamonaviy axborot texnologiyalari yutuqlaridan keng foydalanish ko‘nikmalarini muntazam oshirib borishni talab etadi. Aynan, onlayn dars jarayoniga moslangan mashg‘ulotlar, ularning har xil interfaol va zamonaviy texnologiyalar jalb etgan holda tashkillashtirish, diqqatni jalb qilish texnikasi, gapirish ko‘nikmasini rivojlantirish uchun zamonaviy vositalar, bilimlarni uzatish va shu kabi ko‘plab usullar darsni samarali tashkil etishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Kafedra o‘qituvchilari Janubiy Koreyaning Cheonan Xoseo universiteti o‘qituvchisi, dotsent Xyu Kartrayt bilan hamkorlikda onlayn mahorat darsini tashkil etishdan asosiy maqsad -  pandemiya davrida onlayn darslarni samarali tashkil etish yo‘llarini muhokama qilish va bu usulni yanada chuqurroq egallash, amaliy mashg‘ulotlar saviyasini yuqori darajaga ko‘tarish, xorijiy tilni o‘qitishda doimiy ravishda duch keladigan so‘zlashish va munozara metodlarini yanada rivojlantirish va takomillashtirishdan iborat bo‘ldi.

Ushbu vebinar Xyu Kartrayt bilan hamkorlikda tashkil etilgani bejiz emas, albatta.  Chunki bu mutaxassisning sohadagi boy tajribasi O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi o‘qituvchilari uchun ham qo‘l kelishi tabiiy. Xususan, Xyu Kartrayt koronavirus pandemiyasi davrida ingliz tili kurslarini loyihalashtirish va yetkazib berish bo‘yicha professor yordamchisi, blended o‘qitish tizimi xos mutaxassisi, Global Ta’lim Markazi (GTM) uchun maxsus onlayn kurslarni yetkazib berishda katta ish tajribasiga ega mutaxassis hisoblanadi.

Shu qatorda dotsent Xyu Kartrayt hozirgi paytda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi ta’lim jarayonida keng qo‘llanib kelinayotgan onlayn Moodle platformasida ishlash bo‘yicha ham yetakchi mutaxassis sifatida maxsus sertifikatga ega.

Tashkil etilgan vebinar har tomonlama qiziqarli bo‘ldi. Unda akademiya o‘qituvchilari onlayn dars tashkil etish bo‘yicha yangicha usullar, zamonaviy talablar va takliflar, muhim, qiziqarli va dolzarb mavzular bo‘yicha yangi va zarur bilimlarni o‘zlashtirdi, sohaga oid yangiliklar va turli ma’lumotlar bilan tanishdi.

Endi akademiyaning ingliz tili o‘qituvchilari vebinarda olingan bilim va ko‘nikmalarni ish tajribasi jarayonida keng qo‘llash orqali talabalarga yanada chuqquroq bilim berishda qo‘llaydi.

          O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

              Matbuot xizmati


Print   Email